O‘zbekiston | 22:01 / 10.07.2021
27305
6 daqiqa o‘qiladi

“Ular O‘zbekistonni yana qora ro‘yxatga kiritishni xohlaydi” - Akmal Saidov diniy erkinlik va xalqaro tashkilotlar haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Akmal Saidov yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunga nisbatan xalqaro tashkilotlarning tanqidlariga javob berdi.

Yangi tahrirdagi qonun 5 iyul kuni prezident tomonidan imzolandi. Undan avval qonun loyihasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Venetsiya komissiyasi va AQShning diniy erkinlik masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan salbiy qarshi olingandi.

Akmal Saidov 10 iyul kungi matbuot anjumanida, xususan, AQSh komissiyasining niyati xolis emas deb hisoblashini bildirdi.

“AQShning diniy masalalar bo‘yicha komissiyasi bergan tavsiyalarni men ham o‘qiganman.

“11ta majlisda ular e'tiroz bildirgan barcha masalalar bo‘yicha e'tiroz bildirganman. Men keltirgan dalillarimga bitta ham javob berolmagan. Masalan, ular aytishdiki, diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasin. Men aytdimki, Amerikada ko‘p dinli jamiyat – dinlarning raqobati, diniy da'vatlar, ya'ni missionerlik asosida shakllangan. Ular bir-biri bilan rosmana urishgan. Ular hammasi o‘z dinini singdirishga harakat qilishgan. Bizda esa tinch-totuvlik asosida shakllangan. Bu dinlararo totuvlikni ta'minlash – davlatning vazifasi.

Shu sababli ularga aytganman, sizlarning yoshdashuvingiz bilan bizniki farq qiladi. Masalan, AQShda qurolini yostig‘i tagiga qo‘yib yotish – fuqarolarning fundamental huquqi hisoblanadi. Chunki jamiyat shu tushuncha bilan shakllangan. Biz esa huquqiy davlatda har qanday tashkilot ro‘yxatdan o‘tishi kerak, deb hisoblaymiz. Bu diniymi, nodavlat-notijorat tashkilotmi yoki tadbirkorlik sub'yektimi, barchasi ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Ikkinchidan, 18 yoshgacha bo‘lgan har bir O‘zbekiston fuqarosining asosiy vazifasi – dunyoviy ta'lim olish. O‘zbekistonda o‘rta umumiy ta'lim majburiy va bepul. Lekin shu bilan birga bolalar tahorat olishi, namoz o‘qishi, Qur'on yoki hadis yodlashini hech kim taqiqlayotgani yo‘q. Taqiqlayotgani yo‘q. Lekin diniy ta'lim, bevosita xususiy diniy ta'lim professional faoliyat sifatida, tegishli talablarga javob bersa, hech kim to‘sqinlik qilayotgani yo‘q”, – ta'kidladi Akmal Saidov.

Akmal Saidov

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz rahbariga ko‘ra, qonun loyihasi diniy sohadagi hamkor xalqaro tashkilotlarning barchasiga parlamentda 1-o‘qishdan o‘tganidan keyin yuborilgan. Ammo ular 2-o‘qishdan keyin ham yuborishlarini so‘ragan, O‘zbekiston esa buni rad etgan.

“Men aytdim: “Kechirasiz, AQSh Kongressi qonun qabul qilayotgan bo‘lsa, ulardan men so‘rasam, nima ishing bor bizning qonun bilan, deyishadi”. Biz birinchi o‘qishdan keyin berdik.

Mening hisobim bo‘yicha, ularning 80 foizga yaqin taklifini inobatga olganmiz. [BMTning diniy erkinlik bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi] Ahmed Shahid bergan 52 ta tavsiyaning barchasini bajardik. Oxirgisi shu qonunni yangilash edi.

Bu tashkilotlar xohlaydiki, bizni yana qayta qora ro‘yxatga kiritsa-da, yana o‘sha ro‘yxatda ushlab tursa. Bu – ikki tomonlama munosabatlarni va inson huquqlarini siyosiylashtirish, deb bilaman. O‘zbekiston hech qachon inson huquqlarini siyosiylashtirishga ham, ikkiyoqlama yondashuvga ham, alohida ajratib olib qarashga ham rozi bo‘lmaydi”, – dedi deputat Akmal Saidov.

Matbuot anjumanida qatnashgan adliya vaziri Ruslanbek Davletovga ko‘ra, xalqaro tashkilotlarning tanqidiy xulosa berishiga sabablardan biri – diniy faoliyat va diniy tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tishi shartligi haqidagi norma xalqaro me'yorlarga zid emas.

Ruslanbek Davletov

“Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatiga olish mumkin emas, deb qaysi xalqaro hujjatda yozilgan? O‘zbekistondagi diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish xalqaro talablarga yuz foiz mos. Biz o‘zimiz qabul qilgan xalqaro hujjatlar bo‘yicha to‘liq mas'uliyatimizni his qilamiz”, – dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rasmiylarining iltimosiga ko‘ra, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) va Yevropa kengashining Venetsiya komissiyasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini o‘rganib chiqib, qo‘shma xulosa bergan.

Xulosada loyihadagi ayrim ijobiy yangiliklar e'tirof etilgan, biroq hukumat din va diniy erkinlik ustidan “qat'iy va keskin choralar ko‘rishi mumkinligi” belgilangani salbiy qarshi olingan.

«Qonun loyihasi inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga va YeXHT oldida inson huquqlari borasida olingan majburiyatlarga to‘la mos kelishi uchun jiddiy qayta ko‘rib chiqilishi kerak», deya ta'kidlangan YeXHT va Venetsiya komissiyasining qo‘shma xulosasida.

Xalqaro tashkilotlar qonun loyihasida diniy faoliyat va diniy tashkilotlar majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ortiqcha talablar borligi, diniy materiallarga senzura saqlanib qolayotgani, davlat amaldorlarining diniy sohada haddan ziyod erkinligi va diniy tashkilotning avtonomiya huquqiga aralashuv borligini tanqid qilgan.

Shuningdek, yangi tahrirdagi qonunda ham xususiy diniy ta'limga qo‘yilgan cheklovlar jamoatchilik faollari va diniy ulamolar tomonidan norozilikka sabab bo‘lgan edi.

Shu yil aprel oyida diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi AQSh Davlat departamentiga O‘zbekistonni “maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar” ro‘yxatiga qaytarishni tavsiya qildi. AQSh Davlat departamenti 2020 yil dekabrda O‘zbekistonni bu ro‘yxatdan chiqargan edi.

Mavzuga oid