Sport | 15:40 / 18.06.2021
17971
16 daqiqa o‘qiladi

De Bryuyne qaytdi va hal qildi, yana ikki jamoa pley-offda. Kun o‘yinlari yakunlari

Kopenhagendagi uchrashuvda Yevro-2020 favoritlari o‘yinni o‘zgartira olishdi. Sog‘ayib safga qaytgan Kevin de Bryuyne belgiyaliklar g‘alabasini ta'minladi. Nol ochko bilan qolayotgan Daniya endi Rossiyaga qarshi o‘yinda guruhdan chiqishga harakat qilib ko‘radi.

Yevropa chempionati. B guruhi
Daniya — Belgiya — 1:2
 (1:0)
Gollar: Poulsen, 2 (1:0). T.Azar, 55 (1:1). De Bryuyne, 70 (1:2).
Daniya: Shmeyxel, Kristensen, Ker, Vestergor (Skov Olsen, 84), Mexle, Vass (Stryuger Larsen, 62), Heyberg, Dileyni (Yyensen, 72), Breytueyt, Poulsen (Nergor, 62), Damsgor (Kornelius, 72).
Belgiya: Kurtua, Alderveyreld, Denayyer, Fertongen, Mene, Tilemans, Dendonker (Vitsel, 59), T.Azar (Fermalen, 90+4), Lukaku, Mertens (De Bryuyne, 46), Ferreyra-Karrasko (E.Azar, 59).
Ogohlantirishlar: Vass, 59. Damsgor, 69. Yyensen, 82. T.Azar, 90+3.
Hakamlar: Kyuypers. van Rukel, Zaynstra (barchasi — Niderlandiya).
VAR: van Bukel. Blom (ikkisi — Niderlandiya), Pajyes, Letekse (ikkisi — Fransiya).
17 iyun. Kopenhagen. «Parken» stadioni.

Eriksenni qo‘llab-quvvatlov
«Butun Daniya sen bilan, Kristian» — o‘yinning 10-daqiqasi o‘tayotganda Kopenhagendagi tribunalardan birida shu so‘zlar bitilgan banner ko‘tarildi. Kristian Eriksen bilan ro‘y bergan hodisa tufayli shu kuni «Parken» stadioni daniyaliklar futbolining eng yaxshi namoyondasini qo‘llab-quvvatlovchi atributlar bilan to‘lib toshgandi.

Ammo Eriksenni nafaqat muxlislar, balki futbolchilar ham maydonda qo‘llab-quvvatalshdi. Bannerlar o‘ninchi daqiqada ko‘tarilgani bejiz emas, Eriksen Yevropa chempionatida aynan 10-raqamli futbolkada o‘ynayotgandi. 11-daqiqaga o‘tilganda o‘yin bir daqiqaga to‘xtatildi. Bu vaqtda to‘p belgiyaliklarda edi, arbitr Born Kyuypers o‘yindan oldin kelishilganidek tanaffus e'lon qildi. Kristianning «Inter»dagi jamoadoshi, Belgiya termasi forvardi Romelu Lukaku o‘yindan bir kun oldin o‘yinda bir daqiqa to‘xtalish bo‘lishini e'lon qilgandi. Shunday ham bo‘ldi: belgiyaliklar to‘pni autga tepib yuborishdi va futbolchilar joylarida to‘xtab, butun arena bilan birgalikda Eriksenni olqishlashdi.

Skandinavlarning rejasi
Eriksenga jamoasining birinchi bo‘limdagi o‘yini yoqqani shubhasiz. Finnlarga qarshi o‘yinda Kasper Yulmann shogirdlarining o‘yiniga Kristian bilan ro‘y bergan voqea katta ta'sir ko‘rsatgan, ular o‘zlariga kelishi qiyin bo‘lgandi: mehmonlar esa avtobus qo‘yib, birgina vaziyatdan foydalangan holda g‘alaba qozonishgandi (Daniya zarbalar bo‘yicha 22:1, aniq zarbalar bo‘yicha 6:1 ko‘rsatkichini qayd etgandi). Bu safar esa raqib nafaqat ularga o‘ynashga qo‘yib berishdi, balki tezkor gol urishga ham yordam berishdi — Belgiya termasi himoyachisi Denayyer o‘yinning 2-daqiqasidayoq pressing ostida xato qildi va Poulsen hisobni ochdi, 99-soniyada urilgan bu gol Yevro tarixidagi eng tezkor 2-golga aylandi.

Daniyaliklar o‘yinga jiddiy tayyorlanishgandi. Birinchidan, bu mantiqiy: finnlardan uchralgan mag‘lubiyat ularni maksimum darajada o‘ynashga majbur etardi. O‘yinning ilk olti daqiqaligida mezbonlar raqib jarima maydonida turib to‘rt bor darvozaga zarba yo‘llashdi.

Ikkinchidan, taktika. Daniya Belgiya uchun konkret reja bilan o‘yinga tushdi: raqibning 3-4-2-1 sxemasi takrorlandi, holbuki daniyaliklar shu vaqtgacha bunday sxemada o‘ynab ko‘rishmagandi. Yulmann davrida daniyaliklar birinchi va so‘nggi bor 2020 yilning noyabrida Islandiyaga qarshi o‘yinda ilk daqiqalardanoq uch markaziy himoyachi bilan boshlagandi, o‘shanda ham murabbiylar shtabi raqib sxemasini takrorlagandi. Bu omad keltirib, jamoa 2:1 hisobida g‘alaba qozongan, ikki golni ham Eriksen urgandi.

Ammo bu safar Kristian va daniyaliklarga kreativlik yetishmadi. Ammo ular maydonda borini berib o‘ynashdi: ilk daqiqalardan boshlangan to‘xtovsiz pressing tezkor golga olib keldi, Poulsen — Breytueyt — Damsgordan iborat hujum uchligi doimiy ravishda o‘rin almashib turishi belgiyalik himoyachilarni chalkashtirib tashladi. Bu o‘yin statistikasida ham zarbalar bo‘yicha daniyaliklar ustunlik qilishdi - 21:6 (aniq zarbalar bo‘yicha 5:5).

Kevin-qutqaruvchi
Daniya birinchi bo‘limda Eriksen uchun o‘ynab berdi. Skandinavlar Yevro-2020 saralashida atigi uch gol o‘tkazgan terma jamoa himoyasini osonlik bilan yorib o‘tardi.

Ammo Belgiyada o‘yinni o‘zgartirish uchun yana bir to‘liq bo‘lim bor edi va Roberto Martines bu vaqtdan to‘g‘ri foydalandi. Tanaffusda Mertens o‘rniga De Bryuyne tushirildi — bu Chempionlar ligasi finalida qoshi yorilib va burni jarohatlangan yarimhimoyachining ilk o‘yini edi. U niqobda emasdi — uning yuzida jarohat izlari ham qolmagandi.

O‘yin butunlay o‘zgardi. Belgiyaliklarga birinchi bo‘limda original tafakkur yetishmayotgandi va shu tufayli ular Shmeyxel darvozasi oldiga ko‘p ham yaqin kela olishmagandi. De Bryuyne ikkinchi bo‘lim boshlanishidan 10 daqiqa o‘tib Torgan Azarni golli vaziyatga chiqardi. Ko‘p o‘tmay Azarlarning kattasi Eden ham o‘yinga qo‘shildi, u Torgan bilan devor o‘ynab De Bryuyne uchun gol urishga vaziyat yaratib berishdi — 2:1. Bu golda birinchi golda ham faol bo‘lgan Lukakuning xizmatlari ham katta bo‘ldi.

Daniya ikkinchi bo‘lim o‘rtalaridan yangi futbolchilar tushirishga kirishdi, ammo bundan naf chiqmadi. Breytueyt asosiy vaqtning so‘nggi daqiqasida darvoza ustunini poyladi, hujumda bundan ortiq xavfli vaziyat kuzatilmadi. Qo‘shimcha daqiqalarda mezbonlar yana bir gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi — Shmeyxel burchak zarbasi tepilganda raqib hududiga borgandi, qarshi hujumda Mene gol urolmadi.

