Jamiyat | 16:40 / 30.05.2021
60509
10 daqiqa o‘qiladi

Ochiqlik siyosatiga raxna. Ijtimoiy tarmoqlar bloklansa...

Yangi qabul qilingan va ijrosiga kirishilayotgan qonunga ko‘ra, Facebook, Telegram, Instagram, TikTok, Twitter kabi asosiy ijtimoiy tarmoqlar O‘zbekiston hududida taqiqlanishi mumkin. Bu esa bir necha o‘ta jiddiy salbiy oqibatlarga olib keladi.

Foto: Rafael Henrique/Getty Images

Borgan sari globallashayotgan dunyoda mamlakatlar bir-biri bilan iqtisodiy jihatdan bog‘lanib bormoqda. Ko‘plab kompaniyalar o‘zlarining potensial mijozlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali qidirishmoqda. Bu – bugungi kundagi eng arzon va samarali usul.

Ammo ma'lum mamlakatlarda ba'zi ijtimoiy tarmoqlar bloklangan va bu tadbirkorlik muhiti rivojlanishiga, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga jiddiy salbiy ta'sir o‘tkazadi.

Qaysi mamlakatlarda ijtimoiy tarmoqlarga cheklovlar o‘rnatilgan?

Shimoliy Koreya

KXDRda ijtimoiy tarmoqlar va internetga «qizdirilgan temir ushlagich» sifatida qaraladi. Barcha ijtimoiy tarmoqlar bloklangan va VPN’dan foydalanishga uringan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ikkiga bo‘lingan Koreyaning «demokratik» qismida faqatgina omad tufayli universitetda yuqori nazorat ostidagi kompyuterdan foydalanish mumkin. Mamlakatdagi barcha siyosiy axborotlar Koreya Markaziy yangiliklar agentligi (KCNA) tomonidan berib boriladi. Bu – mamlakatdagi yangiliklar nashr etishga ruxsat berilgan yagona manbadir.

Internetga kirish huquqi elitaning juda ham tor doirasidagina mavjud bo‘lib, «baxtli kishilar ro‘yxati» shaxsan Kim Chen In tomonidan tasdiqlanadi.

KXDRga tashrif buyurgan chet elliklarning ta'kidlashicha, poyezdlar mamlakat aholisi uchun ijtimoiy tarmoqlar vazifasini o‘taydi. Shu yerdagina ular bir-birlari bilan tanishishi va kundalik hayoti haqida fikr almashishi mumkin.

Turkmaniston

Turkmaniston eng sekin va eng qimmat internetga ega mamlakatlar ro‘yxatida oldingi o‘rinlarda turadi. Mamlakatda Facebook, Twitter, VKontakte, YouTube kabi ommabop ijtimoiy tarmoqlarga kirish imkoni yo‘q. Faqat bitta «Turkmentelekom» nomli davlat provayderi bor.

Mamlakatda internetga individual kirishga birinchi marta 2008 yilda ruxsat berilgan. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar va axborot agentliklari tomonidan boshqariladigan veb-saytlar bloklangan. Ushbu senzuradan o‘tishga urinish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bu yerda faqatgina Rossiyaning «Odnoklassniki» va «Mail Agent Chatting» ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanishga ruxsat berilgan.

Xitoy

Biznes uchun jozibali mamlakat sifatida qaraladigan Xitoyda ham Facebook, Twitter, YouTube va boshqa ko‘plab ijtimoiy tarmoqlar bloklangan. Internet senzurasi mamlakatda «Xitoyning buyuk xavfsizlik devori» sifatida talqin etiladi.

Xitoyning internetga nisbatan cheklovlari dunyoning boshqa barcha mamlakatlariga qaraganda ancha keng va murakkabdir. Noqonuniy onlayn kontentlarni olib tashlash va politsiyaga algoritmlar ishlab chiqishda yordam berish maqsadida sun'iy intellektga asoslangan texnologiyalarga katta miqdorda sarmoya kiritiladi.

Den Syaopinning sevimli so‘zlari bo‘lmish «Agar siz derazani ochsangiz, toza havo ham, pashshalar ham uchib kiradi» – Xitoy xavfsizlik devori loyihasining siyosiy va mafkuraviy asosi hisoblanadi.

Kommunistik partiya yuritadigan erkin iqtisodiy siyosatga qaramay, boshqa siyosiy g‘oyalar va mafkuralar haligacha jamiyat uchun xatarli deb baholanadi.

Pokiston

Pokiston qonunchiligida ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan «oqilona cheklovlar» o‘rnatgan. 2019 yilda Milliy Assambleyaning Axborot texnologiyalari bo‘yicha doimiy komissiyasi mamlakat hududida 900 ming URL manzil bloklangani to‘g‘risida axborot bergan.

2021 yilning aprelida «Ijtimoiy media platformalarini blokirovka qilish» deb nomlangan buyruq bilan Pokiston telekommunikatsiya idorasi Twitter, Facebook, WhatsApp, YouTube va Telegram kabi ijtimoiy media platformalariga nisbatan kunduzgi 11:00dan 15:00gacha cheklovlar kiritgan. Mahalliy aholining ta'kidlashicha, cheklovlar kunning boshqa qismida ham amal qilmoqda.

TikTok platformasi esa «axloqsiz va nomaqbul» videolar tarqatgani uchun to‘liq bloklangan.

Eron

Dunyo miqyosida internetdan foydalanish hajmi oshgani sayin Eronda internet senzurasi kuchayib, dunyoga mashhur ko‘plab veb-saytlar bloklangan. Xususan, 2019 yildagi norozilik namoyishlari paytida 1 hafta davomida internet to‘liq bloklab qo‘yilgan.

Ayni vaziyatda mamlakatda Twitter, Facebook, WhatsApp, YouTube va Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha to‘liq taqiq joriy qilingan.

SurfShark tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi 5 yil ichida 60dan ortiq mamlakat repressiya vositasi sifatida internet blokadalarini ishlatgan. Bu kabi choralar asosan fuqarolararo nizolar va norozilik namoyishlari paytida amalga oshirilgan.

O‘zbekistonda ham ommabop ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi mumkin

2021 yil 14 yanvarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi tashabbusi bilan «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga quyidagi mazmunda 27-1-modda qo‘shildi:

«Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma'lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta'minlashi shart».

Qonunning bu yangi moddasi 2021 yil 16 apreldan kuchga kirdi.

Shu modda asos qilinib, Facebook, Telegram, Instagram, TikTok, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar, Gmail, Mail.ru pochta xizmatlari va Google, Yandeks kabi internet servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari joylashgan ma'lumotlar bazalarini (serverlari) jismonan O‘zbekistonga olib kelib saqlashlari shartligi aytilmoqda.

AKT vazirligiga ko‘ra, serverlarda olib kelinishi talab qilinayotgan shaxsiy ma'lumotlar sirasiga fuqarolar tarmoqda ro‘yxatdan o‘tish uchun ishlatadigan ism-familiya, telefon raqam va pasport ma'lumotlar kiradi.

Qonun qabul qilinganini hisobga olsak, agar yirik kompaniyalar bu talablarni qabul qilmasa, O‘zbekiston hududida ularning faoliyati tugatilishi hech gap emas.

Ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin?

So‘nggi yillarda axborot texnologiyalari hayotimizdagi butun ijtimoiy muhitni jadal sur'atlar bilan o‘zgartirdi. Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi O‘zbekiston uchun qanday ta'sir qilishi mumkin?

Iqtisodiy ta'siri. Ommabop ijtimoiy tarmoqlarga cheklov o‘rnatilishi iqtisodiyot uchun o‘nglanmas zarba bo‘ladi. Facebook, Twitter kabi tarmoqlarda faqatgina siyosiy va g‘oyaviy ma'lumotlar berib borilmaydi, balki bu yerdan ko‘plab biznes uslublari, yangi innovatsion taqdimotlar yoki yuklangan videolar orqali kundalik hayotda ishlatish mumkin bo‘lgan texnologiyalarni o‘rganish mumkin.

Shuningdek, ko‘plab biznes treninglarni kuzatish imkoniyati bor. Tarmoqning bloklanishi natijasida ma'lumotlar oqimining kelishi ham to‘xtaydi. Natijada iqtisodiyotning dunyodan uzilib qolish tendensiyasi boshlanadi.

BBS O‘zbek xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistondagi bu yangilikni Facebook kompaniyasi salbiy qarshi olgan. Nashrga yetib kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, Facebook Rossiya, Xitoy va O‘zbekiston kabi davlatlar bu yo‘l bilan so‘z erkinligini jilovlashga urinayotganidan xavotirda.

Ijtimoiy ta'siri. Aholi orasida qo‘rquv muhiti kuchayadi. Va'da qilingan islohotlar uchun ishonchga juda katta putur yetadi. Yo‘qotilgan ishonchni qaytib tiklash esa oson bo‘lmasligi aniq.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar – faol muloqot vositasi. U orqali millionlab o‘zbekistonliklar fikr almashyapti. Fikr almashish esa faqat taraqqiyotga xizmat qiladi. Plyuralizm bejiz taraqqiyot omili sifatida e'tirof etilmaydi.

Birgina shu ikki omilning o‘zi masala ko‘lamini ko‘rsatadi va boshqa ijtimoiy ta'sirlar haqida fikr yuritishga hojat qoldirmaydi.

Endi savol paydo bo‘lishi mumkin, Xitoy ijtimoiy tarmoqlarni bloklab, iqtisodiy taraqqiyotga erishyapti-ku? Telegram'ni bloklab, o‘zining WeChat'ini yaratdi-ku, mana?

Ayni paytda Xitoyni butun dunyo bilan taqqoslashning imkoni yo‘q. Xitoyning o‘zi alohida bir dunyo. Bir milliarddan ortiq aholiga ega mamlakat o‘z aholisining axborot almashishga bo‘lgan ehtiyojini o‘zi qoplay oladi.

O‘zbekistonda esa bunday salohiyat yo‘q. Ehtiyojni ta'minlay oladigan tarmoq va messenjerlar ishlab chiqish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Jahon darajasida tayyor sifatli va tekin mahsulot turganda, uni o‘zimiz ishlab chiqishga urinishimiz – mantiqsizlik. Bu bilan jahondan uzilishga qaror qilgan bo‘lamiz. Shu o‘rinda davlat rahbari ochiqlik siyosati ortga qaytmasligini e'lon qilgani g‘oyat ahamiyatli.

Agar qabul qilingan qonun amaliyotga kiritilib, muzokara jarayonlari kutilgan natijani bermasa, bizning onlayn erkinligimiz har qachongidan ham ko‘proq xavf ostida qoladi.

Ayni paytda mamlakat ichida xoh u biznes bo‘lsin, xoh odamlar o‘rtasidagi muloqot bo‘lsin, ijtimoiy tarmoqlarning roli beqiyos. Raqamli dunyoning zamonaviy voqeligi ayni paytda uzilib qolishi har qanday sohada jiddiy pasayishga olib keladi.

Mavzuga oid