Iqtisodiyot | 19:53 / 23.04.2021
8532
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank: 5 foizlik inflatsiya O‘zbekiston uchun eng ma'qul ko‘rsatkich

Ayni paytda Rossiyada inflatsiya darajasi 5 foiz, Qozog‘istonda 7 foiz atrofida, O‘zbekistonda esa 10,9 foizni tashkil etmoqda.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev bugungi O‘zbekiston iqtisodiy holati uchun necha foizlik inflatsiya yaxshi ko‘rsatkich bo‘la olishini aytdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Hamroyevga ko‘ra, 5 foizlik inflatsiya respublika iqtisodiy samaradorlikka erishishi uchun normal ko‘rsatkich hisoblanadi. 

«Odamlarning samarali turmush tarziga ta'sir qiladigan iqtisodiy o‘sish uchun inflatsiya ma'lum bir me'yorda bo‘lib turishi kerak. U bizda necha foiz bo‘lishi kerak, degan savol berilsa, buni avvalo, kimlar bilan taqqoslash kerakligiga e'tibor qaratiladi.

Birinchi o‘rinda asosiy savdo hamkorlaringiz bilan solishtirib ko‘rishingiz lozim. Bizning asosiy savdo hamkorlarimiz Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya davlatlaridir. Masalan, Rossiyada pandemiya davrida yillik inflatsiya 5 foiz atrofida ko‘tarilgan bo‘lsa, undan avval 4 foiz bo‘lgan. Qozog‘istonda ham 4-6 foiz atrofida bo‘lgan. Hozirda 7 foiz.

O‘ylaymanki, O‘zbekistonda 5 foizlik inflatsiya darajasi eng ma'qul ko‘rsatkich bo‘ladi. Bu savdoda ham, ishlab chiqarishda ham samaradorlikni ta'minlashga yordam beradi.

Endi 5 foizga qanday qilib erishamiz, deyilsa, bu bo‘yicha prognozlarimiz o‘tgan yili e'lon qilingan. 2023 yil oxirida 5 foizga erishish chorasi ko‘riladi.

Markaziy bankning maqsadi inflatsiyani 5 foizga tushirish. Lekin buni keyingi yilda ham bu darajaga tushirish imkoniyati bor, harakat qilish mumkin. Ammo iqtisodiy o‘sish va faollikni, ish o‘rinlari va daromadlarning saqlab qolinishidagi muvozanatni ta'minlash zarur. Shu bois inflatsiya darajasini ko‘zlangan foizga tushirish uchun 2023 yil belgilangan», dedi Behzod Hamroyev Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishi yakuniga oid matbuot anjumanida.

Avvalroq, 2021 yilning mart oyida yillik inflatsiya o‘sish sur'ati 10,9 foizga yetgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida inflatsiya darajasi 0,6 foizni, yillik inflatsiya esa 11,4 foizni tashkil etgandi.

Markaziy bank 2021 yilda inflatsiya darajasi 9–10 foiz bo‘lishini prognoz qilgan.

Mavzuga oid