Jahon | 10:07 / 13.05.2021
8621
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijda ishlagan yuzdan ortiq amerikalik diplomat va harbiyda miya shikastlanishi aniqlandi - OAV

Foto: Depositphotos

Xorijda ishlagan 130dan ortiq amerikalik diplomat va harbiy miya shikastlanishi bilan bog‘liq sirli muammolarga duch keldi. Bu haqda New York Times nashri sobiq va amaldagi rasmiy shaxslarga tayanib xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, dastlab Xitoy va Kubada ishlagan 60 nafar amerikalik bunday muammoga to‘qnash kelgani ma'lum bo‘lgan. Endi ushbu muammo Yevropa va Osiyo davlatlaridagi xodimlarda qayd qilingan. AQShning o‘zida qayd qilingan holatlarda esa xodimlar xorijdayoq shikastlangani va uning asorati kuzatilayotgani taxmin qilinmoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlarda miya shikastlanishi darajasi miya og‘rig‘idan boshlab o‘z joniga qasd qilishgacha turfalanmoqda.

Ta'kidlanishicha, bunday holatlar 5 yil avval qayd qilina boshlagan. O‘shanda AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ma'muriyati ushbu holatlarni qat'iyroq tergov qilishga harakat qilgan. Biroq Oq uy xodimlari sog‘liq bilan bog‘liq ma'lumotlarni himoyalash haqidagi federal cheklov sababli o‘zlariga zarur axborotni olishda qiyinchilikka duch kelishgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Oq uyning amaldagi ma'muriyati amaldorlar va harbiylarda miya shikastlanishini aniqlash bilan shug‘ullanuvchi mas'ullarni tayinlashga chaqirgan.

Ayni vaqtda Markaziy razvedka boshqarmasida miya shikastlanishi bilan bog‘liq yangi holatlar haqida axborot to‘plovchi maxsus bo‘lim tashkil etilgan. MRB direktori o‘rinbosari Devid Koen ushbu holatlar tergoviga mas'ul etib tayinlangan.

Avvalroq CNN telekanali manbalarga tayanib, AQShda xorijdagi xodimlarga qarshi qo‘llangan «yo‘naltirilgan energiya» texnologiyasidan foydalangan holda amalga oshirilgani taxmin qilinayotgan 2ta holat haqida ma'lum qilgan. Unga ko‘ra, bunday hujumlardan biri 2020 yil noyabrda Oq uy oldida yuz bergan. 2019 yildagi yana bir holatda esa Oq uy xodimasi Vashington bilan chegaradosh Virjiniya shtatida iti bilan sayr qilayotganda bunday hujumga uchragan. 

Mavzuga oid