Jurnalistlarni himoyalash qo‘mitasi: Kun.uz va Azon.uz'ga solingan jarimalar bekor qilinishi kerak
O‘zbekiston rasmiylari Kun.uz va Azon.uz mustaqil saytlarining xodimlariga solingan jarimalarni bekor qilib, barcha nashrlarga erkin faoliyat yuritishiga qo‘yib berishi kerak, deb bayonot berdi Jurnalistlarni himoyalash qo‘mitasi.
Nyu-Yorkda joylashgan xalqaro nodavlat tashkilot – Jurnalistlarni himoyalash qo‘mitasi O‘zbekistondagi Kun.uz va Azon.uz saytlari jarimaga tortilganini qoralab bayonot chiqardi.
21 iyun kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi Kun.uz va Azon.uz saytlarini sud tartibida jarimaga torttirgan edi.
Bu saytlarning rahbarlariga saytlarda e'lon qilingan qator materiallar dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilmagani aybi qo‘yildi.
Bunday ayb bilan ma'muriy ish qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan O‘zbekiston qonunchiligidagi huquqiy me'yorni xalqaro tashkilotlar tanqid qilib keladi.
2014 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tmagan diniy mazmundagi har qanday materialni O‘zbekiston hududida tayyorlash, olib kirish va tarqatish taqiqlangan.
Shunga asosan, Kun.uz'dagi 7 ta material diniy mazmunda va ekspertizadan o‘tishi kerak bo‘lgan, deb topildi. Bu materiallar orasida tahririyatning Ramazon oyi tabrigi, mahr mavzusidagi ko‘rsatuv, masjid imomi bilan suhbat ham bor.
Jurnalistlarni himoyalash qo‘mitasi munosabatida aytilishicha, qo‘mita ikki mustaqil saytning jarimaga tortilishi masalasida O‘zbekiston hukumatining Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasiga elektron xat yuborgan, biroq hech qanday javob olmagan.
“Rasmiylar Kun.uz va Azon.uz'ga solingan jarimalarni bekor qilishlari va mamlakatdagi mustaqil OAV faoliyatiga tinimsiz to‘sqinlik qilishni, xususan avvaldan senzuralash talabini qo‘yishni to‘xtatishlari kerak”, – degan JHQning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Gulnoza Said.
Bayonotda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev shu yil fevral oyida Azon.uz saytidagi qator maqolalarni oldirib tashlashga uringani ham qayd etib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, sud qaroridan so‘ng Kun.uz va Azon.uz saytlari norozilik belgisi sifatida axborot tarqatishni vaqtincha to‘xtatgandi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asad Xo‘jayev 23 iyun kuni Kun.uz muxbiri savoliga javoban bu voqeaga munosabat bildirib, qonunlarga rioya qilish kerakligi, bu qonunlarni “O‘zbekiston xalqi saylagan deputatlar qabul qilayotgani”ni aytdi.
Bugun, 26 iyun kuni Oliy Majlis Senati “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ma'qulladi. Bu esa OAVga qarshi qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan diniy materiallar ekspertizasiga oid me'yor saqlanib qolishini anglatadi.
Mavzuga oid
15:00 / 21.12.2024
Kun.uz'ning YouTube'dagi obunachilari soni 3 milliondan oshdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
21:49 / 12.12.2024
Avstraliya internet kompaniyalarni mahalliy OAV kontenti uchun pul to‘lashga majbur qiladi
16:05 / 16.11.2024