Jamiyat | 18:27 / 30.04.2021
31399
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi bozorda tarvuzlar yo‘q qilinayotgani aks etgan video tarqaldi, rasmiylar holatga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda bozor hududida oq xalat kiygan xodimlar tomonidan qutilardagi ko‘plab tarvuzlar kesib yo‘q qilinayotgani aks etgan videotasvir tarqaldi. Mazkur tasvirlar «Samarqand bozorida Eron tarvuzini sotishga qo‘yishmayapti» degan izoh bilan tarqatilgan.

Kun.uz tegishli tashkilotlar bilan bog‘lanib, voqeaga oydinlik kiritdi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu holat 28 aprel kuni Samarqand tumani, Ohalik halqa yo‘lidagi «Gulobod saxovati agrologistika» savdo kompleksida ro‘y bergan. Xalq tilida bu majmua «Ekobozor» ham deyiladi.

Samarqand tuman hokimligi axborot xizmati tarvuzlarning yo‘q qilinishiga asosiy sabab — ularning iste'mol uchun yaroqsiz bo‘lganini ma'lum qildi. Mahsulot bozor veterinariya xodimlari tomonidan yo‘q qilingan.

Savdo majmuasi rahbari ham holatni tasdiqladi. Uning aytishicha, tarvuzlar Eronda yetishtirilgan, uni Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqarolar bozorga keltirib sotmoqchi bo‘lgan. Ammo bozor veterinariya xodimlari tomonidan tekshirilganda, mahsulot tarkibida me'yordan ortiq darajada nitrat moddasi borligi aniqlangan. Bunday mahsulot iste'mol uchun xavfli bo‘lgani bois, tegishli tartibda yo‘q qilingan.

Samarqand viloyat davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi axborot xizmati voqeada DSENM xodimlari ishtirok etmagani, ammo bu kabi holatlar bozorlarda uchrashi tabiiy holat ekanini aytdi.

«Bozorlarda veterinariya xodimlari tomonidan ham mahsulotlar tarkibi tekshirib boriladi va sifatsiz chiqqan mahsulotlarni yo‘q qilish amaliyoti oldindan bor», deyiladi DSENM ma'lumotida.

Mavzuga oid