O‘zbekiston | 09:44 / 19.05.2021
6345
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda poyabzal mahsulotiga asillik yorlig‘ini joriy qilish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda har bir poyabzalning sifati va asillik darajasini aniqlash imkoni joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, “SRPT Turon” MChJ tomonidan charm-poyabzal mahsulotlari uchun asillik belgisi milliy tizimini joriy qilish bo‘yicha 100dan ortiq korxonalar uchun onlayn muloqot tashkil etildi.

Bildirilishicha, Yevropada poyabzallarni markalash tizimi bundan o‘n yil oldin boshlangan. Ayni vaqtda ushbu tizim o‘z samarasini berib kelmoqda. Rossiya esa 2018 yildan mahsulotlarni raqamli markalash tizimiga o‘tgan. 

“O‘zbekistonda esa 2021 yilning 1 yanvaridan asillik belgisi milliy tizimi joriy qilinib, ayni vaqtda ikki turdagi mahsulotlar raqamli tarzda markalanmoqda. Kelgusida aynan poyabzallarni ham ushbu tizim orqali shtrixlash ko‘zda tutilgan.

“CRPT Turon” MChJ raqamli iqtisodiyotda ekspertlik va texnologik ko‘mak bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Maqsad iste'molchi, biznes va davlat o‘rtasida yagona manfaatli aloqalarni joriy qilishdir. Aynan “Asl belgisi” milliy tizimi mamlakatimizda soxta va kontrafakt mahsulotlarning kamayishiga olib keladi. Har bir shtrix kod mahsulotning sifat va asilligini belgilovchi omil sanaladi”, deyiladi xabarda. 

Mahsulotlarni raqamli markalash nima beradi? Bu xaridor uchun mahsulotning asillik belgisini, u ishlab chiqarilgan davlat, mazkur mahsulot uchun qo‘llanilgan xomashyo, salomatlik uchun ta'siri, yaroqlilik muddati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni kuzatish imkonini beradi.

Tadbirkorlar ushbu tizimidan foydalanishi esa poyabzal ishlab chiqarishda sifatga alohida e'tibor qaratish, o‘z brendini himoya qilish imkonini yaratadi. Shuningdek, ayni brendning sifatsiz kontrafakt analoglari respublikaga olib kirilishi va olib chiqilishi ustidan qat'iy nazorat kuchaytiriladi. Bu tarmoqda sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi, sifatli mahsulotlarning ko‘payishiga olib keladi.

Uchrashuvda “CRPT Turon” MChJ mutaxassislari, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari soha tadbirkorlariga aynan raqamli markalash jarayoni, talab etiladigan hujjatlar to‘g‘risida ma'lumot berdi. Raqamli markalash tizimini o‘z mahsulotlariga nisbatan qo‘llash istagidagi tadbirkorlarga milliy tizimda ro‘yxatdan o‘tish tartibi tushuntirildi. 

Davlat soliq qo‘mitasi vakillarining ma'lumotida ta'kidlanishicha, poyabzallarni raqamli markalash soliq tushumlari va daromad soliqlarini hisoblash borasidagi jarayonlarda tadbirkorga ham, davlatga ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Mavzuga oid