Rossiya FXX Belarusda davlat to‘ntarishining oldi olinganini ma'lum qildi
Ma'lumot berilishicha, Belarus va AQSh fuqaroligiga ega Yuriy Zyankovich va Belarus fuqarosi Aleksandr Feduta “rangli inqilob” ssenariysi bo‘yicha harbiy davlat to‘ntarishini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan.
Rossiyada davlat to‘ntarishi va Belarus prezidentini o‘ldirishga uringanligi uchun ikki nafar belaruslik shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya federal xavfsizlik xizmatiga tayanib “Interfaks” xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Rossiya FXX va Belarus davlat xavfsizlik qo‘mitasining birgalikdagi operatsiyasi chog‘ida Belarus va AQSh fuqaroligiga ega Yuriy Zyankovich va Belarus fuqarosi Aleksandr Feduta qo‘lga olingan.
Ma'lumot berilishicha, ular “rangli inqilob” ssenariysi bo‘yicha harbiy davlat to‘ntarishini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rishgan.
"Harbiy to‘ntarishni amalga oshirish uchun 9 mayda Minskda o‘tkaziladigan g‘alaba paradi kuni tanlangan”, deyiladi xabarda.
Rossiya FXXning xabariga ko‘ra, Zyankovich AQSh va Polshada konsultatsiya olganidan so‘ng Moskvaga kelgan va poytaxtdagi restoranlardan birining alohida xonasida Feduta bilan uchrashgan.
Qayd etilishicha, ular davlat to‘ntarishi rejasini batafsil ishlab chiqishgan. Rejaga ko‘ra, prezident lavozimini yo‘q qilish orqali konstitutsion tuzumni o‘zgartirish va mamlakatni “Milliy yarashish qo‘mitasi” orqali boshqarish ko‘zda tutilgan.
"Bunda Zyankovich parlament va huquq tizimi “kuratori” bo‘lishi, Feduta esa siyosiy islohotlar va mafkuraviy ishlar bilan shug‘ullanishi rejalashtirilgan", - deyiladi xabarda.
Ularning uchrashuvi hujjatlashtirilganidan so‘ng Rossiya xavfsizlik organi xodimlari Zyankovich va Fedutani qo‘lga olgan hamda belaruslik hamkasblariga topshirgan.
Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilmoqda.