O‘zbekiston | 18:29 / 27.05.2023
16451
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi sayyor qabulda minglab murojaatlar bo‘ldi, uzun navbatlar yuzaga keldi

Xalq bilan muloqot qilish va “mahallabay” ishlash tizimini yanada takomillashtirish, joylarda uchrayotgan muammolarga tezkor yechim topish maqsadida Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida Respublika ishchi guruhining ommaviy qabuli o‘tkazildi.

Unda Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi, shuningdek, Xalq qabulxonalari rahbarlari Samarqand, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridan kelgan murojaatchilarni qabul qildi.

Erta tongdan qabulga navbatda turganlar o‘rtasida turli ziddiyatlar, murojaatimni eshitmay qoladi, degan hadik tobora ortib bordi. Unga javoban Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov eng oxirgi murojaatchigacha qabul qilishini bildirdi. Kun.uz’ga taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, sayyor qabulda Oliy sud tizimiga jami 513 ta murojaat bo‘lgan.

Jami murojaatlardan 292 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilib, 112 tasi joyida ijobiy hal etildi.221 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya va takroran kassatsiya tartibida hal etish uchun qabul qilindi.

Jazodan ozod qilish bo‘yicha kiritilgan taqdimnomalar asosida axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 95 ta mahkumlar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 13 ta jinoyat ishi bo‘yicha 13 nafar shaxslar sud zalidan qamoqdan ozod etildi, 1 nafar shaxsga oid jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatildi.

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan sud majlislarida tadbirkorlar (da’vogar)ning 2 mlrd 331 mln so‘mlik da’vo talablari qanoatlantirildi.

Shuningdek, Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev qabuliga kirgan fermer Jizzax viloyati hokimligi uning bir mlrd so‘m mablag‘ini bermay kelgani va prokuraturaga qilingan murojaatdan so‘ng masala ijobiy yechim topgani uchun minnatdorchilik bildirdi. 

“Chaqmoq” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi raisi Zafar Hakimovning aytishicha, 2022 yilda ko‘rsatilgan aussorsing xizmati uchun Jizzax viloyati hokimligi fermerdan qariyb bir mlrd so‘m qarzdor bo‘lib qoladi. Yetti oy davomida qator tashkilotlarga, hatto viloyat hokimining o‘ziga murojaat qilsa-da, qarz to‘lab berilmaydi. Shundan so‘ng Bosh prokuraturaga ariza beradi va uch kun ichida fermerning muammosi hal bo‘ladi.

Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, tizimga qabul davomida 518 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 321 tasi bevosita ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq. Murojaatlarning 297 tasi ijobiy hal etilgan, 221 ta murojaatlarning ijrosi nazoratga olingan.

Xususan, murojaatlarning 139 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qayta tiklash, 33 tasi surishtiruv va tergov harakatlari yuzasidan, 32 tasi ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash, 31 tasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini qayta ko‘rib chiqish, 29 tasi probatsiya hisobidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ozod qilish kabi murojaatlardir. Yettita holatda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish mazmunida murojaat qilingan.

Soliq qo‘mitasiga ham 14 ta murojaat kelib tushgan.

Shuningdek, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham yuqoridagi idoralarga tegishli bo‘lmagan murojaatlar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qildi. Ularni qiynab kelayotgan muammo va masalalarni eshitib, har bir murojaatni qonun doirasida hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Respublika ishchi guruhining navbatdagi sayyor qabuli Xorazm viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid