O‘zbekiston | 10:49 / 28.04.2021
3106
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda fermerlar va aholining pulini talon-toroj qilgan bank xodimlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: KUN.UZ

Navoiy viloyatida fermerlar va aholining pulini talon-toroj qilgan bank xodimlariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Karmana tuman bo‘limi tomonidan ATB «Mikrokreditbank» Karmana filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, filialning sobiq yetakchi mutaxassisi F.F. va «L.B.» MChJ, «Z.Ch.» fermer xo‘jaligi rahbarlari fuqarolar nomiga ularning xabardorligisiz jami 175,5 million so‘m imtiyozli kreditni rasmiylashtirib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, Departamentning Xatirchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Asakabank» AJning Navoiy filiali mutaxassisi Sh.Sh. va boshqalar 191ta holatda mijozlardan qabul qilingan 142,9 million so‘mni kredit qarzdorligini so‘ndirishga yo‘naltirmasdan, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib talon-toroj qilgani ma'lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid