O‘zbekiston | 16:03 / 19.04.2021
7995
2 daqiqa o‘qiladi

DSQ tijoriy faoliyat huquqini olmoqchi. SSP bunga qarshi chiqdi

Soliqchilar tadbirkorlarning soliqqa oid bo‘lmagan ma'lumotlarini jamlab, tijoriy maqsadda sotishi tadbirkorlar huquqlariga zid, deya Davlat soliq qo‘mitasining taklifiga qarshi chiqdi Savdo-sanoat palatasi.

Davlat soliq qo‘mitasi ishlab chiqqan «Uchinchi shaxslarga soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazildi, deb ma'lum qildi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

Loyiha bilan DSQga tadbirkorlik sub'yektlariga oid ma'lumotlarni tijoriy maqsadlarda realizatsiya qilish, ya'ni soliqchilarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqini berish taklif etilmoqda.

«Ta'kidlash lozimki, Davlat soliq qo‘mitasi tizimi soliq tizimida yagona siyosat olib borishga yo‘naltirilgan. Biroq soliqqa daxldor bo‘lmagan ma'lumotlarning davlat soliq organlari tomonidan jamlanishi va yuritilishi, qolaversa ushbu ma'lumotlarning davlat-xususiy sheriklik orqali taqdim qilinishi mazkur soha bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan boshqa tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari cheklanishiga olib kelishi mumkin.

Ya'ni ushbu faoliyat ham tijorat faoliyati bo‘lgani bois, uni amalga oshirish huquqini to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat organiga berish maqsadga muvofiq emas.

Shu sababdan ma'lumotlarni davlat organi tomonidan faqatgina ochiq e'lon qilinishini, ularni qayta ishlab, tahlil qilgan holda uchinchi shaxslarga shartnoma asosida taqdim qilish tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan amalga oshirilishini nazarda tutish lozim», – deyiladi Savdo-sanoat palatasi xulosasida.

Palataning bildirishicha, yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyihani mazkur tahrirda qabul qilish maqsadga muvofiq emas.

Avvalroq, SSP noqonuniy imoratlarni sud qarorisiz buzish bandi kiritilgan qaror loyihasiga qarshi pozitsiya bildirgan edi.

Shuningdek, palata «Yoqilg‘i-energiya resurslaridan yanada samarali va oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan, 2025 yilgacha issiqxona va gaz quyish shoxobchalari qurilishiga yer ajratmaslik taklifiga ham ko‘nmagandi.

Mavzuga oid