Jahon | 17:22 / 26.05.2021
7054
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Belarusga 3 milliard yevrolik yordamni muzlatib qo‘ydi

Yevropa ittifoqi Belarus uchun tayyor holda turgan 3 milliard yevrolik sarmoyaviy yordam to‘plamini muzlatib qo‘ydi, deya ma'lum qildi fon der Lyayyen. Uning so‘zlariga ko‘ra, Minskni Ryanair samolyoti bilan yuz bergan hodisa va NEXTA telegram-kanali sobiq bosh muharririning hibsga olinishi tufayli «jiddiy javob» kutmoqda.

Yevropa ittifoqida Belarus uchun 3 milliard yevro miqdoridagi investitsiya va iqtisodiy yordam to‘plami mavjud, ammo respublika «demokratik bo‘lmaguncha» uni olmaydi. Bu haqda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

YeK rahbari, shuningdek, NEXTA telegram-kanali sobiq bosh muharriri Roman Protasevichning ozod etilishini talab qildi. Bir necha kun oldin u Vilnyusga yo‘l olgan, ammo bortda bomba borligi haqidagi xabardan so‘ng shoshilinch ravishda Minskka qo‘ngan samolyotdan tushirib olingan edi.

Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hodisa munosabati bilan Belarusni «Yevropa ittifoqidan jiddiy javob» kutmoqda. YeI «Belarus rejimi»ni moliyalashtirayotgan jismoniy shaxslar, korxonalar va tashkilotlarga qarshi, shuningdek, Belarus aviatsiya sohasiga qarshi sanksiyalarni muhokama qiladi, dedi u. 

Ryanair aviakompaniyasi samolyoti Afinadan Vilnyusga uchib ketayotgan edi. Bortda Protasevichdan tashqari 122 nafar yo‘lovchi borligi qayd etilgan. Bomba to‘g‘risidagi xabar tufayli samolyot Minskka qo‘nishga majbur bo‘ldi. Layner qo‘nishi bilan Protasevich qo‘lga olindi. U bosh muharriri bo‘lgan NEXTA telegram-kanali 2020 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng Belarusda boshlangan norozilik namoyishlarini yoritdi va muvofiqlashtirib bordi. Rasmiylar Protasevichni tartibsizliklarni uyushtirishda ayblamoqda va uni terroristik faoliyatga aloqador deb hisoblamoqda. 

Ryanair samolyotining qolgan yo‘lovchilari xavfsizlik tekshiruvi o‘tkazilgani tufayli Minsk aeroportida taxminan besh soat qolib ketishdi. Natijada, bomba haqidagi xabar tasdiqlanmadi. 

Bir qator g‘arb davlatlari, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya, Latviya, Litva va Polsha Belarus rasmiylarining harakatlarini qoralab chiqdi. Belarus Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, ularni «yorliq yopishtirishda» aybladi. Belarus hokimiyatining xatti-harakati «belgilangan xalqaro qoidalarga to‘la mos keladi», unga Belarus «har doim mas'uliyat bilan yondashadi», deyiladi idora xabarida. 

Ushbu voqeadan keyin Yevropa ittifoqi Belarusning YeIdagi doimiy vakili Aleksandr Mixnevichni chaqirtirdi. Unga «Belarus hukumati yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligini xavf ostiga qo‘yib, majburlash harakatini sodir etgani qat'iy qoralanishi to‘g‘risida» xabar berilgan. Yevroittifoq ehtimoliy sanksiyalar sifatida «Belavia» aviakompaniyasi samolyotlarining YeIdagi barcha aeroportlarga qo‘nishini taqiqlab qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar berdi Financial Times manbalari. Ularga ko‘ra, Yevroittifoq Belarus havo hududini parvozlar uchun xavfli deb e'lon qilishi ham mumkin. 

Mavzuga oid