Jamiyat | 17:25 / 28.04.2021
66994
12 daqiqa o‘qiladi

«San'atkor uchun eng pik daraja to‘yga chiqish bo‘lib qoldi» - Alisher Uzoqov shov-shuvli intervyu berdi

Ayni damda Dubayda yashab ijod qilayotgan o‘zbekistonlik aktyor Alisher Uzoqov shov-shuvli intervyu berdi. U nega kinolarda rol o‘ynamayotgani, Jaloliddin Manguberdi haqidagi serialda sinovdan o‘tib Turkiyaga borgani, lekin nega filmda ishtirok etmagani, o‘zbek san'atining maydalashib borayotgani haqida gapirdi.

Foto: YouTube/Intervyu TV

Kun.uz Feruz Muhammad muallifligidagi «Intervyu TV» YouTube-kanalida e'lon qilingan suhbatning ba'zi qismlarini keltiradi.

«Yurtimizdagi san'atdan ko‘nglim to‘lmadi»

Jurnalist Uzoqovdan nega oxirgi vaqtda o‘zbekistonlik aktyorlar boshqa davlatlarga ketib, san'atdan tashqari ishlar bilan shug‘ullayotganini so‘raganda (misol tariqasida Ulug‘bek Qodirov, Akbarxo‘ja Rasulov, Gulchehra Eshonqulova hamda Sohib Abbosxon keltirilgan), aktyor mamlakatdagi san'at olamidan ko‘ngli to‘lmayotganini aytgan.

«Boshqalar uchun javob bera olmayman, lekin o‘zimning ketishimga sabab shuki, hozirgi kunda yurtimizdagi san'atdan ko‘nglim to‘lmadi. Ko‘pchilik meni xuddi kasbiga xiyonat qildi, degandek «tashlab ketdi», deyapti. Lekin men aynan kasbimga bo‘lgan hurmatim sabab ketdim. Agar men kasbimni hurmat qilmaganimda, ko‘rsatuvlarda chiqib, saviyasiz filmlarda o‘ynab yuraverishim mumkin edi. Bizda reytingni ushlab turish qiyin emas: yiliga ikkita saviyasiz kinoda chiqasiz, saviyasiz serialda rol o‘ynaysiz, saviyasiz ko‘rsatuvda chiqasiz, odamlar sizni ko‘rib tursa bo‘ldi. To‘ylarga chiqish mumkin. Balki men adashayotgandirman, lekin to‘g‘risi, saviya juda pasayib ketdi. Bu narsalarni o‘zimga ep ko‘rmadim. Men 4 yoshligimdan aktyorlikka «bemor bo‘lganman», bu kasbni yaxshi ko‘raman. Bilasizmi, yoshligimdan bu kasbda ishlayotganlar kasbiga fidoyi bo‘ladi, deb o‘ylardim, lekin adashgan ekanman, unaqa emas ekan.

Bir kuni qiziq voqea bo‘ldi. Bir xalq artistining oldiga ijodiy taklif bilan bordim. Keyin u evaziga konsertida chiqib berishimni so‘radi: «Konsertimda chiqib mashhur bo‘lasan, keyin to‘ylarga chiqasan», dedi. Bu gapdan juda xafa bo‘ldim. Bu men uchun fojia. O‘zbekiston xalq artisti san'atkor uchun eng pik daraja to‘yga chiqish ekanini tasdiqlab turishi tragediyaning o‘zginasi. San'atimizning eng katta muammosi mana shu, men sizga aytsam.

Xuddi o‘sha davrlarda yana bir xalq artisti bilan boshqacha voqea sodir bo‘ldi. Ustozimiz Yodgor Sa'diyevni teatrda ko‘rib qoldim. U kishi menga «Maydalashma», dedi-da qattiq gapirdi. Televideniyeda chiqib yurganimni nazarda tutib tanbeh berdilar. Agar to‘yga chiqsang..., deb meni so‘kdilar. Ha, aynan so‘kdilar. Endi qarang, bir xalq artisti menga yaxshi gapirib, mashhur bo‘lsang, to‘yga chiqasan deyapti-da, bu gapdan xafa bo‘lyapman, boshqa bir aktyor to‘yga chiqsang, xafa qilaman, deb so‘kyapti-yu, bu gapdan xursand bo‘lyapman. Shunchaki san'atkorlar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatmoqchiman.

