Jamiyat | 22:43 / 11.05.2021
12385
3 daqiqa o‘qiladi

Oltinsoy tuman prokuraturasi arxivda saqlanayotgan «soxta» arizani 9 yildan buyon topa olmayapti

Kun.uz tahririyatiga Oltinsoy tumanining tog‘li To‘xtamish qishlog‘idan ariza kelib tushdi.

Ta'kidlanishicha, Mamadali Ziyoyev Oltinsoy tuman Qo‘shchinor shirkat xo‘jaligini tugatish komissiyasining 2006 yilda o‘tkazgan auksion savdolarida ishtirok etib, 80 loyihadagi 2,70 gektar uzumzorni sotib olgan. 

2006 yilning 24 may kuni Oltinsoy tuman hokimi Mamadali Ziyoyev boshlayotgan ishlariga omad tilab «Alisher Ziyoyev» fermer xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha qaror chiqarib bergan. Fermer xo‘jalik tashkil bo‘lgandan so‘ng Mamadali Ziyoyev shu uzumzor orqasidan oila boqqan, ro‘zg‘or tebratgan.

Oradan ikki yil o‘tgandan so‘ng, 2008 yil 12 noyabr kunida Ziyoyev Mamadalining 2,70 gektar uzumzori optimallashtirilib, boshqa bir fermerga qo‘shib berib yuborilgan. Bunga «Alisher Ziyoyev» fermer xo‘jaligi rahbari Mamadali Ziyoyevning yerni hokimlik zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi arizasi asos qilib olingan.

Ammo Mamadali Ziyoyevning aytishicha, yerni Oltinsoy tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish haqida u ariza yozmagan. Ariza soxta, g‘ayriqonuniy.

Murojaatchi taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra, 2017 yil 17 may kunida Oltinsoy tuman prokuraturasi hokimlikning «Alisher Ziyoyev» fermer xo‘jaligini tugatish haqidagi Oltinsoy tuman hokimi qaroriga protest ham kiritgan. Hokim prokurorning protestini ko‘rib chiqib, asossiz ekanini ma'lum qilgan.

Oltinsoy tuman prokuraturasi Mamadali Ziyoyevning 9 noyabr 2008 yildagi murojaati yuzasidan, oradan 9 yil o‘tgach, arizaning asl nusxasini topish, ekspertizaga taqdim etish imkoni yo‘qligi uchun biror bir shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘ata olmasligini bildirib javob xati bergan.

Shu bilan Mamadali Ziyoyevning prokuraturaga huquqini himoya qilishni so‘rab, nohaqlikka uchraganini bildirib qilgan murojaatlari yopilgan.

Sho‘rchi tuman davlat arxivi Mamadali Ziyoyevga soxta ekanligini da'vo qilayotgan, Oltinsoy tuman prokuraturasi esa ekspertizadan o‘tkazish uchun topa olmayotgan yoki topishni istamayotgan qarorning asl nusxasi o‘zlarida saqlanayotganini bildirgan.

Mamadali Ziyoyev 2008 yildan buyon Oltinsoy tuman hokimi undan uzumzorni noqonuniy ravishda olib qo‘yganligini bildirib turli idoralarga ariza yozadi, eshigini qoqib, ostonasida qorovullik qiladi, ammo javoblardan qoniqmaydi. Mas'ul idoralar unga nohaqlik qilayotganini ta'kidlashdan charchamaydi.

Mas'ullar esa uning arizalarini shunchaki «yopib yuborish»ni o‘zlari uchun eng qulay variant, deb biladi.

Mavzuga oid