O‘zbekiston | 11:53 / 08.07.2021
34126
10 daqiqa o‘qiladi

Salkam 50 daraja issiqda ishlayotgan vatandoshlar: ular huquqiy himoyaga muhtoj

O‘zbekistonda bir necha o‘n yillar davomida kuzatilmagan yuqori havo harorati hukm surmoqda. O‘tgan oyda 150 yildagi eng yuqori havo harorati ham qayd etildi. Qonunchilikda esa bunday jazirama sharoitda yoki o‘ta sovuq ob-havoda ishlash tartibiga uzil-kesil oydinlik kiritilmagan. Faqatgina Sanitariya qoida va me'yorlarida tavsiya berish bilan cheklanilgan; unga ko‘ra, 36°C – mehnat uchun xavfli me'yor.

Foto: Sputnik

150 yildagi eng jazirama yoz. Umuman, O‘zbekistonda oxirgi 5 yilning 3 yilida so‘nggi 150 yildagi eng issiq ob-havo kuzatilmoqda. Biroq, afsuski, respublikaning qayerida bo‘lmang, shunday sharoitda ham ochiq havoda, quyoshning ayovsiz qizdirishi ostida ishlayotganlarga barchaning ko‘zi tushmoqda.

Bunday jazirama ob-havo sharoitida ochiq havoda ishlash tartibi qonunchilikda belgilanganmi? “Anomal ob-havo” tushunchasi milliy qonunchilikda aks etganmi? Qanday havo harorati inson salomatligi uchun xavfli sanaladi? Bunday holatda ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi munosabat qanday tartibga solinadi?

Kun.uz yuqoridagi savollar bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi texnik inspektori Dilmurod Husanovga murojaat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kuzatilayotgan yuqori haroratli ob-havo sharoitida korxonalarda ishlash tartibi mikroiqlim bo‘yicha sanitariya qoidalari va me'yorlariga amal qilgan holda belgilanadi.

“Korxonalarda yilning issiq davrida ishlab chiqarish xonalari, sexlar, bo‘limlar va boshqa yopiq hududlarda mikroiqlimning me'yorlari 0324-16-son SanQvaM talablari asosida bo‘lishi lozim. Yengil, ya'ni I toifadagi ishlar (ish jarayoni o‘tirgan holda bajariladigan, jismoniy og‘irlik talab etilmaydigan ishlar toifasi)da havo harorati Tselsiy shkalasi bo‘yicha 24-27 darajani, havoning nisbiy namligi 40-60 foizni tashkil etishi lozim. Bunda havo harakati tezligi 0,1-0,2 m/s.dan oshmasligi kerak.

O‘rta og‘irlikdagi hisoblanuvchi II kategoriyali ishlar (ish o‘tirgan va qisman yurgan holda, 1 kg.dan 10 kg.gacha bo‘lgan buyumlarni ko‘tarish bilan amalga oshiriladi) bajarilganda havo harorati 22-25 darajani, havoning nisbiy namligi 40-60 foiz va havo harakati tezligi 0,3 m/s.dan oshmasligi belgilangan.

Og‘ir sifatida tasniflangan III kategoriyali ishlar (ish doimiy harakatda, 10 kg.dan yuqori bo‘lgan yuklarni ko‘tarish)ni bajarganda, havo harorati 21-23 daraja, havoning nisbiy namligi 40-60 bo‘lishi ta'minlanishi qoidalarda belgilangan. Havo harakati tezligi 0,4 m/s.dan oshmasligi lozim”, – deydi Dilmurod Husanov. 

Dilmurod Husanov

Husanovning aytishicha, ishlab chiqarish jarayonida mikroiqlimni ta'minlash texnologik jihatdan imkoni bo‘lmagan hollarda, aynan ishlab chiqarish xonalarida ishlovchilarni yuz berishi mumkin bo‘lgan qizib ketishdan himoyalash uchun quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi lozim:

  • havoni mahalliy sovutish;
  • havo dushlari;
  • dam olish xonalari;
  • yuqori haroratdan himoyalash uchun maxsus kiyimlar;
  • shaxsiy himoya vositalari;
  • ish va dam olish vaqtini belgilash.

Xodimlarning issiqlikdan shikastlanishining oldini olish maqsadida esa, to‘sib turuvchi yuzalarning harorati 45 darajadan ortib ketmasligi kerak.

Ta'kidlanishicha, Mehnat kodeksining 211-moddasi hamda «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga muvofiq, ish beruvchi barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarini yaratib berish majburiyatiga ega.

Bundan tashqari, ish beruvchi havo harorati yuqori darajada bo‘lgan vaqtlarda ishlab chiqarish binolarida miqroiqlim sharoitini yaxshilaydigan uskunalar (konditsioner, ventilyatsiya, ishlab chiqarish maydonlarga o‘rnatilgan quruq havoni namlashtirish uskunalari va boshqalar)ni uzluksiz ishlatish choralarini ko‘rishi lozim.

Texnik jihatdan bunday uskunalarni o‘rnatish va ishlatish imkoni bo‘lmagan taqdirda xodimlarning ish rejimini o‘zgartirish, dam olish vaqtlarini ko‘paytirish yoki ish vaqti qisqartirilishi, xodimlarni bepul toza ichimlik (minerallangan) suv bilan ta'minlash choralari ko‘rilishi lozim. 

Vazirlik texnik inspektori, yilning issiq kunlarida ochiq maydonlarda ishlash bo‘yicha me'yorlarga ham to‘xtaldi. Ayni shu narsa bizni qiziqtirgan jihatlardan biri edi.

“Mehnat sharoitlari bo‘yicha yilning issiq davrida ochiq maydonlarda bajariladigan ishlar 2003 yil 6 oktyabrda qabul qilingan №0141-03-son SanQvaMning Ia-III toifasida belgilab qo‘yilgan havo harorati darajasiga muvofiq bo‘lishi lozim. Unga ko‘ra, ochiq maydonlarda ish tashkil etilganda havo harorati 34,2°C-36,0°C dan yuqori bo‘lganda inson sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Mazkur holatda ish beruvchiga xodimlar bilan kelishgan holda ish tartibini o‘zgartirgan holda, ish vaqtini kunning salqin vaqtlariga ko‘chirib, ishni tashkil etishi maqsadga muvofiq bo‘ladi”, – dedi Dilmurod Husanov.

Vazirlik vakiliga ko‘ra, agarda xodim ochiq maydonda (qurilish maydonlari, dalalar, yo‘l qurilishida) faoliyatini amalga oshirayotgan bo‘lsa, ish beruvchi xodimni mavsumga mos bo‘lgan himoya vositalari bilan ta'minlash, uning ish rejimini o‘zgartirish (dam olish vaqtlarini uzaytirish yoki ishlash soatlarini o‘zgartirish, ish vaqtini qisqartirish), shuningdek, bepul toza ichimlik (mineral) suvi bilan ta'minlash choralarini ko‘rishi lozim.

Shu bilan birga, ishchi-xizmatchilar shuni yodda tutishlari kerakki, Mehnat kodeksining 219-moddasiga muvofiq, xodim ish jarayonida o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolgani to‘g‘risida ish beruvchiga darhol xabar qilishi mumkin. Bunday holatlar rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlansa, ish beruvchi ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim. E'tiborlisi, bu vaqt mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi.

Qonunchilik talablari buzilsa, uning darajasiga qarab, ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

“Qayd etilgan holatlarda, qonunchilik talablarini buzgan mansabdor shaxslarga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismiga asosan, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga olib kelishi mumkin. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, korxonada xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilmagani, maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta'minlamagani (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish – deb baholanadi) oqibatida o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilsa, Jinoyat kodeksining 257-moddasiga asosan BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish:

a) odam o‘lishiga;

b) boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, – muayyan huquqdan mahrum qilinib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, – dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi texnik inspektori.

Shu o‘rinda, e'tiborsiz qolayotgan va zamon talabiga javob bermaydigan jihatlarga diqqat qaratishni istar edik.

1. Anomal issiq yoki sovuq havo harorati kabi tushuncha milliy qonunchilikda mehnat sharoiti, deb yuritiladigan umumiy tushuncha bilan qamrab olingani ma'lum bo‘ldi.

2. Ochiq maydonda ishlashda havo haroratini xavfli chegarasi 36 daraja sifatida belgilanganiga qaramay, bu bajarish majburiyatini yuklaydigan Mehnat kodeksi yoki boshqa qonunchilik me'yorlari bilan emas, balki tavsiyaviy mazmunga ega bo‘lgan Sanitariya qoida va me'yorlarida aks ettirilishi yanada hayron qolarlidir.

3. Ayni chog‘da, 2003 yil 6 oktyabrida qabul qilingan va aynan ochiq maydonlarda ishlashning yuqori haroratlariga oydinlik kirituvchi hujjat nusxasi ochiq manbalarda mavjud emas. Bizning Sog‘liqni saqlash vazirligi saytidagi qidiruv amaliyotimiz samara bermadi.

4. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining rasmiy saytida esa, Sanitariya qoida va normalari rukni bo‘lib, unda faqatgina 3ta hujjat 2020 va 2021 yillarda qabul qilingan 3ta hujjat joylashtirilgan, xolos.

5. Yana bir savol shuki, aksariyatining bor-yo‘qligi ham bilinmaydigan, xalq vakillari hisoblanuvchi hurmatli deputatlar shunday jazirama kunlarda qonunchilikka “anomal ob-havo harorati” tushunchasini kiritish tashabbusini nima uchun ilgari surishmaydi?

6. Ma'nan eskirgan va zamon talablariga, qolaversa, global iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda barcha uchun majburiy bo‘lgan qoidalarni nima uchun ishlab chiqilmayapti?

7. Yana bir jihat, amaldagi Mehnat kodeksida “mehnat sharoiti” degan umumiy tushuncha ostiga aynan noqulay ob-havo bilan bog‘liq holatlar umuman kiritilmagan.

Nazarimizda, zudlik bilan mehnat qonunchiligiga “anomal ob-havo sharoiti” (jazirama va o‘ta sovuq havo haroratini tushunish sharti bilan) tushunchasi kiritilishi va keng qo‘llanila boshlanishi lozim.

Bunday sharoitda ochiq maydonda ishlaydigan ishchi-xizmatchilarga munosib sharoitlar yaratish, ish vaqtini kunning munosib davriga ko‘chirish talabi ochiq maydonlarda ish beruvchilar uchun ijrosi majburiy tartibga aylantirilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Tolib Rahmatov,
jurnalist.

Mavzuga oid