O‘zbekiston | 22:46 / 24.06.2021
11372
4 daqiqa o‘qiladi

AOKA direktori axborot sohasidagi qonunlar va bu sohaga kuch tuzilmalarining aralashuvi borasidagi savollarga javob berdi

Kecha, 23 iyun kuni «International hotel Tashkent» mehmonxonasida AOKA rahbarligidagi «Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon» mavzusida milliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, 180ga yaqin vazirlik, tashkilotlar va hokimliklar axborot xizmatlari qatnashgan tadbirda AOKA, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi vakillari va deputatlar ma'ruza qildi.

Unda ta'kidlanishicha, ayni paytda AOKA tomonidan suhbatdan o‘tkazilgan jami 685 nafar matbuot kotibi faoliyat yuritmoqda. Ular bugun axborot maydoniga to‘g‘ri, tezkor va xolis axborot yetkazilishida muhim bo‘g‘inga aylanib ulgurdi.

Tadbir davomida qator jurnalistlar ham chiqish qilib, sohadagi islohot va muammoli bo‘lib turgan masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Bu borada Kun.uz muxbiri:

  • O‘zbekistonda axborot sohasida yildan yilga yangi qonun va qarorlar ko‘payib borayotgani, ular OAVni erkinlashtirishga emas, chegaralashga xizmat qilayotgani,
  • Kun.uz va Azon.uz internet nashrlari atrofida ro‘y berayotgan voqealar fonida endilikda mo‘min-musulmonlarni hayit bayrami bilan tabriklash uchun ham ekspertiza xulosasi  talab etilishi mumkinligi va bu davlatning bosh qomusi va qonunlarga qanchalik to‘g‘ri kelishi;
  • shuningdek, sohada AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyat yuritayotgan bir vaqtda mamlakatdagi kuch tuzilmalarining nega OAV ishiga aralashish holatlari saqlanib qolayotganiga e'tibor qaratdi.

AOKA direktori Asad Xo‘jayev savollarga javoban o‘z fikrlarini bildirar ekan, ularning ayrimlarini «ritorik» deb atadi.

«Biz hammamiz mamlakatdagi qonunlar bo‘yicha faoliyat yuritishimiz kerak. Agar huquqiy davlat qurib, unda yashamoqchi bo‘lsak, qonunlarga rioya qilishimiz kerak.

Bu qonunlarni O‘zbekiston xalqi tomonidan saylangan deputatlar qabul qilyapti. Ularning ishlashi, tatbiq etilishi bo‘yicha, albatta, savollar yuzaga kelishi mumkin. Kimdir bosim deb o‘ylaydi, kimdir esa xursand bo‘ladi.

Bu qonunlarga avvalo davlat organlari, ikkinchidan, jurnalist va blogerlar rioya qilishi kerak.

Hozir so‘z erkinligi berilgan. Biz buni ko‘rib turibmiz. Internetda hamma xohlagan fikrini aytyapti. Bu yerga chiqib savol berishingiz ham uning yaqqol ifodasi», – dedi u.

AOKA direktori Asad Xo‘jayev

AOKA direktorining davom etishicha, odamlar hamma masalani sud orqali yechishga o‘rganishi kerak.

«Bu borada odamlar uchun avvallari sudga borish, sudga berish degan tushunchalar g‘alati tuyulardi. Hozir sud tizimidagi islohotlar juda ko‘p savollarni o‘rtadan olib tashlayapti. Albatta, sud qarorini ham hurmat qilishimiz kerak.

Internetga keladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda bu sohani tartibga solish mexanizmlari deyarli yo‘q va ishlamayapti. Xorijda esa bu mexanizmlar juda yaxshi ishlaydi.

Bizga internet orqali ta'qib qilish, kiberhujumga uchrash, akkauntni bloklab qo‘yish kabi masalalarda ko‘plab murojaatlar bo‘ladi.

Men «bizda qonun ko‘payib ketdi», degan fikrga nisbatan aytamanki, bizda soha hali to‘liq tartibga solinmadi.

Bu yerda matbuot xizmatlari faoliyatini ham e'tirof etish kerak. Ular hozir to‘g‘ri axborotni jamoatchilikka yetkazib berishga mas'uldir. Ammo ularda ham hali qo‘rquv bor. Chunki 2016 yilgacha hammani qo‘rquvga solish yoki erkin gapirishga to‘siqlar bor edi.

O‘ylashimcha, davlatning har bir qadamini qonun bilan tartibga solish ayrimlar tomonidan bosim deb hisoblanadi. Ammo bu xavotirlar asossiz.

Biz endi shu qonunlar nega qabul qilinayotganini asoslab berishimiz kerak. Chunki har bir qonunning o‘z sabablari bor», – dedi Asad Xo‘jayev.

Mavzuga oid