Yakunda Belgiya De Breyne bilan g‘alaba qozondi, Daniya esa Eriksensiz qatorasiga ikkinchi o‘yinni boy berdi, ammo jamoa hamon guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Buning uchun skandinavlar so‘nggi turda Rossiyani yirikroq hisobda mag‘lub etishi talab etiladi.

Ukraina mag‘lubiyatli seriyasini yakunladi va pley-off uchun kurashda qoldi

Yevropa chempionati. C guruhi
Ukraina — Makedoniya — 2:1 (2:0)
Gollar: Yarmolenko, 29 (1:0). Yaremchuk, 34 (2:0). Alioski, 57 (2:1).
Aniq ijro etilmagan penalti: Alioski, 57 (darvozabon), Malinovskiy, 84 (darvozabon).
Ukraina: Bushchan, Karavayev, Zinchenko, Matviyenko, Mikolenko, Zabarnyy, Stepanenko, Malinovskiy (Sobol, 90+2), Shaparenko (Sidorchuk, 78), Yarmolenko (Tsigankov, 70), Yaremchuk (Besedin, 70).
Makedoniya: Dimitriyevski, S.Ristovski, Alioski, Velkovski (Ristevski, 85), Musliu, Ademi (Trichkovski, 85), Spirovski (Churlinov, 46), Bardi (Avramovski, 77), Nikolov (Traykovski, 46), Elmas, Pandev.
Ogohlantirishlar: Shaparenko, 43. Velkovski, 59. Avramovski, 83.
Hakamlar: Rapallini. Belatti, Bonfa (barchasi — Argentina).
VAR: Ernandes-Ernandes (Ispaniya). Meli (Italiya), Sanches Martines, Martines Munuera (ikkisi — Ispaniya).
17 iyun. Buxarest.  «Milliy» stadion.

Ukraina termasi niderlandlarga qarshi birinchi o‘yinning ikkinchi bo‘limida ikkita javob goli urib, muxlislarning olqishlariga sazovor bo‘lgandi. Lekin bu kambek ochko keltirmagan, raqib yakunda yana bir gol urib g‘alabani ilib ketgandi. Makedonlar ham Yevropa chempionatlaridagi ilk tarixiy o‘yinida avstriyaliklarga mag‘lub bo‘lishgan, shu tufayli bu o‘zaro o‘yinda kim guruhda qolib ketishi masalasi hal bo‘lardi.

Andrey Shevchenko boshlang‘ich tarkibda ikki o‘zgarish qildi: Shaparenko jarohatlangan Zubkov o‘rnini egalladi, tayanch zonasida Sidorchuk o‘rniga Stepanenko tushdi. Murabbiy o‘yinda tashabbus va to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik ukrainlar tomonida bo‘lishi uchun o‘zgarishlar qildi. Bu ish berdi: sariq-ko‘klar yulduzlari — Malinovskiy, Yarmolenko, Yaremchuk va ularni ortdan qo‘llab-quvvatlagan Zinchenko — tezlik bilan raqib hududida paydo bo‘lishardi. Birinchi yarim soatlikda ukrainlar ko‘plab vaziyatlarni golga aylantira olishmadi, ammo bo‘limning oxirgi qismida baribir o‘z maqsadlariga yetishishdi. Burchak zarbasidan keyin Yarmolenko uzoq burchakni aniq nishonga oldi. Bu uning terma jamoadagi 42-goli bo‘ldi, u hozirda o‘ziga ustozlik qilayotgan Shevchenkoga yetib olishi uchun yana olti gol kerak.

Besh daqiqa o‘tib Ukraina ikkinchi golni urdi. Bu safar Yarmolenko assistent rolida, Yaremchuk esa birga-bir vaziyatdan oqilona foydalandi. Ushbu futbolchilar turnirda ikkitadan gol va bittadan golli pas muallifi bo‘lib turishibdi.

Shundan keyin o‘yinda bir savol yuzaga keldi — makedonlar ukrainlarning Amsterdamdagi qahramonligini takrorlay olishadimi? Tanaffus arafasida ular bunga tayyor ekanliklarini ko‘rsatishdi. Pandev darvozabonni aldab o‘tib darvozani ishg‘ol etdi, ammo u ofsaydda qolib ketgani ma'lum bo‘ldi. Darvoqe, bu o‘yinda Yevro tarixida ilk bor argentinalik hakamlar brigadasi ishladi.

Ikkinchi bo‘limda hakam o‘ziga e'tibor qaratdi: Fernando Rapallini tanaffusdan keyin ikki penalti qo‘ydi. Avvaliga — ukrainlar darvozasiga. Lekin negadir nuqtaga Pandev emas, «Lids»dagi o‘yinlari orqali tanilgan Alioski keldi. Uning zarbasini Bushchan qaytardi, ammo u qaytgan to‘pni baribir darvozaga to‘g‘rilab yubordi. Maydondagi vaziyat, tabiiyki, o‘zgardi. Endi makedonlar ukrainlarning birinchi bo‘limdagi o‘yinini ko‘rsata boshlashdi: yaxshi kombinatsiyalar uyushtirildi, vaziyatlar yaratildi, uzoq masofalardan zarbalar yo‘llandi.

Ukraina termasi o‘yin oxiridagi asabiylikdan qutulish uchun uchinchi golni urib hisobni qulay vaziyatga keltirishga yaqin kelgandi. Rapallini videotakror orqali makedoniyaliklar jarima maydonida qoidabuzarlik qayd etdi va penalti belgiladi. Yaremchuk va Yarmolenko bu vaqtda zaxiraga olingandi, shu tufayli 11-metrlik nuqtaga Malinovskiy yaqinlashdi. U zarbani aniq ijro eta olmadi — Dimitriyevski zarbani to‘sdi.

Ukrainlar baribir g‘alabani saqlab qola olishdi, ammo ularning ikkinchi bo‘limdagi o‘yini birinchi bo‘limdagidan keskin farq qildi. Lekin bu unchalik muhim emas - muhimi ochkolar qo‘lga kiritildi. Ukraina termasi Yevropa chempionatlarida olti o‘yindan iborat bo‘lgan mag‘lubiyatli seriyasiga yakun yasab, pley-offga chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil qilishdi. Shu bilan birga, turnir antirekordidan qutulib qolishdi — turnir tarixida bir jamoa qatorasiga yetti o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan.

«Qizil lolalar»ning qaytishi. Niderlandlar 2014 yildan buyon ilk bor yirik turnir pley-offida o‘ynaydi

Yevropa chempionati. C guruhi
Niderlandiya — Avstriya — 2:0
 (1:0)
Gollar: Depay, 11 — penalti (1:0). Dyumfris, 67 (2:0).
Niderlandiya: Stekelenburg, Blind (Ake, 64), van Anholt (Vayndal, 65), de Fray, de Ligt, Dyumfris, Veynaldum, de Ron (Gravenberh, 74), F.de Yong, Depay (L.de Yong, 82), Veghorst (Malen, 64).
Avstriya: Bahmann, Dragovich (Linhart, 84), Ulmer, Alaba, Hinteregger, Layner, Zabitser, Laymer (Grillich, 61), K.Shlager (Onisivo, 84), Baumgartner (Lazaro, 70), Gregorich (Kalayjich, 62).
Ogohlantirishlar: Alaba, 10. de Ron, 14. Bahmann, 67.
Hakamlar: Grinfeld. Hassan, Yarkoni (barchasi — Iszroil).
VAR: Gil (Polsha). Valeri (Italiya), Bets, Attuell (ikkisi — Angliya).
17 iyun. Amsterdam. «Yohan Kroyf Arena» stadioni.

