Kattaqo‘rg‘onlik ayol o‘ziga 7ta fermer xo‘jaligidan «maosh yozilgani» haqida bilib qoldi. Pullarni kim olgan?
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahridan bo‘lgan Go‘zal Zayniddinova yaqinda o‘zining bir emas, yetti joyda «ishlab kelayotgani» haqida xabar topadi.
Zayniddinova yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan. Uning aytishicha, ehtiyoj sezib elektron imzo olgan va o‘z kabinetiga kirgan. Buni qarangki, u ikki yil davomida yettita fermer xo‘jaligida ishlab kelayotganini bilib qolgan.
«Qiziq tomoni shundaki, bu haqda menga hech kim xabar bergani yo‘q. Internet orqali o‘z kabinetimga qarasam, 2019 yilning oktabr oyida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi bir necha fermer xo‘jaliklariga ishchi sifatida qabul qilingan ekanman. Buning huquqiy oqibatlari haqida o‘ylab, qiziqib ko‘rdim. Bildimki, meni ushbu fermer xo‘jaliklariga Kattaqo‘rg‘on fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazi hisobchisi Mamadamin G‘ayirov ishchi sifatida kiritgan ekan», deydi Go‘zal Zayniddinova.
Ma'lum bo‘lishicha, Zayniddinova Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «BEKQULOV DAVLATBEK DALASI», «SAYQAL ZAMIN VOHASI», «ABSHUKUR MALOXAT FAYZLI DALASI», «YASHNA NUR DALA», «RUZI MUXAMMAD OXUN-M.L.S», «CHANOQ-Q.SH.S» hamda «MURODOV TEMURBEK DALASI» fermer xo‘jaliklariga ishchi sifatida ro‘yxatga qo‘yilgan. Mazkur fermer xo‘jaliklariga 2019-2020 yillarda ishga joylashtirilgan va unga oylik yozilgan.
Zayniddinova tomonidan Kun.uz’ga taqdim qilingan daromad ma'lumotnomasiga ko‘ra, hisobchi uning nomiga ikki yilda 18 million so‘mga yaqin daromad yozgan.
Biz Kattaqo‘rg‘on tumani davlat soliq inspeksiyasi bilan bog‘landik. Soliq xodimlari ayni vaqtda Zayniddinovaning STIRi (soliq to‘lovchining identifikatsion raqami) Kattaqo‘rg‘on tumanidagi uchta fermer xo‘jaligida ishchi sifatida ro‘yxatda turgani haqida ma'lumot berishdi.
Anglashiladiki, Go‘zal Zayniddinova hisobchi Mamadamin G‘ayirovdan izoh so‘ragach, to‘rtta fermer xo‘jaligining ishchiligidan ozod qilingan.
Biz Mamadamin G‘ayirov bilan ham telefon orqali bog‘landik. U 2019 yil noyabrida o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shaganini bildirdi. Aytishicha, u Go‘zal Zayniddinovani faqat bitta – «MURODOV TEMURBEK DALASI» fermer xo‘jaligiga ishga joylashtirgan. Qolgan fermer xo‘jaliklarida ham ayolning ism-familiyasi turganiga aloqasi yo‘qligini ma'lum qildi.
Ushbu holat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazi direktori Bobur Murtazoyev haqiqatan ham G‘ayirov 2019 yilning 18 noyabrida ishdan bo‘shaganini bildirdi. Murtazoyevning aytishicha, o‘sha vaqtlarda markaz yangi tashkil qilingan bo‘lib, xodimlar ushbu elektron tizimni o‘rganish jarayonida bo‘lgan ekan.
«2019-2020 yillarda paxta yig‘im-terim mavsumida ko‘zda tutilmagan xatolik sababli (!) Go‘zal Zayniddinova (Kattaqo‘rg‘on shahridan bo‘lgan) Kattaqo‘rg‘on tumanidagi yuqorida tilga olingan fermer xo‘jaliklarida terimchi sifatida «Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i» soliq hisobotida ko‘rsatilgan. Ammo ushbu davrda amalda bo‘lgan Soliq kodeksining 179-moddasi 33-bandiga asosan (imtiyoz asosida) daromad solig‘i hisoblanmagan», dedi markaz rahbari Bobur Murtazoyev.
Shuningdek, G‘ayirovning o‘rniga tayinlangan xodim Rustam Shodmonovga ushbu xatolik uchun xayfsan berilgani ma'lum qilindi.
Ma'lum bo‘ldiki, Murtazoyevni faqatgina Zayniddinovaga moddiy zarar yetmagani, ayolga daromad solig‘i hisoblanmaganigina qiziqtiradi. Vaholanki, biz Zayniddinovaga yozilgan 18 millionga yaqin summani kim olganiga, agar pul amalda olinmagan va rasmiyatchilik uchun bo‘lsa, nega bunday qilinganiga izoh so‘ragandik. Yana ham odamni ajablantiradigan holat, nega aynan Zayniddinova bir nechta fermer xo‘jlagida ishchi bo‘lib turibdi? G‘ayirov ketgandan keyin ham ayolning boshqa xo‘jaliklarda terimchi sifatida ro‘yxatga olinishi, oylik yozilishi shunchaki tasodifmi? Qiziq.
Aytish mumkinki, fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazi hisobchilarining faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevraldagi qarori bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, markazning bir nafar hisobchisi bir necha fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Tan olish kerak, aksariyat fermerlarimiz bugun hisob raqamida qancha mablag‘ bor, u qanday tasarruf etilyapti, qancha mablag‘ kirib-chiqyapti, tushunmaydi. Hisobchiga ishonadi. O‘z navbatida hisobchi bilganicha ish tuta olishi uchun ko‘pgina tabiiy omillar mavjud.
Aytaylik, kimningdir pasport kopiyasi bilan o‘nlab fermer xo‘jaliklariga uni ishga joylab qo‘yish va uning nomidan yillab oylik olib yurish ham mumkin. Bu haqda o‘sha fuqaroning o‘zi bilmaydi ham.
Darvoqe, Kattaqo‘rg‘on tumani Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazi direktori Bobur Murtazoyev o‘zi aytganidek, fermer xo‘jaliklarining hisob raqamidagi pul mablag‘lari va bank operatsiyalariga mutlaqo aralashmas ekan, nega yuqoridagi holat sodir bo‘ldi? Go‘zal Zayniddinova o‘zi bilan bog‘liq bu jarayonni oshkor qilmagunga qadar Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazi nega bu haqda xabar topmadi?
Yana qancha yurtdoshlarimiz qog‘ozda ishchi va «oylik olayotgan» bo‘lishi mumkin, degan katta xavotir bor ko‘ngilda.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
14:02 / 20.12.2024
Chet el valutasidagi operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi belgilandi
09:10 / 03.12.2024
943 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi
07:30 / 26.11.2024
428 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi
08:10 / 23.11.2024