O‘zbekiston | 08:49 / 27.04.2021
2719
2 daqiqa o‘qiladi

“Qilayotgan ishimdan xijolat bo‘lmayman” - Obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi bilan suhbat

Foto: KUN.UZ

Ko‘cha-ko‘yda deyarli har kuni Obodonlashtirish boshqarmasi ishchilariga ko‘zimiz tushadi. Ular issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, atrof obodonlashishiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda. Soha xodimlarining parvarishi ostida gullar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turadi. Umida Mamasiddiqova bir necha yildan buyon Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasida faoliyat yuritib keladi.

«Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasida 6-7 yildan buyon  gulchi bo‘lib ishlayman. Ochiq havoda chiroyli gullar ekib, ularni parvarishlab yuramiz. Qilayotgan ishim bilan yurtimiz chiroyiga ko‘rk qo‘shib kelayotganimdan xursandman.

Ishimiz ortidan bola-chaqa boqyapmiz. Xudoga shukur, to‘ylar qildik, qiz chiqardik, kelin oldim, nevara ko‘rdim.

Ishimdan sirayam nolimayman. Ertalab 8 da ishimiz boshlanadi. Soat 16 gacha gullarni parvarish qilib yuramiz. Ishdan keyin ham uyga borib xonadon yumushlarida kelinlarimga yordamlashaman.

1 mln 300 ming so‘mdan ortiq oylik maosh olaman. Bundan tashqari, mukofot pullari beriladi. Barakasini bersin, oylik maosh yetyapti. Xudoga shukur, bo‘sh qolmaymiz. Boshliqlarimiz har doim ish topib beradi. Ish bor ekan, qimirlab turibmizki, qora qozonimiz qaynayveradi. Kasbingizni sevsangiz, ishning qiyinchiligi bo‘lmaydi.

Qilayotgan ishimdan aslo xijolat bo‘lmayman. Quda-andalarim ham qilayotgan ishimni ko‘rib-bilib turib qiz berishdi. Qizimni olishdi, mehnatning aybi yo‘q», — deydi biz bilan suhbatda Umida opa. 

Sarvar Ziyayev

Mavzuga oid