Jamiyat | 17:15 / 11.05.2021
5253
7 daqiqa o‘qiladi

Saratonni yenggan, kurashayotgan bolalar sharafiga xayriya marafoni start oldi

«Yuksalish» umummilliy harakati «Ezgu amal» jamoat fondi bilan hamkorlikda shu yilning 11 mayidan 9 iyuniga qadar saratonni yengib o‘tgan, kasallik bilan kurashayotgan bolalar sharafiga «Ezgu amal» xayriya marafonini o‘tkazadi. Bu haqda marafon tashkilotchilari va hamkorlari 11 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot-brifingida ma'lum qildi.

«Asosiy vazifa — saratonga chalingan va davolanishning turli bosqichlarida bo‘lgan bemorlarga manzilli va maqsadli yordam ko‘rsatish, ayniqsa, bolalar orasida saraton kasalliklarini erta aniqlash va o‘z vaqtida davolashga jamoatchilik e'tiborini jalb qilish. Bunga erishish uchun davlat idoralari, nodavlat tuzilmalar, tadbirkorlar va keng jamoatchilikning sa'y-harakatini birlashtirish muhimdir», deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekistonda onkologik kasalliklarga qarshi kurashish yo‘lida salmoqli ishlar olib borilayotgani qayd etilgan. Jumladan, prezidentning 2017 yil 4 apreldagi qarori bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonda onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish dasturi tasdiqlangan, onkologik xizmatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlardan asosiy maqsad — onkologik kasalliklardan o‘lim holatini kamaytirish hisobiga aholi turmush sifatini yaxshilash va umr davomiyligini oshirish.

Bu kabi ezgu ishlarga «Ezgu amal» fondi ham hissa qo‘shib kelmoqda. Birgina 2020 yilda fond yordam so‘rab qilingan 10 mingdan ziyod murojaatni qabul qildi va ko‘rib chiqdi. 102 oila homiylardan moddiy yordam, 2100 oila to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy yordam, 3 mingdan ortiq oila COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq karantin davrida oziq-ovqat to‘plamlari va tibbiyot buyumlari ko‘rinishida yordam oldi. Bundan tashqari, 228 kishiga dori preparatlari, tibbiy xizmatlarga va aviachiptalarga to‘lov ko‘rinishida ko‘mak ko‘rsatildi. Kam ta'minlangan oilalarning 3 mingdan ziyod bolalari fond yordamida homiylardan sovg‘alar oldi. Umuman, o‘tgan yil davomida 28ta xayriya aksiyasi o‘tkazilib, 8 428 oila qo‘llab-quvvatlangan.

«Afsuski, onkologik va gemotologik (qon) kasalliklariga chalingan aholiga ko‘mak ko‘rsatish tizimini isloh qilish dasturining barcha bandlari amalga oshirilmagan, onkologik xizmat ko‘rsatishda bir qator muammolar hamon mavjud. Biz saratonni yengib o‘tgan insonlar haqida hikoya qilib, kasallikni o‘z vaqtida skrining qilish va erta tashxis qo‘yish zaruratini dolzarb muammo sifatida ko‘tarib chiqamiz. Bu yomon oqibatlarning oldini olishi va davolash samarasini berishi mumkin. Shu sababli, keng jamoatchilik foydalanishi uchun zamonaviy diagnostika uskunalariga va skrining qilishning yagona tizimini yaratishga ehtiyoj bor. Bundan tashqari, xayriya marafoni davomida kasallikni yengib chiqqan insonlar hikoyalari saraton bilan kurashayotgan oilalar uchun g‘alaba sari motivatsiya beradi, deb umid qilamiz», deydi «Ezgu amal» fondining vasiylik kengashi raisi Munira Xodjaxonova.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda mamlakatimizda 884 nafar bolada xavfli o‘sma kasalligi, 402 nafar bolada gemotologik kasalliklar birlamchi qayd etilgan. 4 505 nafar bola saraton, 2 396 nafar bola qon kasalliklari bo‘yicha dispanser hisobida turadi. Onkologik kasalliklar strukturasida bolalar onkologiyasi 3,7 foizni, leykozlar 19,1 foizni, bosh miya va orqa miya o‘smalari 17,5 foizni, buyrak o‘smalari 7,6 foizni, suyak, bo‘g‘im xavfli o‘smalari 5,6 foizni tashkil etadi.

O‘tgan vaqt davomida davlat tomonidan kimyo preparatlari uchun 5,5 mln AQSh dollari, qon kasalliklari bemorlarini davolash uchun 23,8 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada dori-darmon bilan ta'minlashda ma'lum bir yutuqlarga erishildi. Ammo kasallikni to‘liq yengishda bu mablag‘lar yetarli emasligini vaqt ko‘rsatmoqda. Demak, vaziyat onkologik kasalliklarga qarshi kurashish faqatgina davlatning ishi bo‘lib qolmasligi kerakligini, bunda jamiyatning ham yelkasida mas'uliyat borligini anglatadi. Jamoat va xalqaro tashkilotlarni jalb etish bilan kasallikni samarali yengish mumkin.

«Ezgu amal» xayriya marafoni turli formatdagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi, jumladan, matbuot anjumanlari, brifinglar, davra suhbatlari, mutaxassislar, madaniyat va biznes vakillari bilan uchrashuvlar, mahorat darslari, intervyular va taqdimotlar. Barchasi saraton kasalligiga erta tashxis qo‘yish zarurligi to‘g‘risida aholi xabardorligini oshirishga, respublikamizda onkologik xizmat muammolarini hal qilishda jamoatchilikni jalb qilishga qaratilgan. Bu yangi homiy/hamkorlarni jalb qilish orqali xayriya faoliyatini kengaytirish imkoniyatini ham beradi.

Marafonni xayriya konserti yakunlaydi (9 iyun), unda bolalarning orzusini amalga oshirishga — taniqli san'atkorlar bilan birga sahnaga chiqishga imkon beriladi.

Matbuot brifingida «Yuksalish» umummilliy harakati hamda «Ezgu amal» jamoat fondi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.

«Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida saratonga chalingan bemorlarning omon qolish darajasi 70-80 foizni tashkil qiladi, O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 3-4 baravarga kam. Bu tizimli muammolar mavjudligidan darak beradi. 2021 yil fevralda prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda onkologiya sohasidagi muammolardan, so‘nggi 10-15 yil ichida ushbu yo‘nalishdagi faoliyat o‘z holiga tashlab qo‘yilganidan xavotir bildirdi.

Joriy yil yakuniga qadar qariyb 9 mln ayolni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan, jumladan, saraton skriningidan o‘tkazish vazifasini qo‘yildi. Xayriya marafoni «Ezgu amal» fondi bilan hamkorlikdagi harakatlarimizning «yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalardan biridir. Biz, shuningdek, joylarda mas'ul idoralarni jalb qilgan holda, jamoatchilik monitoringlari va eshituvlarini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, aniq statistik ma'lumotlarni olish, maqsadli moliyalashtirishni tashkil etish, dori vositalarini, tibbiy texnika va asbob-uskunalarni rejali xarid qilish, davolash usullarini tahlil qilish va baholash uchun kasallik tarixi va bolalar saratonini ro‘yxatga olishning yagona elektron platformasini yaratish masalasini ko‘rib chiqamiz», deya qayd etadi «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.

Mavzuga oid