O‘zbekiston | 17:19 / 17.04.2021
3217
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 72 yoshli qariyaga og‘ir tan jarohati yetkazib bosqinchilik sodir etganlar ushlandi

Jizzax shahridagi xonadonlardan biriga bosqinchilik uchun kirib, 72 yoshli qariyaga og‘ir tan jarohati yetkazgan va yirik miqdordagi pullarni olib ketgan shaxslar ushlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 16 mart kuni kechqurun soat 21:00 atrofida, Jizzax shahri Oqqo‘rg‘onlik mahallasida yashovchi fuqaroning uyiga 2 nafar bosqinchi kirib, uy egasi va uning qarindoshini qattiq jism bilan kaltaklab, ulardan pul talab qilgan. So‘ng xonadondagi temir seyfni buzib, 60 million so‘m va 20 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni olgan.

Ular 72 yoshli xonadon egasi va uning yonida bo‘lgan shaxsga turli darajadagi og‘ir tan jarohatlari yetkazishgan va xonadonda bo‘lgan videokuzatuv kameralari xotirasini olib ketishgan.

Qayd etilishicha, hodisadan xabar topgan zahoti IIB xodimlari tomonidan holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tezkor qidiruv tadbirlari boshlab yuborilgan. Voqea joyida qoldirilgan barmoq izi orqali bosqinchilardan birining iziga tushishga muvaffaq bo‘lingan.

Olib borilgan dastlabki surishtiruv va tergov harakatlari davomida jinoyat Sharof Rashidov tumanidagi Ravalliq va Samarqand quduq mahallalarida yashovchi shaxslar tomonidan sodir etilgani aniqlangan va bosqinchilar qo‘lga olingan.

Ta'kidlanishicha, bosqinchilardan biridan 16 900 dollar 6,64 million so‘m, boshqasidan 300 dollar 1,9 million so‘m va jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan pul evaziga olingan qurilish mahsulotlari hujjatlashtirib olingan.

Aniqlanishicha, bosqinchilar sirlari oshkor bo‘lmasligi uchun jabrlanuvchilarning qoni tekkan kiyimlarni dalaga olib chiqib, yoqib yuborishgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda viloyat IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu bosqinchilikka aloqador bo‘lgan 5 nafar shaxsga nisbatan protsessual tartibda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mavzuga oid