O‘zbekiston | 08:20 / 16.04.2021
6285
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda joriy yilning o‘tgan davrida noqonuniy oltin qazib olish bilan bog‘liq 22 ta holat aniqlangan

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatidagi tashlandiq oltin konida noqonuniy ishlar kuzatilayotgani, IIB va prokuratura ushbu holatga e'tibor qaratishi zarurligi haqidagi video lavha tarqaldi. 

Mazkur video lavhaga viloyat IIB munosabat bildirdi. Ma'lum qilinishicha, Xatirchi tumani Zarafshon, Tinchlik, Kattasoy, Qoracha, Chang‘ir, Quchchi, Alisher Navoiy, Maydonsoy, Oltinsoy, Angidon va Baxshijar mahallalarining tog‘li hududlarida hamda aholi xonadonlarida muntazam ravishda tezkor tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.
 
Shunday tadbirlar jarayonida 2020 yil davomida 112 ta, joriy yilning o‘tgan davrida esa 22 ta holatda noqonuniy ravishda tarkibida tilla zarralari mavjud bo‘lgan qum va toshlarni qazib olish hamda qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi shaxslar aniqlangan. Ushbu shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortilgan va ular foydalanib kelgan daliliy ashyolar davlat foydasiga musodara qilingan.

Ta'kidlanishicha, 2021 yilning 9 fevral kuni tuman hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida 9 ta holat aniqlangan. Jarayonda 6 ta tosh tegirmon, 1 ta dvijok, 9 ta dvigatel, 50 metr kabel, 182 qopga solingan tilla zarralari bo‘lgan tosh-qum, 4 dona tosh maydalagich uskunasi, 1 dona bolgarka, 1 ta tegishli hujjatlari bo‘lmagan «Moskvich-412» mashinasi, 160 dona har biri 20 litr hajmdagi polietilen idishga solingan kislotaga o‘xshash suyuqlik va boshqa buyumlar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan.

Navoiy viloyat IIBga ko‘ra, video lavhada ko‘rsatilgan hududni aniqlash hamda ushbu manzilda tezkor tadbir o‘tkazish bo‘yicha tuman IIB, shuningdek boshqa mutasaddilarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berilgan.

Mavzuga oid