Jamiyat | 20:23 / 09.07.2021
8341
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud mulozimi korrupsion jinoyatlar kamayib borayotganini aytdi. Ammo bu statistikaga zid

Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovning aytishicha, yildan yilga sudlar tomonidan ko‘rilayotgan korrupsion jinoyatlar kamayib bormoqda.

«Sud amaliyoti shuni ko‘rsatyaptiki, sodir etilayotgan korrupsion jinoyatlar soni yildan yilga kamayib bormoqda. Lekin ayrim sohalarda shu turdagi jinoyatlarning soni kamaymayotgani ham bizda xavotir uyg‘otmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, bugungi kunda sudlarimiz tomonidan aynan korrupsion jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rishda alohida yondashuv belgilangan. Bu toifadagi ishlarni ko‘rish, jazo amaliyoti, qolaversa, jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish bilan bog‘liq masalalar vaqti-vaqti bilan umumlashtirilib, Oliy sud plenumi qarori, Rayosat qarori bilan sudlarga tegishli ko‘rsatmalar berilib kelinyapti», deya Ikrom Muslimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oliy sud mulozimidan farqli o‘laroq, Senat raisi Tanzila Norboyeva parlament yuqori palatasining yig‘ilishida sohalarda yo‘l qo‘yilayotgan korrupsiyaviy holatlar yildan yilga ko‘payib borayotganini ta'kidlagandi. Norboyevaga ko‘ra, korrupsiyaga qo‘l urgan mansabdor shaxslar 2019 yilda 1 339 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 1 723 nafarga yetgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma'lum qilishicha, 2020 yilda O‘zbekistonda 2 123 kishi korrupsiyaga qo‘l urgani uchun jazolangan. Ularning 104 nafari bank tizimi, 74 nafari qurilish, 69 nafari ichki ishlar organlari, 30 nafari mahalliy davlat hokimiyati organi, 16 nafari soliq, 13 nafari prokuratura, 7 nafari bojxona, 3 nafari sud tizimi vakillaridir.

Avvalroq AQSh Davlat departamentining O‘zbekistonga doir 2020 yilgi hisobotida qonunlarga yetarlicha amal qilinmayotgani, ko‘plab holatlarda korrupsiyaga qo‘l urgan amaldorlar jazosiz qolgani ta'kidlangan edi. Mazkur hisobotda, shuningdek, Toshkentda sudyalar va YHX xodimlari til biriktirib, haydovchilardan undirilgan bir necha milliard so‘mlik jarima mablag‘larini talon-toroj qilgani eslab o‘tilgan.

Bundan tashqari, AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda hali-hamon sud tizimi to‘la mustaqil va xolis emasligi, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vaqti-vaqti bilan sud organlari xodimlariga kerakli hukmlarni chiqarish uchun bosim o‘tkazish holatlari kuzatilishi keltiriladi.

Mavzuga oid