O‘zbekiston | 14:33 / 28.05.2021
8091
4 daqiqa o‘qiladi

«Nazorat yaxshilanganiga qaramay, muammo hal bo‘lmayapti» - moliya vaziri davlat tashkilotlaridagi moliyaviy jinoyatlar haqida

Senatning 15-yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva Moliya vaziri Timur Ishmetovdan davlat tashkilotlaridagi moliyaviy jinoyatlarning oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘radi.

Foto: Shutterstock

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2020 yil va 2021 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari muhokama qilindi.

Ushbu masala bo‘yicha moliya vaziri Temur Ishmetov hisobot berdi. Senat raisi Tanzila Norboyeva budjet mablag‘larini maqsadli sarflash bo‘yicha muammolar borligini ta'kidlab, ortiqcha to‘lovlar, mablag‘larni boshqa yo‘nalishlarga sarflab yuborish holatlari ko‘p kuzatilayotgani bois, korrupsion holatlar turli vazirliklar va hokimliklarda yuz berayotgani, bunday holatlarning oldini olish maqsadida qanday choralar ko‘rilayotgani haqida so‘radi.  

Vazirga ko‘ra, nazorat yaxshilanganiga qaramay, bu borada muammo hal bo‘lmayapti, masala yana tekshirishga borib taqalmoqda.

«Bu bizni ham qiynab kelayotgan og‘riqli masala. Bu bo‘yicha Hisob palatasi, Prezident administratsiyasi bilan birga, umuman, O‘zbekistonda davlat moliya nazorat tizimini yangidan tashkil etish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Bu moliya tizimidagi bo‘linma emas, umuman, davlat nuqtai nazaridan yondashiladi. O‘tgan yili «Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ham ishlab chiqdik. Lekin oxirgi jarayonlarda shuni ko‘rdikki, deyarli siz aytgan masala hal bo‘lmayapti. Nazorat yaxshilanyapti, lekin baribir borib tekshirishga taqalyapti masala. Ya'ni buning oldini olishga asosiy e'tibor berish kerakligi ayon bo‘lmoqda. Shu maqsadda Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasidan texnik ko‘mak so‘rab, ekspertlar bilan o‘rganib, shu xulosaga kelindiki, bu qonun loyihasini qaytadan ishlab chiqish kerak. Davlat moliyaviy nazoratini ko‘proq oldini olish yo‘nalishi bo‘yicha ishlaymiz. 

Bizda hozir ham Hisob palatasi, ham Moliya vazirligi tekshirish nazorati bor. Bir-bir yarim yil davomida O‘zbekistonda yagona tashqi audit Davlat audit tizimini shakllantirish, kengaytirish maqsad qilingan. Davlat moliyaviy nazorati departamenti faoliyati ham cheklangan. Ular hududlardagi hokimiyatlarga bo‘ysunadi, desak ham bo‘ladi. Huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari topshirig‘ini bajaradi ko‘proq. Ular ustidan nazorat qiluvchi, topshiriq beruvchi rahbarlar ko‘p. Hisob palatasi esa haqiqiy mustaqil organ. Shu yo‘nalishlarga o‘zgartirish kiritish belgilangan», dedi u.

Shuningdek, Ishmetov ichki audit tizimini yo‘lga qo‘ygach, davlat moliyaviy nazorati to‘liq o‘zgartirilishi haqida gapirdi

«Keyingisi moliya vazirligi ko‘proq budjet tashkilotlarida audit tizimini yo‘lga qo‘yish masalasi. Buning uchun moliya vazirligi qoshida ichki audit metodologiyasini ishlab chiqish va vazirlikdagi ichki audit sifatini oshirish borasida ko‘proq ishlar amalga oshiriladi. Bu yo‘nalishda tashkiliy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilgan, u tasdiqlangach, davlat moliyaviy nazorati to‘liq o‘zgartiriladi», deya ta'kidladi u.

Mavzuga oid