Niderlandlarning Ronald Kuman boshqaruvidagi qayta uyg‘onishi Frank de Bur davriga kelib to‘xtab qolgandek edi. U «Ayaks»da murabbiylik faoliyatida qatorasiga to‘rt mavsumda chempionlikni qo‘lga kiritdi, ammo amsterdamliklar o‘yini  uning davrida zerikarliroq bo‘ldi. Keyin de Bur «Inter», «Kristal Pelas» va hatto u kelishidan oldin MLS chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritgan «Atlanta Yunayted»da ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Milliy jamoadagi faoliyati ham kamtarlik bilan boshlandi — to‘rt o‘yinda g‘alaba qozonilmadi, shu yil martida JCh-2022 saralashidagi birinchi o‘yinda Turkiyadan 2:4 hisobidagi mag‘lubiyat qayd etildi. Ammo, qanchalik g‘alati eshitilmasin, de Bur milliy jamoani Yevropa birinchiligiga juda yaxshi tayyorlagani ma'lum bo‘ldi, u himoya markazida van Deykning yo‘qligini bildirmaslik uchun maksimal harakat qildi. Shu tufayli de Ligtning safga qaytishi ham uch markaziy himoyachidan iborat sxemaga ta'sir ko‘rsatmadi.

Bu sxemaning eng yaxshi tomoni (Niderlandiya odatda 4-3-3 sxemasida o‘ynab kelgan) laterallarning qo‘li bog‘liq bo‘lmaganidir. 1-turda Dyumfris ukrainlar himoyasini sochib yuborgandi. 2-turda PSV futbolchisi «Real»ning yangi futbolchisi Alabani jarima maydonida ehtiyotsiz harakat qilishga majburladi (avstriyalik raqibning oyog‘ini bosib oldi) va penalti ishladi. Ikkinchi bo‘limda esa Dyumfris Depay va Malen ishtirokidagi ajoyib kombinatsiyani gol bilan yakunlab, o‘yin taqdirini hal qildi.

Bu sxema qanot himoyachilari faolligi evaziga transformatsiya bo‘ladi. Ayniqsa Dyumfris o‘ng qanotda chapdagi van Anholtdan ham ko‘proq oldinga boradi.

Niderlandlar vaziyatlaridan foydalana olishganida birinchi bo‘limdayoq yirik hisob qayd etishlari mumkin edi. Birgina Depayning o‘zi het-trik qayd etishi mumkin edi, ammo u faqat penaltini aniq ijro etish bilan cheklandi. Joriy chempionatdagi darvozabonlarning qahramonliklarini hisobga olsak, uning gol urgani ham katta natija. Depay aslida jamoaning asosiy to‘purarlaridan, yil boshidan buyon Memfis terma jamoa safidagi yetti o‘yinda 6 gol urib, 3 golli uzatmagan mualliflik qilgan va bu de Burni ham, muxlislarni ham qanoatlantiradi, u niderlandlarniing «o‘nligi» shu yozda «Kamp Nou»ga yo‘l olmoqda.

Depayni «Barselona» bilan kelishuvga erishishdan to‘xtata olmagan «PSJ» Veynaldumni o‘ziniki qildi. Kumanga «Liverpul»ning ushbu sobiq futbolchisi katta yordam bergan bo‘lardi, milliy jamoa sardori Frenki de Yong bilan katalonlar markazini betonlashi mumkin edi.

Niderlandlar uchun Avstriya ustidan g‘alaba — oddiy holat. Bunisi — qatorasiga yettinchisi, avstriyaliklar so‘nggi bor 1990 yil mayida g‘olib chiqishgan, bu ularning o‘zaro qarama-qarshiliklardagi yagona g‘olibligi, o‘sha vaqtda niderlandlarning hozirgi tarkibidan faqat Blind hamda 38 yoshli Stekelenburg tug‘ilgandi. Endi niderlandlarning katta turnirlar pley-offiga chiqishi yana odatiy holatga aylanadi. 2014 yilgi jahon chempionatidagi bronzadan keyin ular avvalgi Yevroni hamda Rossiyadagi jahon chempionatini o‘tkazib yuborishdi. Guruhdagi ikkinchi g‘alabadan keyin ular katta o‘yinlarga ishonch bilan qaytishganini isbotlashdi.

Mavzuga oid