Iqtisodiyot | 18:13 / 31.05.2021
14611
3 daqiqa o‘qiladi

Minimal iste'mol xarajatlari qiymati moddiy yordamga muhtoj aholi uchun zarurligi aytildi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida minimal iste'mol xarajatlari nega kerakligi, uning ahamiyati nimada ekani haqida gapirdi.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, bu qiymat ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga moddiy ko‘mak berishda muhim ahamiyatga ega.

«Biz bir narsani tushunishga harakat qildik. Nima uchun minimal iste'mol xarajatlarini amaliyotga kiritishimiz kerak? Va umuman olganda bu nima uchun xizmat qilishi kerak va nega shu paytgacha minimal iste'mol savati yoki yashash minimumi degan tushunchani iqtisodiyotga tatbiq etish qiyin bo‘lgan? Davlat ertaga ijtimoiy ko‘maklarni, moddiy yordamni kimga ko‘rsatadi va qaysi miqdordan kelib chiqishi lozim? Mana shu savollarga javob izlash uchun xalqaro tajribani o‘rgandik.

Xalqaro tajribada o‘rta daromadli yoki rivojlanayotgan davlatlarning aksariyatida minimal iste'mol xarajatlari usulidan foydalaniladi. Albatta, ma'lum bir davlat boshqasi bilan solishtirganda bir-biridan farq qiladi. Lekin konseptual asosi shu.

Minimal iste'mol savatchasi va yashash minimumini shu paytgacha qila olmaganimizning sababi normativ ko‘rsatkich atrofida qotib qolganimiz bo‘lgan. Mamlakatdagi real iqtisodiy imkoniyat inobatga olinmagan.

Ilhom Norqulov

Yordamga ko‘proq ehtiyoji bor aholi guruhining xarajat va iste'mol qilish xususiyatini o‘rgandik. Aytaylik, mana shu guruhda 1 kilokaloriya uchun 4,6 so‘m xarajat qilinsa, yuqori daromadli guruhlarda 5-6 so‘m va undan yuqori xarajat qilinadi.

Mana shu guruhlarni tahlil qilganimizda, oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va zaruriy xizmatlarning eng minimal darajasi dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda 440 ming so‘mni tashkil qilishi aniqlandi.

Endilikda ijtimoiy nafaqalarni, minimal pensiyalarni va boshqa turdagi hisob-kitoblarni mana shundan kelib chiqib hisob-kitob qilish boshlanadi. Buni tayyorgarlik desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Negaki, yakuniy natijalar yil yakunida e'lon qilinadi», dedi Ilhom Norqulov.

Avvalroq, O‘zbekiston aholisining minimal iste'mol xarajatlari qiymati e'lon qilingandi. Mazkur hisobni amalga oshirish uchun Jahon banki ko‘magida respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Bunda so‘rovnomada ishtirok etgan uy xo‘jaliklari xarajatlari miqdori bo‘yicha o‘nta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo‘lgan 30 foiz uy xo‘jaliklari ajratib olingan.

Mavzuga oid