Jamiyat | 11:36 / 08.07.2021
6123
3 daqiqa o‘qiladi

2017-2018 yillarda 20 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar «qora ro‘yxat»dan chiqarilgani ma'lum bo‘ldi

2017-2018 yillar davomida radikal diniy oqimlarning tarafdorlari deb hisoblangan yoki ta'siriga tushib qolgan 20 ming nafardan ortiq o‘zbekistonliklar huquqni muhofaza qilish idoralarning «qora ro‘yxati»dan chiqarilgan. Bu haqda ilk marta rasmiy hujjat – «2021 - 2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident farmonida so‘z boradi.

Farmon bilan tasdiqlangan «2021-2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi»da ma'lum qilinishicha, davlat va jamoat institutlari buzg‘unchi mafkuralar ta'siriga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy va diniy reabilitatsiya qilishga qaratilgan ishlarni faol davom ettirmoqda.

Natijada so‘nggi 4 yilda ekstremizm va terrorizmga aloqadorligi sababli ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tayotgan, qilmishidan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan 2 ming nafardan ortiq shaxslar afv etilgan va 1,5 ming nafardan ziyod shaxslar jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan.

«2017-2018 yillar davomida radikal diniy oqimlarning tarafdorlari deb hisoblangan yoki ularning ta'siri ostiga tushib qolgan 20 ming nafardan ortiq shaxslar huquqni muhofaza qilish idoralari hisobidan chiqarilgan.

2019 - 2021 yillarda «Mehr» dasturi doirasida Afg‘oniston, Suriya va Iroqdan xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga adashib qo‘shilib qolgan 400 nafar xotin-qizlar va bolalar O‘zbekistonga qaytarilib, ularning ijtimoiy moslashuvi va reintegratsiyasi uchun har tomonlama yordam ko‘rsatildi», deyiladi hujjatda.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston hukumati bundan keyin ham diniy sabablarga ko‘ra buzg‘unchi mafkuralar ta'siridan jabr ko‘rgan shaxslarga har tomonlama ijtimoiy-huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kompleks chora- tadbirlarni davom ettiradi.

Mavzuga oid