O‘zbekiston | 08:11 / 29.05.2021
5731
3 daqiqa o‘qiladi

Bu yil sanoat yarmarkalari qayerda o‘tkazilishi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan “2021 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

2021 yil 22-24 aprel kunlari Navoiy shahrida kon-metallurgiya, kimyo sanoati, qurilish materiallari va elektr energetikasi sohalaridagi yirik tarmoq tashkilotlari, shuningdek, respublikaning barcha hududlaridan ushbu tarmoqlar uchun mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlar ishtirokida tarmoqlararo sanoat yarmarkasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Uning yakunlari bo‘yicha qiymati 375,8 mlrd so‘mlik jami 996 ta sanoat kooperatsiyasi shartnomalari va 268 ta texnik jihatdan hamkorlik qilish memorandumlari imzolandi. 2021 yilning 29-30 aprel kunlari Xorazm viloyatida “Hududlar va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish” ko‘rgazmasi o‘tkazilib, qiymati 70,3 mlrd so‘mlik 289 ta shartnomalar hamda 20 turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan 42 ta memorandumlar imzolandi.

Shu munosabat bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2021 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini quyidagi ikki bosqichda o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi:

  • I bosqich - 2021 yilning may-oktabr oylarida respublika hududlarida yirik sanoat tashkilotlarining ixtisoslashuvi asosida Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini o‘tkazish;
  • II bosqich - 2021 yilning 22-28 noyabr kunlari 2022 yil uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish bo‘yicha respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasini o‘tkazish.

Quyidagi hujjatlar tasdiqlandi:

  • 2021 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini o‘tkazish reja-jadvali;
  • 2021 yilda respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi;
  • 2021 yilda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhning namunaviy tarkibi;
  • 2021 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari.

Jadvalga asosan, 2022 yil uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish bo‘yicha respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi Toshkentda o‘tkaziladi. Boshqalar qatorida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida iyunda tabiiy va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash va neft-kimyo sanoati sohasida yarmarka; Samarqand viloyatida oktyabrda - turizm, gastronomiya turizmi, oziq-ovqat sanoati, mebel va elektrotexnika sanoati, shuningdek gilam mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida yarmarka o‘tkaziladi.

Hujjat qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 26.05.2021 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid