O‘zbekiston | 16:13 / 29.06.2021
32435
5 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimov hokimiyat oldiga qo‘ylar haydab kelinganiga munosabat bildirdi

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Kun.uz'ga bergan intervyusida yaylovlardan foydalanish masalasiga to‘xtaldi. U, fuqarolar yaylovlarda chorva hayvonlarini o‘tlatganlik uchun badal to‘lashi belgilangani, buning uchun qishloqlarda moli bor fuqarolar a'zoligida uyushmalar tuzilishini aytib o‘tdi.

– Tomchilab sug‘orish tizimlari haqida ko‘p gapiriladi, lekin tizimda deyarli siljish sezilmaydi. Suv va sug‘orish bilan bog‘liq muammolar qanday hal etilyapti?

– Balki, men aytganim sizga yolg‘on bo‘lib tuyular, lekin tumanlarga borib ko‘rsangiz, tomchilab sug‘orish tizimi qanday yo‘lga qo‘yilayotganini ko‘rishingiz mumkin. Suv eng tanqis bo‘lgan Qo‘shrabot tumanida bog‘lar mana shu usulda sug‘orib kelinyapti.

Jomboy tumanida lalmi yer qolmadi, qariyb 100 foiz tomchilatib sug‘orishni qo‘llagan holda yerga ishlov berilmoqda. Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Ishtixon tumanlarida ham bu borada katta ish ketyapti. Viloyatda 5 ming gektar yerimizga tomchilatib sug‘orish orqali suv berilyapti, bu hazil yer emas. Keyingi ikki yilda subsidiya ajratilishi natijasida ish ancha oldinga siljidi.

– Yaylov yerlar kamayib borayotgani va chorvachilik orqaga ketayotgani aytilyapti.

– Deylik, 100 gektar yerga 100 bosh qo‘y va mol boqib yurilibdi. O‘sha yer ostida sug‘orishga yaroqli toza suv bor va bir tadbirkor kelib, o‘sha yerga suv chiqarib, 10 ming bosh qo‘y boqishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lsa, qaysi biri foydali bo‘ladi? Albatta, ikkinchisi.

Agar yaylov egasiman deb da'vo qiluvchi fuqaroda 50 yillik ijara shartnomasi bo‘lsa, bu boshqa masala. Bahor oyida Nurobod hokimiyati oldiga qo‘ylar haydab borilgani shov-shuv bo‘lib ketdi. Ko‘pchilikning fikricha, bu qo‘ylar – aholiniki, lekin aslida, tekshirganimizda, fermerning qo‘ylari ekan, unga talab yoqmagan va shu tomoshani uyushtirgan.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov

O‘sha yerlik aholi bilan borib gaplashdik, men molimni qayerda boqaman, deyapti. Qayerda boqarding, o‘sha yerga boqasan, dedik. Faqat endi yaylovdan foydalanganlik uchun soliq to‘lanadi. Qonunda soliq to‘lash kerakligi yozib qo‘yilgan.

Qishloqlarda uyushmalar tuziladi va moli bor fuqarolar unga a'zo bo‘ladi. Deylik, ming gektar yer, odamlar moli soniga qarab yaylovdan foydalangani uchun badal to‘lashi, uyushma esa o‘sha pullarni davlatga yer solig‘i sifati to‘lashi kerak. Bu – Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan nizomda ko‘rsatilgan.

Ota-bobosi boqib kelgan bo‘lsa, bu ham soliq to‘lamasdan boqib yursin degani emas-da, qonunga bo‘ysunish kerak-ku. Agar bu qonunlarga amal qilmasak, bekor qilaylik.

Ba'zida tushunmovchilikdan yaylovni o‘ldirib qo‘yayotganlar ham bor. Shudgor qilib qo‘yib, hech narsa ekmaydi, yer esa changib yotadi. Yoki yer sotadiganlar bor – hammasi firibgarlik.

– Davlat rahbari ishonchiga qanday kirgansiz? Ishonchni oqlash uchun nima qilish kerak?

– Bu savol qanchalik o‘rinli, bilmadim, lekin bir narsa aytishim mumkinki, ishlash kerak, ishlaganda ham aql bilan ishlash kerak. Bosim hamma joyda bo‘ladi, agar bosimdan charchasa yoki qo‘rqsa, ishlamasin.

– Navoiy viloyatiga hokim bo‘lib tayinlanishingizni xotirlaysizmi? Birinchi prezident Islom Karimov bilan shu mavzudagi suhbat haqida gapirib bersangiz.

– Men o‘sha vaqtda qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlardim. Samarqandda ish bo‘yicha yurgandim. 2008 yil 9 dekabr kuni telefon qilishdi, yetib bordim. Kabinetga olib kirishdi, Islom Abdug‘aniyevich bilan suhbat bo‘ldi.

O‘shanda bir savol bergandiki, viloyatdagi muammolarni qanday yechasan. Men o‘zim bilganimcha borib vaziyatni o‘rganib keyin takliflarimni aytdim. Islom Abdug‘aniyevich to‘xtatdilar-da: “Senga nasihatim – Navoiy viloyatida faqat tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlikni, tijoratni rivojlantirish evaziga ijtimoiy muammolarni tez yechsa bo‘ladi. Buning yagona yechimi shu narsa”, – deya maslahat bergan edi.

Suhbatning 1-qismi:

Mavzuga oid