Hozir men bir-ikki gap bilan nima qanday bo‘lishi kerakligini tushuntirib berolmayman, bu narsalar tartibga kelishi uchun butun boshli tizim kerak. Lekin bir narsa aniqki, kasbga nisbatan hurmat bo‘lishi kerak, pulning ketidan quvib, kasbni behurmat qilish kerak emas. Eng afsuslanarlisi shundaki, bizda o‘rnak bo‘ladigan san'atkorlik maktabi bor edi va u buzildi. Bizdagi teatr, kino, dublyaj butun sovet ittifoqida tan olingan, butun O‘rta Osiyoda tan olingan. Bizdagi bor maktab yo‘qotildi, shartta «uzib tashlandi». Hozir san'atkorlarga kim ta'lim beryapti, qayerdan olib ta'lim beryapti, bu bilan kimdir qiziqadimi? Ta'limni kuchaytirish kerak. Hozir imkoniyat juda katta, lekin bu imkoniyatdan deyarli foydalanilmayapti. Bizda ko‘pchilik yengil yo‘lga o‘tib ketdi, prinsiplariga sodiq qoladiganlar kam».

Alisher Uzoqov televideniyedagi faoliyatini ham eslab, «Zo‘r TV» u uchun qadrdon joy bo‘lib qolganini ta'kidlagan. Shuningdek, aktyor TVda o‘ziga nisbatan qo‘llab-quvvatlov sezmaganini eslagan. Uning aytishicha, telekanalda ko‘p pul topish uchun ishlamagan va bir oyda 7 million so‘m atrofida maosh olgan. Aktyor dublyaj sohasining kamchiliklari haqida ham gapirib, aktyorlar dublyaj uchun kulgili miqdorda kam pul olishini aytgan.

Jaloliddin Manguberdi haqidagi serialda nega rol o‘ynamagani haqida

Alisher Uzoqov Jaloliddin Manguberdi haqidagi filmda rol o‘ynash uchun saralab olingan aktyorlar qatorida bo‘lgan va u ham ijodiy guruh bilan birga Turkiyaga borgan, biroq rol o‘ynamagan. Uzoqov buning sababini tushuntirdi: «U yerga borish uchun katta kasting bo‘ldi, rahmat bizni tanlab olishdi. Maqsad o‘zbek xalqining tarixini dunyoga ko‘rsatish edi. U yerda bizga sharoit juda yaxshi edi.

Biroq ijodiy masala meni bezovta qildi. Avvalo turk aktyorlarining bizga bo‘lgan munosabati yoqmadi. Bizga past nazar bilan, bular aktyor emas, deganday qarashdi. Keyin ssenariy masalasi. Borganimizda ssenariyning o‘zi yo‘q edi, keyin tayyorlab berishdi, o‘qidik. Menga Qilich degan rolni berishdi (Jaloliddin Manguberdining tansoqchisi). Rejissyorga bu rol menga yoqmayotgani, unda hech qanday obraz yo‘qligini aytdim, bu qanday obraz ekanini tushuntirib berishini so‘radim, hatto Qilich qaroqchi bo‘lishi borasida taklif ham berdim. Boshida taklifni qabul ham qilishdi, lekin keyin rejissyor o‘zgarib ketdi.

Albatta, bu katta loyiha, uning tepasida katta odamlar turgandi, gap yo‘q, lekin men Turkiyaga shunchaki ot choptirib kameraga tushish uchun bormaganman-ku. Birinchi navbatda aktyorman, menga rol beringlar, dedim. Ular menga «Har seriyada chiqasan», deyishdi. Turkiyaliklarning nazarida o‘zbek aktyorlari kameraning oldiga tiqilib, qanchalik ko‘p ko‘rinsa, shuncha xursand bo‘lib ketaveradi. Men har qismda emas, bitta qismda chiqay, lekin esda qolarli bo‘lib chiqay, dedim. Turklar ssenariyni o‘zgartirishni boplasharkan, har hafta ssenariy o‘zgaradi, olti oy davomida ikkinchi qismga o‘tilmadi, faqat birinchi qism o‘zgardi».

O‘zbek aktyorlari qancha gonorar olishi kerak?

Jurnalist suhbat davomida o‘z vaqtida prodyuser va rejissyor bo‘lib ishlagan Alisher Uzoqovdan hozirgi o‘zbek aktyorlari qancha gonorar olishi kerakligi haqida so‘ragan. Uzoqov so‘ralgan aktyorlar 6 oy davomida suratga olinadigan to‘liq metrajli filmdagi bosh rol uchun qancha gonorar olishi kerakligini chamalagan. Ulug‘bek Qodirov, Dilnoza Kubayeva, Yodgor Sa'diyev, Karim Mirxodiyev, Adiz Rajabov, Ra'no Shodiyeva kabi san'atkorlar to‘liq metrajli filmdagi bosh rol uchun Alisher Uzoqovning chamalashicha, O‘zbekiston sharoitida har oyda 10-15 ming dollar atrofida pul olishi kerak. Uzoqov bu pullar ayni damda o‘zbek kinosi uchun ertak ekanini ham qo‘shimcha qilgan. Aktyorning o‘zi esa eng ko‘p butun film uchun 7-8 ming dollar miqdorida gonorar olganini aytgan.

