Jamiyat | 13:59 / 01.06.2021
23948
6 daqiqa o‘qiladi

«Ijtimoiy tarmoqlar serverlarini O‘zbekistonda joylashtirishni talab qilish – texnologik jarayonlarni tushunmaslikdir» - Kamoliddin Rabbimov

Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekistonda 2021 yil 16 apreldan kuchga kirgan «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasi yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirdi.

Foto: Kamoliddin Rabbimov / Facebook

«Bu qo‘shimcha ko‘plab xavotirlarga, farazlarga sabab bo‘lmoqda. Ba'zi talqinlarga ko‘ra, bu modda Facebook, Telegram, Instagram, TikTok, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga jiddiy ta'sir qilishi mumkin ekan. Jumladan, yuqoridagi moddadan kelib chiqib, O‘zbekiston huqumati, vatandoshlarga tegishli barcha ma'lumotlarni O‘zbekiston hududidagi serverlarda joylashni talab qilishi, aks holda, bu ijtimoiy tarmoqlar yopilishi mumkinligini aytishmoqda.

1. Ijtimoiy tarmoqlardagi insonlarning shaxsiy tashabbusi va mas'uliyati bilan joylashtiriladigan ma'lumotlar – shaxsning o‘zi va boshqalar to‘g‘risidagi axborot yig‘ish va tarqatish, fikrlash erkinligi, so‘z erkinligi, muloqot huquqi hisoblanadi. Bu — insonning fundamental, universal huquqlari sanaladi, xalqaro qonunlar va O‘zbekiston Konstitutsiyasi bilan kafolatlanadi. Shaxsning ba'zi ma'lumotlari davlat himoyasidagi uning xavfsizligi, sha'ni bilan bog‘liq sirlari hisoblanishi mumkin. Masalan, uning qon guruhi, aniq yashash manzili, rasmiy hujjatlaridagi ma'lumotlari, yaqinlari kimligi, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolari va hokazo. Bunday ma'lumotlarni himoya qilishda, davlat va jamoatchilik jamiyat a'zolariga umumiy ko‘rinishda tushuntirish ishlari olib borishi kerak bo‘ladi.

2. Ijtimoiy tarmoqlar serverlarini O‘zbekistonda joylashtirishni talab qilish – texnologik jarayonlarni tushunmaslikdir. Chunki shaxslarning ma'lumotlari, ijtimoiy tarmoqlarda ularning fuqaroligiga qarab yoki yashash joyiga qarab joylashtirilmaydi. Bu o‘ta murakkab texnologik jarayon hisoblanadi. Buning ustiga, fuqaroligiga qarab odamlarni «sortirovka» qilishni talab qilish – diskrinimatsiya hamda totalitar nazorat hisoblanadi.

3. Agar «shaxsga tegishli ma'lumotlarni himoya qilamiz» degan totalitar mantiq davom ettirilsa, unda ijtimoiy tarmoqlardan oldin elektron pochtalar, undan ham oldin mobil kompaniyalar to‘siqqa uchrashi kerak bo‘ladi. Masalan, shaxsga tegishli ma'lumotlar miqdori, Facebook’dan ko‘ra, Google’da, Rossiyaning elektron pochtalarida ancha ko‘p bo‘lishi kerak. Yoki 1990-2010 yillarda, birgina «O‘zdunrobita», keyinchalik MTS kompaniyasi qo‘lidan, O‘zbekiston aholisiga va elitasiga tegishli gigant ma'lumotlar oqimi o‘tdi. Agar yuqoridagi mantiqqa tayanilsa, unda axborot, aloqa va keng jamoatchilikka xizmat ko‘rsatish bilan ishlaydigan har qanday xorijiy kompaniyalarni yopish, milliylashtirish kerak bo‘ladi.

4. Yuqoridagi o‘zgartirishning huquqiy chegarasi aniq belgilanishi va tushuntirilishi kerak. Bu huquqiy talab, faqatgina davlat organlarining (Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi va h.k.) fuqarolarga tegishli bo‘lgan xususiy, shaxsiy va maxfiy ma'lumotlar bazalari saqlanadigan serverlarga nisbatan qo‘llanishi kerak. Ya'ni bu talab – davlatga, hokimiyatga, hukumatga, davlat organlariga tegishli! Aslo, fuqarolarga, ularning erkinliklariga emas.

5. Davlat o‘z manfaatlarini himoya qilish va parvarishlashni o‘ylasa, u raqobatdosh bo‘lishga intilishi kerak. Raqobatdoshlilikning asosiy shartlari – erkinlik, ochiqlik, ratsionallik, davlatning legitimligi, davlat institutlarining barqarorligi hisoblanadi.

Qadimgi xitoyliklar, o‘zlarini mo‘g‘ullar va shimoldagi boshqa bosqinchilardan himoya qilish uchun insoniyat tarixidagi eng yirik qurilish loyihasini amalga oshirishgan, bu Buyuk Xitoy devori deb atalgan. Uning boshlang‘ich uzunligi yigirma bir ming (!) kilometrdan uzun bo‘lgani aytiladi. Lekin boshqalar baribir qadimgi Xitoyga kamida 6 marta bostirib kirishgan. Devor mustahkam, uni buzish imkonsiz bo‘lgan. Lekin mo‘g‘ullar oddiygina qilib devor ustidagi qorovullarni sotib olishgan. Davlatning mustahkamligi – uning devorlari balandligi bilan emas, davlat posbonlarining aql-zakovati, hikmat asosida ish qilishi bilan belgilanadi», – deydi siyosatshunos.

Biroz oldinroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov bu qonun bo‘lishi va ishga tushishini sal ertaroq deb hisoblashini, bunday qonunni chiqarib, uni amalga oshirishdan oldin, o‘zimizda shularga nisbatan muqobil resurslarni yaratib olish kerakligini aytgan edi.

Shuningdek, Allamjonov deputatlar va partiyalar a'zolariga har bitta berayotgan taklifni chuqur va keng o‘ylash kerakligini tavsiya qilgan.

Ma'lumot uchun, «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 2021 yil 16 apreldan qonuniy kuchga kirgan yangi 27-1-moddasida shunday deyiladi:

«Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan, internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma'lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta'minlashi shart».

Ushbu moddaga ko‘ra, Facebook, Google, Telegram va boshqa servislar O‘zbekiston fuqarolari shaxsiga oid ma'lumotlarini jisman O‘zbekiston hududida saqlashi shart.

Shuningdek, hozir ushbu modda ijrosi yuzasidan ishchi guruh tuzilgan va Vazirlar Mahkamasining 255-sonli qarori va unga ilova tariqasida Nizom qabul qilingan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hukumatdan bu modda talabini tezroq bajarishni talab qilmoqda.

Mavzuga oid