Jamiyat | 16:37 / 01.06.2021
7688
2 daqiqa o‘qiladi

«Mehr-5» operatsiyasida O‘zbekistonga olib kelingan bolalarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar berildi

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida «Mehr-5» operatsiyasida Suriyadan O‘zbekistonga olib kelingan 45 nafar bolaga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar rasmiylashtirilib berildi. Shuningdek, yana 24 nafar bolaga birlamchi olingan guvohnomalariga so‘rovnomalar jo‘natilib, boshqa viloyatlardan takroriy guvohnomalar olishi ta'minlangan.

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, bolalarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni topshirish uchun Chirchiq shahar IIB, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi, vasiylik va homiylik organlari, psixologlar hamda tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ish olib borilgan.

Shuningdek, sanalarga aniqlik kiritish uchun «Mehr-5» operatsiyasi doirasida olib kelingan ayollar bilan farzandlarining tug‘ilgan kuni, oyi va yillari bo‘yicha suhbatlar olib o‘tkazilgan, tibbiy ma'lumotnomalari bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 30 aprel kuni O‘zbekiston hukumati «Mehr» seriyasidagi beshinchi maxsus operatsiyani o‘tkazdi. Tadbirda Suriyadagi urush nuqtalariga borib qolgan, «Al-Hol» lagerida 3 yildan ko‘proq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol va 69 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgan edi.

Mavzuga oid