Samarqandda tilla koni shaxtasidan ikki kishining jasadi topildi
Ular konga kon ishchilari maxsus kiyimida noqonuniy kirgan shaxslar ekani aytilmoqda. Halok bo‘lganlarning yonida 2 ta qopda tarkibida oltin bo‘lgan ma’dan toshlari aniqlangan.
Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani hududida joylashgan Zarmitan tilla koni shaxtasi yuklash punktiga borish yo‘lida ikki nafar yigitning og‘ir tan jarohati olgan holatdagi murdasi topilgan.
Halok bo‘lgan yigitlardan biri 1999 yil, ikkinchisi 2003 yilda tug‘ilgan bo‘lib, ular Qo‘shrabot tumani Mayintepa qishlog‘ida yashagan.
Bosh prokuratura matbuot kotibining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hodisa 2023 yil 28 iyun kuni sodir bo‘lgan. Yigitlar kon ishchilari kiyimida bo‘lishgan va ularning yonida 2 qopda 94 kilogramm og‘irlikdagi ma’dan toshlari bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, yigitlar konga tarkibida oltin bo‘lgan ma’danli toshlarni talon-toroj qilish uchun noqonuniy ravishda kirgan. Ularni yuklash punktiga borib qaytayotgan yerosti o‘ziyurar mashina operatori aniqlagan.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, konga noqonuniy kirgan yigitlarni o‘ziyurar mashina operatori bosib o‘tgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki o‘ziyurar mashina kabinasi uning yon tomonida joylashgan va yigitlar mashina harakat yo‘nalishining qarama-qarshi yon tomoni operator ko‘rish radiusidan tashqarida qolgan bo‘lishi ehtimoli ham bor.
Hodisa joyiga tezkor-tergov guruhi a’zolari hamda Qizilqum kon texnika inspeksiyasi mutaxassislarining chiqishi ta’minlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024