O‘zbekiston | 10:19 / 20.12.2024
2634
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida o‘zaro vizasiz tartib o‘rnatish masalasi muhokama qilinmoqda

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Xitoyning Hongkong maxsus ma’muriy hududi hukumatining Pekindagi vakolatxonasi vakillari bilan muzokara o‘tkazdi.

Foto: dunyo.info

Vakolatxonaning Immigratsiya ishlari bo‘yicha rahbari Vong Vey-ki Ksariyer bilan konsullik – huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikka oid masalalar, Hongkong maxsus ma’muriy hududida mavjud migratsiya qoidalari, xususan ikki tomonlama sayyohlik almashinuvini rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida, shuningdek, Hongkong maxsus ma’muriy hududining viza siyosati, tomonlar fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasidagi sohaga oid me’yoriy-huquqiy bazani kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekistonda xitoyliklar, shu jumladan, Xitoyning maxsus ma’muriy hududlari – Hongkong va Makao fuqarolari uchun 10 kungacha vizasiz rejim amal qilib kelayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, joriy yil 1 dekabr kuni Chendu shahrida "Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risida"gi bitim imzolanganligi ma’lum qilindi. Hozirda mazkur hujjat kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki huquqiy protseduralaridan o‘tkazilayotganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni o‘z fuqarolari uchun Hongkong maxsus ma’muriy hududi bilan viza talablaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risida kelishuvga erishishni maqsad qilgani bildirildi.

"Hongkong tomoni ham O‘zbekiston bilan barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, amaliy natijadorlikni oshirish, xususan, o‘zaro fuqarolar almashinuvini kengaytirish va turizm sohasini izchil rivojlantirishdan birdek manfaatdor", dedi u.

Sohaga oid oldinda turgan masalalarni birgalikda hal etish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Mavzuga oid