Alisher Uzoqov davlat buyurtmasi bilan olinadigan filmlarga ham munosabat bildirgan: «Albatta, davlat hammaga pulni tarqatib chiqishi kerak emas, kino shunday bo‘lsinki, hech bo‘lmasa, unga sarflangan xarajatni qoplasin. Mayli undan foyda chiqmasin, hech bo‘lmasa xarajatini qoplasin, asosiysi millatni targ‘ib qiluvchi mahsulot qoladi».

Prezidentga murojaat: Ma'murjon Uzoqov nomidagi bog‘ nega o‘zgartirildi?

Alisher Uzoqovdan uning bobosi Ma'murjon Uzoqov nomidagi bog‘ nega o‘zgarib ketgani haqida ham so‘ralgan. Aktyor bu savolga javob berar ekan, fursatdan foydalanib prezidentga murojaat qilishini aytgan: «Marg‘ilondagi bog‘ bobom Ma'murjon Uzoqov nomlarida edi. U yerda ko‘p yillik katta daraxtlar bo‘lar, yonidan soy oqib o‘tardi. Borgan odam xuddi Shveytsariyaga tushib qolgandek bo‘lardi. Hamma daraxtlarni chopib tashlashdi. Keyin bog‘ga Erkin Vohidov nomi berildi. Men shoirimizga xusumatim yo‘q, u kishini hurmat qilaman, lekin bog‘ni bobomning nomlariga qaytaraylik. Bog‘ o‘z nomlarida bo‘lishi bobomning oxiratlari uchun nimadir bermas, lekin u kishi o‘sha bog‘da qo‘shiq aytayotib vafot etganlar-da...».

Aktyorning aytishicha, hali o‘zining to‘liq imkoniyatlarini ochib bergan rol tugul, to‘liq ko‘ngli to‘lgan epizodni ham o‘ynamagan: «Mana men xohlagan narsa, deyishga arzigulik epizodni chiqarish uchun qiynalishni, rejissyor, operatorlar bilan birgalikda o‘sha qiyinchiliklarni bosib o‘tishni xohlayman», degan aktyor. Uning aytishicha, kinodan ketmagan va yaxshi rol bo‘lsa o‘ynaydi. O‘z navbatida bunday rol taklif qilinishiga ko‘zi yetmasligini ham qo‘shimcha qilgan.

Alisher Uzoqov bugungi katta avlod aktyorlari uzoq vaqtdan buyon rol o‘ynamayotgani san'atning darajasi tushib ketayotganidan dalolat berishini ta'kidladi. Uning fikricha, oldin yaxshi asarlar ko‘p bo‘lgan va shu sabab aktyorlar katta yoshda ham o‘lmas rollarni ijro etgan. Uzoqov bugun esa shuncha kuchli aktyorlar bo‘lsa-da, ular uchun mos rol, asar yo‘qligini tanqid qilgan va Po‘lat Saidqosimov, Zikir Muhammadjonov, G‘ani A'zamov, Zaynab Sadriyeva, Nabi Rahimov kabi aktyorlar har qanday yoshda yaxshi darajadagi rollarni ijro etganini misol qilib keltirgan. «Bizdagi eng zo‘r aktyorlar rol o‘ynamayaptimi, san'atning darajasini mana shundan ko‘ravering. Hozirgi ustozlarimizning oldiga «Oltin devor», «Kelinlar qo‘zg‘oloni» yoki «Shaytanat»ga o‘xshagan asarlar olib boring, men kafilman, ular gonorar qancha deb so‘ramaydi. Chunki ular kasbining chinakam fidoyilari», degan Uzoqov.

Aktyor san'atda 30 yildan ortiq ijod qilgan onasi Shohida Uzoqova qanaqadir ko‘rsatuvda boshlovchilik qilayotgani haqida gapirganda, ko‘ziga yosh olgan. Uning aytishicha, bugungi aktyor katta avlodda kinolar, rollar orqali nimadir olib qolmasa, keyingi avlod hech narsasiz qoladi. «Bu ketishda san'at kamida 50-60 yilga «o‘ladi», kunimiz hozirgi kabi mayda-chuyda narsalarga qolib ketadi. Oqibatda shoh asarlarimiz, shoh spektakllarimiz, madaniyatimiz yo‘q bo‘ladi. Shunda majbur turk seriallarini tarjima qilamiz, turk madaniyatini targ‘ib qilamiz, Amerika madaniyatini targ‘ib qilamiz. Bizda faqat cheklashni bilishadi. Xo‘p, cheklayapsiz, lekin o‘zimiz nima taklif qilamiz? O‘zimizda nima bor?», degan aktyor kuyunib.

Mavzuga oid