O‘zbekiston | 11:23 / 22.05.2021
1951
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda o‘tkazilgan ommaviy qabullarda 35 mahkum muddatidan oldin ozod qilindi

19-21 may kunlari Xorazm viloyatida fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida, prezident administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi rahbar xodimlari ishtirokida ommaviy qabullar o‘tkazildi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov tomonidan 548 nafar fuqaro qabul qilindi. Ularning 207tasi jinoyat ishlari bo‘yicha, 276tasi fuqarolik ishlar bo‘yicha, 57tasi ma'muriy ishlar bo‘yicha, 8tasi iqtisodiy ishlar bo‘yicha murojaat etdi. 194ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, 280ta murojaat ijobiy hal etilib, ariza qanoatlantirildi. 74ta ariza Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi va tegishli sudlov hay'atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 35 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilindi, 1 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod etildi, 89 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikdan ozod qilindi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 65 nafar shaxsga nisbatan aliment undirish, 12 nafar shaxsga nisbatan ish haqini undirish bo‘yicha sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 3 nafar shaxsga nisbatan moddiy va ma'naviy zarar undirish haqida, 18 nafar shaxsga nisbatan qarz undirish to‘g‘risida hamda 1 nafar shaxsning ishga tiklash haqidagi da'vo arizalari qanoatlantirildi. Taraflar yarashgani va da'vogar da'vosidan voz kechgani sababli nikohdan ajratish haqidagi 7ta fuqarolik ishi ish yuritishdan tugatildi, 10ta aliment undirish haqidagi sud buyrug‘i bekor qilindi.

Iqtisodiy sudlar tomonidan 43ta ish sud majlislarida ko‘rilib, shundan da'vogar tadbirkorlar foydasiga jami 6,9 mlrd so‘mlik da'vo talablari qanoatlantirildi.

Respublika budjetiga 20,5 mln so‘m davlat boji ixtiyoriy ravishda to‘langan bo‘lsa, sud qarorlariga asosan 154 mln undirilishi belgilandi.

Tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan tadbirkorlarning da'vogarligida 2 mlrd so‘mlik 12ta da'vo ariza ko‘rib chiqilib, 1,8 mlrd so‘mlik da'vo talablari qanoatlantirildi.

Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati birinchi instansiyasida xorijiy korxona (chet el investori) da'vogarligida da'vo summasi 44,3 ming AQSh dollari bo‘lgan da'vo ariza ko‘rib chiqilib, da'vogar foydasiga to‘liq undirildi.

Mavzuga oid