Jahon | 00:24 / 01.07.2021
6348
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda dunyo millionerlarining umumiy boyligi deyarli 80 trillion dollarga yetdi

Foto: Getty Images

Dunyodagi barcha dollardagi millionerlarning umumiy boyligi 2020 yilda 7,6 foizga ko‘payib, 79,6 trln dollarga yetdi. Bu haqda Capgemini SA kompaniyasining World Wealth Report hisobotida ma'lum qilingan.

Bir yil ichida badavlat odamlar (high-net-worth individual, HNWI) soni 6,3 foizga ko‘payib, 20,8 mln kishiga yetgan. Millionerlar boyligining ko‘payishiga 2020 yilda fond bozorlarining sezilarli o‘sishi ta'sir ko‘rsatgan.

Osiyo-Tinch okeanining millionerlar soni va ularning umumiy boyligi bo‘yicha 5 yillik yetakchiligidan keyin 2020 yilda 1-o‘ringa yana Shimoliy Amerika chiqib oldi. Ushbu mintaqada millionerlar soni bir yil ichida 10,7 foizga o‘sib, 7 mln nafarga yetgan. Ularning umumiy boyligi esa 11,9 foizga o‘sib, 24,3 trln dollarni tashkil qilgan.

2-o‘rinni egallagan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida millionerlar soni bir yil ichida 5,8 foizga ko‘payib, 6,91 mln nafarga, ularning umumiy boyligi 8,4 foizga o‘sib, 24 trln dollarga yetgan.

Yevropada esa badavlat odamlar soni 2,8 foizga (5,4 mln nafar), Yaqin Sharqda 6,8 foizga (0,81 mln), Afrikada 2,7 foizga (0,18 mln) o‘sgan, Lotin Amerikasida esa aksincha, 4 foizga qisqargan (0,6 mln).

Yevropada millionerlarning umumiy boyligi 4,5 foizga (17,5 trln dollar), Yaqin Sharqda 10,7 foizga (3,2 trln dollar), Afrikada 3,8 foizga (1,7 trln dollar) va Lotin Amerikasida 0,5 foizga (8,8 trln dollar) o‘sgan.

O‘tgan yil millionerlar soni bo‘yicha davlatlar orasida AQSh yetakchilik qilgan. Bu mamlakatda millionerlar soni bir yilda 11,3 foizga ko‘payib, 6,575 mlnga yetgan. Keyingi o‘rinlarni Yaponiya (3,537 mln millioner, 6,2 foizlik o‘sish), Germaniya (1,535 mln millioner, 6,9 foizlik o‘sish) va Xitoy (1,461 mln millioner, 11 foizlik o‘sish) egallagan. Ushbu 4ta davlat hisobiga dunyodagi barcha millionerlarning 62,9 foizi to‘g‘ri kelgan.

Rossiyada 2020 yilda millionerlar soni 3 nafarga ko‘payib, 218 nafarga yetgan.

Bu orada Britaniyada millionerlar soni 591 nafardan 573 nafargacha, Kuvaytda 207 nafardan 205 nafargacha, Braziliyada esa 199 nafardan 186 nafargacha kamaygan. Reytingning yuqori yigirma beshtaligidan faqat shu uchta davlatda millionerlar soni qisqargan.

2021 yil 1-choragida millionerlar boyligining 30 foizi aksiyalarda, 24 foizi pul vositalari va uning ekvivalentlarida, 18 foizi fiksirlangan daromadga ega aktivlarda, 15 foizi ko‘chmas mulkda va 14 foizi boshqa vositalarda saqlangan.

World Wealth Report hisobotini tuzishda hissasiga jahon yalpi milliy mahsulotining 98 foizdan ko‘proq va global fond bozorlari kapitallashuvining 99 foiz ulushi to‘g‘ri keluvchi 71ta davlatdagi ma'lumotlardan foydalaniladi.

Mavzuga oid