O‘zbekiston | 18:46 / 06.07.2021
7211
2 daqiqa o‘qiladi

Anomal issiq tufayli Chotqol qo‘riqxonasidagi qariyb 1 gektar yer maydoni yonib ketdi

Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan Chotqol qo‘riqxonasida anomal issiq tufayli yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tarkibidagi Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasining dengiz sathidan 1500–1700 metr balandlikdagi Teraklisoy hududida anomal ob-havo ta'sirida yong‘in chiqqan. Bu haqda shu atrofda xizmat o‘tayotgan qo‘riqxona inspektorlari 2021 yil 5 iyul kuni o‘zlaridagi mavjud aloqa vositalari orqali xabar bergan.

Ta'kidlanishicha, yong‘in hududi kengayib ketishining oldini olish va uni butunlay o‘chirish, yurish va harakatlanish qiyin bo‘lgan tog‘ning yuqori qismida o‘t chiqishining sabablarini aniqlash maqsadida shu kunning o‘zida Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya va Ekologiya qo‘mitasi tomonidan qo‘shma tadbir o‘tkazilgan.

«Qariyb bir gektarni egallagan yong‘inda asosan, qurigan o‘t-o‘lanlar yongan, ko‘p yillik daraxtlarga zarar yetishining oldi olingan. 2021 yilning 6 iyul holatiga yong‘in to‘liq o‘chirilib, qo‘shma tadbirda qatnashganlar orasida jarohatlanish qayd etilmadi», – deyiladi xabarda.

Mavzuga oid