O‘zbekiston | 16:46 / 24.05.2021
40581
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistonda sud tizimi to‘la mustaqil va xolis emas» - AQSh Davlat departamenti

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistondagi inson huquqlari bo‘yicha vaziyat yuzasidan hisobot e'lon qildi. Unda, xususan, xavfsizlik xizmatlarining turli tashkilotlardagi «kuratorlari» va sud tizimi haqida so‘z boradi.

AQSh Davlat departamentining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi 2020 yilda O‘zbekistonda inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan hisobot e'lon qildi.

Hisobotda o‘tgan yili O‘zbekistonda ro‘y bergan, inson huquqlarining turli jabhalariga oid voqea-hodisalar haqida so‘z yuritilib, muayyan xulosalar berilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi fuqaroviy idoralar xavfsizlik organlari ustidan samarali nazoratga ega, biroq xavfsizlik xizmatlari fuqarolik tuzilmalariga kirib borgan.

«Fuqarolik tashkilotlari xavfsizlik xizmatlari xodimlari bilan oshkor qilinmas hamkorlikda bo‘lib, fuqarolik tashkilotlarining vakolatlari doirasi va miqyosini aniqlash qiyin», – deyiladi hisobotda.

Amerikalik kuzatuvchilar O‘zbekistonda sudlar to‘la mustaqil emasligini alohida qayd etgan.

«Konstitutsiyada belgilanganiga qaramay, sud tizimi to‘liq mustaqillik va xolislik bilan ishlamaydi. Prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vaqti-vaqti bilan sud organlari xodimlariga kerakli hukmlarni chiqarish uchun bosim o‘tkazish holatlari kuzatildi».

Ta'kidlanishicha, gumonlanuvchini qamoqqa olishga sanksiya berish haqida prokurorlar sudga iltimosnoma kiritganda, aksariyat hollarda sudyalar bu iltimosnomani qanoatlantiradi. Aks holda esa, prokurorda yuqori turuvchi sudga shikoyat qilish huquqi bor.

«Rasmiy ayblovsiz hibsga olish 48 soat bilan cheklangan, ammo prokuratura sudyadan hibsni qo‘shimcha 48 soatga uzaytirishni so‘rashi mumkin, shundan so‘ng shaxs ayblanishi yoki ozod qilinishi kerak. Sudyalar odatda bunday so‘rovlarni qondirishadi va bunday muddatni uzaytirgan sudya ko‘pincha sud jarayonini ham boshqaradi, bu esa qonunbuzarliklarni yashirishga imkoniyat yaratadi».

Hisobotda yirik jinoyatlarga oid sud ishlari yetarlicha ochiq o‘tmayotgani aytiladi.

«Ikkala tomon rozilik bergan taqdirda, sud muhokamalarini jonli efirda uzatish davom etdi, bunday eshittirishlar odatda ma'muriy huquqbuzarliklar yoki iqtisodiy ishlar bilan bog‘liq bo‘lgan mayda ishlarga cheklab qo‘yildi».

Qayd etilishicha, Oliy sud qarorlarini o‘z veb-saytida e'lon qilishga harakat qilayotganiga qaramay, quyi darajadagi sudlar odatda o‘z qarorlarini e'lon qilmaydilar va bu esa advokatlarga oldingi dalillarni ko‘rishlariga qiyinchilik yaratadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, qo‘shimcha guvohlarni chaqirish yoki sudlanuvchini qo‘llab-quvvatlovchi dalillarni ish hujjatlariga kiritish bo‘yicha ayblanuvchilarning iltimoslarini sudyalar ko‘plab hollarda rad etadi.

«Ishonchli xabarlarga ko‘ra, davlat tomonidan tayinlangan himoyachilar muntazam ravishda o‘zlarining mijozlari uchun emas, hukumat manfaatlari yo‘lida harakat qilishgan, chunki ularning daromadlari davlatga bog‘liq va ular davlat tomonidan jazodan qo‘rqishgan».

AQSh byurosi O‘zbekistonda advokatlar soni kamligi, huquq organlarida advokatlarning yozishmalarini nazorat qilish huquqi borligiga e'tibor qaratgan.

Sudlanuvchilarning advokat yollash huquqiga har doim ham rioya etilmayapti, bu huquqdan o‘z xohishi bilan voz kechish haqidagi hujjatga majburan imzo qo‘ydirish holatlari bor, deyiladi hisobotda.

Ba'zi himoyachilar o‘z mijozlari bilan muloqot qilishda qiyinchilikka duch kelgani, mijozlariga doxil jinoiy ish to‘g‘risidagi ma'lumot ularga taqdim etilmaganini ma'lum qilgan.

Shu bilan birga, hisobotda oqlov hukmlari soni oshayotgani, zarur hollarda ayblanuvchilar yuridik maslahatchi va tarjimonlar bilan ta'minlanayotgani ta'kidlangan.

O‘tgan yili o‘rnatilgan yangi tartibga ko‘ra, endilikda shaxsni ushlash va unga protsessual huquqlarini tushuntirish videoyozuv orqali qayd etilishi shart. Shuningdek, shaxs hibsga olingach, u hibsda ekani va qayerdaligi haqida oila a'zolari yoki boshqa tegishli shaxslarga 24 soat ichida xabar berilishi kerak. Biroq OAV va huquq himoyachilariga ko‘ra, bu choralar amalda yaxshi qo‘llanilmagan.

Boz ustiga, hibsga olingan shaxslarga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan zo‘ravonlik qilingani holatlari ro‘y bergan. Xususan, Chiroqchi tumani va Andijon shahrida IIB xodimlari qiynoqqa solish orqali ikki fuqaroning o‘limiga sabab bo‘ldi.

Fevral oyida Ombudsman e'lon qilgan 2019 yilga doir hisobotda, so‘roq qilish xonalaridagi kameralar tez-tez o‘chirib qo‘yilgani, hibsga olinganlar kameraga ko‘rinmaydigan joyda qiynoqqa solinayotgani va so‘roq qilinayotgani haqida qayd etilgan.

Mavzuga oid