O‘zbekiston | 13:56 / 26.05.2021
8812
4 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov lavozimlarining ish sifatiga ta'siri va oylik ololmayotgan Shaxmat federatsiyasi xodimlari haqida

Kecha, 25 may kuni Toshkent shahrida «Toshkent 5 tashabbus harakati» tadbirlari doirasida bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va yoshlar o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir davomida Abduhakimov o‘zi egallab turgan lavozimlarning ko‘pligi ish sifatiga qanchalik ta'sir ko‘rsatishi, u raislik qilayotgan Shaxmat federatsiyasi xodimlari bir necha oydan buyon oylik ololmayotgani hamda fuqarolar uchun arzonlashtirilgan turistik marshrutlar tashkil etish yuzasidan berilgan savollarga ham javob qaytardi.

Bosh vazir o‘rinbosari egallab turgan lavozimlarining ko‘pligi ish sifatiga qanchalik ta'sir ko‘rsatishi borasida

— Men o‘zimcha borib, bu lavozimlarni talab qilib olganim yo‘q. Bir yo‘nalishda o‘sish, uni ijro etish osonroq bo‘ladi. E'tibor bersangiz, har bir lavozimim mantiqiy nuqtayi nazardan bog‘langan. Ya'ni barchasi turizmga oid. Shusiz ham bu vazifalarni bajarar edim.

Ko‘pchilikni yana bir savol qiziqtiradi. Ishlayotgan barcha joylarimdan oylik olamanmi? Yo‘q, men faqat bosh vazir o‘rinbosari sifatida oylik olaman.

O‘ylashimcha, vaqti-soati keladi, mendagi vazifalarning hammasi o‘z egasini topadi. Yoshlarimiz tezroq o‘zini ko‘rsatamiz desa, rahbariyat, albatta, yoshlarimizni shu lavozimlarga qo‘yishadi.

Shaxmat federatsiyasi raisi tashkilot xodimlari 6 oydan buyon oylik maoshlarini ololmayotgani haqida

— Olti oy emas, sal kamroq. Bu masala yechildi. O‘zim borib shug‘ullandim. Bilasiz, federatsiyada bungacha juda katta muammolar bo‘lgan. Bizning bir qator iqtidorli, yosh qizlarimizga yo‘l berilmagan. Bir qancha insonlar esa faqat o‘z yaqinlarini xalqaro turnirlarga yuboravergan. Biz buni ham bartaraf etdik.

O‘zbekistonga yaqinda Xalqaro shaxmat federatsiyasi raisi Arkadiy Dvarkovich ham kelib ketdi. Juda yaxshi kelishuvlarga erishdik.

Biz hozir shaxmatni odamlar orasida ommalashtirishga harakat qilyapmiz. Buning uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi parklarda Shaxmat akademiyasining maktablarini tashkil etyapmiz.

1000ta maktabda esa shaxmatni chuqurlashtirib o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘ydik. Shuningdek, yana 150ta maktabda maxsus shaxmat sinflari tashkil qilindi. Qolgan 8 ming maktabda ham shaxmat sinflarini ochishga harakat qilyapmiz.

Oddiy qilib aytganda, hamma joyda shaxmat bo‘lsa, hamma o‘ynagisi keladi. Hozir «Afrosiyob» tezyurar poyezdida ham bu imkoniyatni tashkil qildik. U yerda so‘rasangiz, sizga shaxmat berishadi.

Biz hozir qator viloyatlardagi restoran va kafelarda ham shaxmat burchaklarini tashkil qilishni tajribadan o‘tkazyapmiz.

Bundan tashqari, men o‘zim ham Moskva va Italiyadan shaxmat bo‘yicha eng yaxshi kitoblarni sotib olishga harakat qildim. Endi bularni o‘zbek tiliga tarjima qilamiz. Bunda «24 soatda shaxmatni o‘rganing» degan kitoblar chiqarishimiz kerak.

Biz dekabr oyida dunyoning eng yetakchi shaxmatchilarini O‘zbekistonda yig‘ib, katta musobaqa tashkil qilmoqchimiz.

Qishloq odamlari uchun arzonlashtirilgan turistik marshrutlar tashkil qilish haqida

Uzoq qishloqlardagi aholining ham turistik sayohatlarga chiqishi uchun imkoniyat yaratishimiz kerak. Xabaringiz bor, bu borada prezidentning transport va mehmonxona xizmatlarini arzonlashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilingan.

Unga ko‘ra, bu xizmatlar 50 foizgacha arzonlashtirilgan. Buning natijalarini sezyapmiz. Ya'ni dam olish kunlari Buxoro yoki Samarqanddagi ziyoratgohlarga borsak, u yerda juda katta mahalliy turistlar oqimi paydo bo‘lganini ko‘ramiz.

Bir narsani aytish o‘rinli bo‘ladi, o‘zbek va umuman turkiy xalqlarda ziyorat tushunchasi qonimizda bor. Odamlarga borib, turistik sayohatga chiq, desangiz tushunmasligi mumkin, lekin ziyorat desa, hamma borgisi keladi. Shu sababli bizda hozir ziyorat turizmi yaxshi rivojlanyapti.

Mavzuga oid