O‘zbekiston | 17:58 / 23.06.2021
3077
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyning «sariq osmoni»ga chiqindi poligonidagi yong‘in sabab bo‘lgani ma'lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha kundan beri tongda Navoiy shahri osmoni sarg‘imtir tusga kirayotgani va o‘tkir hidli, bo‘g‘uvchi havodan nafas olishning imkoni bo‘lmayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi holatni o‘rganib chiqib, munosabat bildirdi

Ma'lum qilinishicha, ob-havoning keskin isib ketishi natijasida Karmana tumani hududida joylashgan, «Berejlivost» XIChKga qarashli chiqindilarni ko‘mish poligonida 2021 yil 19 iyun kuni yong‘in sodir bo‘lgan. Buning oqibatida atmosferaga katta miqdorda tutun, turli gazlar, kanserogen moddalar, is gazi va boshqa moddalar ajralib chiqqan. Shamol ta'sirida ushbu gazlar shahar atmosfera havosida saqlanib, anomaliya holatini sodir qilgan va aholi uchun noqulay sharoitni keltirib chiqargan.

2021 yil 22 iyun kuni boshqarmaning atrof-muhit ifloslanishini monitoring qilish bo‘limi va viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi huzuridagi Navoiy shahar atmosfera havosini monitoring qilish laboratoriyalari hamkorligida chiqindixonaning sanitar himoya mintaqasidan namunalar olinib, tahlil ishlari olib borilgan. 

Chiqindixonaning sharqiy tomonidan olingan namunalar tarkibida azot oksidi, oltingugurt ikki oksidi, uglerod ikki oksidi belgilangan me'yorlardan yuqori holatni ko‘rsatgan. Gidrometrologiya laboratoriyasi tahlillari natijalarida esa noorganik chang, oltingugurt oksidi, uglerod oksidi, azot ikki oksidi, ammiak me'yordan yuqoriligi ma'lum bo‘lgan.   

«Me'yordan yuqori chiqqan holatlar bo‘yicha tabiatga yetkazilgan zarar va atmosfera havosini ifloslantirganligi uchun ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, barcha holatlar bo‘yicha sudga chiqarish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda. Ushbu hudud Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan nazoratga olindi. Ishning yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot taqdim etiladi», — deyiladi boshqarma munosabatida.

Mavzuga oid