O‘zbekiston | 12:30 / 28.06.2021
2779
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan yashirin sex egasiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Jizzax shahrida tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan yashirin sex faoliyati fosh etilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Jizzax shahrida yashovchi fuqaro J.R. o‘zining yashash xonadonida yashirin sex tashkil qilib, o‘zboshimchalik bilan tabiiy gaz tarmog‘iga ulangani aniqlangan. U qo‘lbola usulda tayyorlangan ohak pishirish pechida 12 dona gaz gorelkasini o‘rnatib, noqonuniy ohak ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullangan. Oqibatda, hududiy gaz ta'minoti korxonasi manfaatlariga 76,3 million so‘m zarar yetkazilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid