O‘zbekiston | 16:14 / 08.07.2021
28953
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirligi maktab formasi bo‘yicha talablar o‘zgarmaganini eslatdi

Xalq ta'limi vazirligi yangi tahrirda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun umumta'lim maktablari o‘quvchilarining kiyinishida o‘zgarishlarga sabab bo‘lmasligini ma'lum qildi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustda qabul qilingan 666-sonli «Davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

«Bugungi kunda davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari ta'lim muassasasiga mazkur Nizom talablarida belgilangan tartib hamda ta'lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan maktab formasiga muvofiq kiyinishlari, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab esa Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 iyundagi 509-son qarori bilan davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari uchun hukumat tomonidan tasdiqlangan maktab formasi majburiy hisoblanadi.

Nizomda o‘quvchilar ta'lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari kerakligi, maktab formasiga turli din va konfessiyalar xamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatilgan.

Nizomga muvofiq, o‘quvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik ta'lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday o‘quvchilarga chora qo‘riladi», deyiladi bayonotda.

2018 yil 15 avgustda Vazirlar Mahkamasi yagona maktab formasi to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

2019 yil may oyida o‘sha davrda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saida Mirziyoyeva maktab formasini majburiy qilishdan ko‘ra maktablardagi boshqa muammolarga e'tibor qaratish kerakligini ta'kidlagandi.

Shundan so‘ng, 2019 yil 19 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining «Davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 666-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida 509-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan 666-sonli qarorning 3 va 7-bandlarigagina o‘zgartirish kiritilib, yagona maktab formasi 2019-2020 o‘quv yilidan emas, 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab joriy etilishi belgilandi.

Mavzuga oid