Jamiyat | 17:17 / 26.04.2021
5327
2 daqiqa o‘qiladi

Yilning birinchi choragida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida 100 mingdan ortiq qonun buzilishi aniqlandi

Agentlikning ma'lum qilishicha, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan eng ko‘p qonun buzishlar kommunal tashkilotlar, sog‘liqni saqlash, kadastr, soliq va qurilish organlarida qayd etilgan.

Davlat xizmatlari agentligining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yilning 1-choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida 108 mingdan ortiq qonun buzilishlar aniqlangan. Shundan, 79 mingdan ortiq muddat buzilishi, qariyb 20 mingga yaqin to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat xizmati ko‘rsatish va 1 129ta holatda ortiqcha hujjat talab qilish holatlariga to‘g‘ri kelgan.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan eng ko‘p qonun buzilish holatlari kommunal tashkilotlar (88 509 ta), sog‘liqni saqlash muassasalari (6 199 ta), kadastr organlari (3 831 ta), davlat soliq organlari (1 405 ta) va qurilish organlarida (1 369 ta) qayd etilgan.

Ma'lum qilinishicha, aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ogohnomalar, taqdimnomalar kiritilgan. Natijada 356 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, ulardan 20 nafar shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etildi, shuningdek 922 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy jarima jazosi qo‘llandi.

Shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, «O‘zarxiv» agentligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, «Hududgazta'minot» AJ, «O‘zsuvta'minot» AJ, tug‘ruqxona va shifoxona tug‘ruq bo‘limlari Davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlarini o‘z vaqtida joriy etish choralarini ko‘rmagan. Natijada, qayd etilgan idoralarning mas'ul xodimlari ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Mavzuga oid