Yangi Zelandiyaga viza olish tartibi va mamlakatga olib kirish taqiqlangan narsalar haqida bilasizmi?
UzbekLife xorijiy mamlakatlar vizalari haqidagi turkum maqolalarni davom ettiradi. Bu gal Yangi Zelandiya mamlakatiga viza olish tartibi haqida ma’lumot beramiz.
Yangi Zelandiyaga kelganingizda pasportingizning amal qilish muddati mamlakatdan qaytib chiqib ketayotganingizdan keyin ham kamida 3 oy davomida amal qilishini hisobga oling.
Yangi Zelandiyaga kelishda viza talab qilinmaydigan holat ham mavjud. Bular quyidagilar:
- Agar siz Avstraliya yoki Yangi Zelandiya fuqarosi yoki rezidenti bo‘lsangiz;
- Agar Birlashgan Qirollik fuqarosi bo‘lsangiz yoki uning pasportiga ega bo‘lsangiz (6 oygacha qolishingiz mumkin);
- Yangi Zelandiya bilan viza bo‘yicha shartnomaga ega davlat fuqarosi bo‘lsangiz (3 oygacha qolishingiz mumkin).
Agar yuqoridagi bandlarning birortasi sizga tegishli bo‘lmasa, u holda sizga Tashrif viza (Visitor Visa) kerak bo‘ladi. Bu viza bilan Yangi Zelandiyada 9 oygacha qolib, ta’tilingizni o‘tkazsangiz bo‘ladi. Vizaga onlayn ariza topshirsangiz tezroq va osonroq olasiz.
Yangi Zelandiyaga viza olishning asosiy shartlaridan biri ingliz tilini bilish hisoblanadi. Nomzod til bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat, masalan, xalqaro imtihon natijalari qayd etilgan sertifikat taqdim qilishi kerak.
Yangi Zelandiyaga immigratsiyaning turlari
Yangi Zelandiyada ishlab, dam olish
Mazkur turdagi viza 18-30 yoshdagi shaxslar uchun mo‘ljallangan. U 12 oygacha Yangi Zelandiyada sayohat qilib, ishlash huquqini beradi. Bunday vizani olish uchun siz viza talablariga mos kelishingiz hamda qaytish biletingiz (yoki shunga yetadigan pulingiz) bo‘lishi, mamlakatga asosan sayohatga kelishingiz, ishlash esa ikkinchi darajali maqsadingiz bo‘lishi kerak.
Mehnat vizasi va doimiy yashash
Agar Yangi Zelandiyaga bir necha yilga kelayotgan bo‘lsangiz yoki doimiy yashashni rejalashtirgan bo‘lsangiz, sizga mehnat vizasi yoki rezident vizasi kerak bo‘ladi. Buning uchun esa Yangi Zelandiyadan ish topishingiz kerak.
Yangi Zelandiyaga olib kirish taqiqlangan narsalar
Yangi Zelandiyaga samolyotingiz qo‘nishi oldidan ekipaj a’zolari sizga Yo‘lovchi yetib kelish kartasini (Passenger Arrival Card) beradi. Kartada biologik xavfli hisoblangan mahsulotlar ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, agar yuklaringiz orasida ro‘yxatdagi mahsulot bo‘lsa, kartada ko‘rsatishingiz, samolyotdan tushgach ularni chiqindi qutisiga tashlab yuborishingiz kerak. Aks holda jazolanishingiz, hatto deportatsiya qilinishingiz mumkin.
Mamlakatga quyidagilarni olib kira olmaysiz:
- Istalgan turdagi oziq-ovqat mahsuloti (pishgan, xom, quritilgan);
- O‘simlik va o‘simlik mahsulotlari (meva, gul, urug‘, yog‘och, barg, shox-shabba, sabzavot, yong‘oq, bambuk);
- Hayvon va hayvon mahsulotlari (go‘sht, tuxum, sut mahsulotlari, baliq, asal, pat, chig‘anoq, ishlov berilmagan hayvon yungi, teri, suyak, hasharot);
- Boshqa bioxavfli hisoblangan mahsulotlar (giyohlar, hayvon dorilari, turli organizmlar, tuproq, suv);
- Hayvon, o‘simlik yoki suvda ishlatiladigan mahsulotlar (qarmoq, asalari ini, bog‘dorchilik anjomlari, suv sporti va g‘avvoslikda foydalaniladigan anjomlar);
- Tashqarida va fermerlikda ishlatiladigan buyumlar (maxsus oyoq kiyim, chayla, ov qurollari, golf va boshqa sport anjomlari)ni olib kira olmaysiz.
Mamlakatga kirishga elektron ruxsat (eTA)
Yangi Zelandiya Tashqi ishlar vazirligi 60 dan ortiq davlat fuqarolari uchun mamlakatga kirishga elektron ruxsat (eTA) joriy qildi.
eTA sayyohlarga tranzit yoki turistik maqsadlarda Yangi Zelandiyaga kirishga huquq beradi va 2 yil davomida amal qiladi. eTA’ga ariza topshirish oson bo‘lib, u to‘liq onlayn tarzda amalga oshiriladi. Ariza qabul qilinishi bilan arizachiga viza olishi uchun elektron vaucher taqdim qilinadi. Keyin bu vaucher mamlakatga yetib kelganda Immigratsiya xizmati xodimlariga taqdim qilinadi.
Elektron viza tizimi bu dunyoning istalgan nuqtasidan viza olish uchun murojaat qilish usuli degani. Ushbu tizimning boshqa afzalliklari qatorida shuni ta’kidlash kerakki, sayohatchilar endi elchixonaga tashrif buyurishlari shart emas, chunki siz istagan vaqtingizda viza to‘lovini internet orqali to‘lashingiz mumkin.
Elektron vizaga hujjat topshirish uchun nima kerak bo‘ladi?
- Yangi Zelandiyaga kirganingizdan keyin kamida 6 oy amal qiladigan pasport;
- Mamlakatga kirish va chiqish vaqti;
- Kredit/debit karta yoki PayPal’da hisob.
Ziyodaxon G‘ulomova,
UzbekLife kolumnisti
Mavzuga oid
10:19 / 20.12.2024
O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida o‘zaro vizasiz tartib o‘rnatish masalasi muhokama qilinmoqda
22:08 / 19.12.2024
Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi ilk bor smartfonlarda ishlay boshladi
16:49 / 19.12.2024
Rossiyalik deputat migrantlar uchun viza joriy qilishni talab etdi
23:51 / 10.12.2024