O‘zbekiston | 12:39 / 15.04.2021
15360
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metro stansiyasidagi elektron tabloga hakerlar hujum qildi - «O‘zbekiston temir yo‘llari»

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenidagi soat tablosida nojo‘ya so‘zlar yozilgani aks etgan videolavha tarqaldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ushbu holat yuzasidan izoh berdi.

Foto: Annette Riedl/DPA/Legion Media

Ma'lum qilinishicha, holat yuzasidan ichki xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Unga ko‘ra Sergeli yo‘nalishining “3-Bekat” stansiyasidagi vaqtni ko‘rsatuvchi soat tablosida 12 aprel kuni soat 16:40da hakerlar tomonidan kiberhujum (buzib kirish) sodir bo‘lgani aniqlangan.

“Ushbu darcha elektron tizimli bo‘lib, Wi-Fi orqali boshqariladi. Hujum qilganlar soatga o‘rnatilgan parolni buzib, unga nojo‘ya gapni harakatlanuvchi satrga joylashtirgan.

Ushbu yozuv 4 daqiqa ichida olib tashlangan. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan aybdorlar qidirilmoqda va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, “Toshkent metropoliteni” UK rahbariyati tomonidan telekommunikatsiya tarmog‘iga noqonuniy (sanksiyasiz) ulanishga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangani eslatib o‘tilgan.

Ma'lumot uchun, so‘nggi paytda metropoliten bilan bog‘liq ko‘plab holatlar yuz bermoqda. Avvalroq, Sergeli yo‘nalishida metro harakati texnik muammo sabab to‘xtab qolgan edi.

Biroz o‘tib esa, Chilonzor yo‘nalishida poyezd “Pushkin” bekatidan “Buyuk ipak yo‘li” bekatigacha eshikni yopmay harakatlangani to‘g‘risida videolavha tarqaldi va shundan so‘ng vagon eshigini yopilmagan holda harakatlangan poyezd mashinisti, elektr-chilangari va katta ustasi ishdan bo‘shatilgan edi.

Mavzuga oid