Jahon | 13:15 / 15.07.2021
8831
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar uchun 30 kungacha vizasiz rejim – Filippin vizasi haqida

UzbekLife xorijiy mamlakatlar vizalari haqidagi turkum materiallarni berishda davom etadi. Ushbu maqola orqali ko‘plar uchun qiziq bo‘lgan Filippin mamlakati vizasi turlari, ularni olish tartibi borasida atroflicha ma'lumot beramiz.

Bugungi kunda Filippinga kirib kelayotgan barcha shaxslar koronavirus pandemiyasi sabab e-CIF nomli Salomatlik deklaratsiyasi shaklini olishi kerak.

Filippin viza talablari mamlakatga qarab farq qiladi. Ayrim mamlakat fuqarolari umuman vizasiz istalgan vaqt Filippinga kirib-chiqishi mumkin bo‘lsa, boshqa mamlakat fuqarolari viza olishi zarur. O‘zbekiston fuqarolari esa Filippinga sayohat, tranzit va boshqa maqsadlarda 30 kungacha vizasiz kirishiga ruxsat etilgan. Undan ko‘proq vaqt qolishni istasangiz vizani avvaldan rasmiylashtirishingiz, vizasiz rejimni Filippinga borgach yoki aeroportda 59 kungacha uzaytirishingiz mumkin. Viza to‘lovlari turiga va qayerda olinishiga qarab o‘rtacha 50 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Vizasiz kiruvchilar Filippindan chiqib ketayotganida kamida yana 6 oy amal qiladigan pasportga ega bo‘lishi lozim.

Filippinda 2 xil toifadagi viza mavjud: noimmigratsion va immigratsion.

Noimmigratsion viza turizm, tranzit, biznes, o‘qish yoki ishga joylashish maqsadida Filippinga vaqtincha kirish istagida bo‘lgan shaxslarga beriladi.

Noimmigratsion vizaning 7 ta turi bor:

Immigratsion viza esa Filippinda doimiy yashash uchun ruxsat olish istagida bo‘lgan shaxslarga beriladi.  

Talaba vizasi

Agar Filippinda Immigratsiya byurosi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan oliygohda o‘qishni istasangiz, talaba vizasini olish uchun ariza topshirishingiz kerak.

Talabalik vizasiga arizalarni ko‘rib chiqish, qabul qilingan kundan boshlab taxminan 2 oy davom etadi.

Taqdim etiladigan hujjatlar:

-        Pasport nusxasi;

-        Viza olish uchun to‘ldirilgan ariza;

-        2 ta surat;

-        Universitetdan sharsiz qabul xati;

-        Universitetdan to‘lov qabul qilinganini tasdiqlovchi xat;

-        Maktab/o‘rta maxsus ta'lim/universitet diplom nusxasi;

-        Homiy va talaba tomonidan imzolangan va notariusda tasdiqlangan kafolat xati (xatda homiy barcha xarajatlarni qoplashi, talaba esa boshqa bir shaxs yoki muassasa, jumladan universitetga moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilmasligi yozilgan bo‘ladi);

-        So‘nggi 3 oydagi rasman tasdiqlangan bank hisobraqami holati;

-        Agar yoshingiz 18 dan kichik bo‘lsa, ota-onaning rozilik xati (notarius yoki sud tasdiqlagan bo‘lishi kerak);

-        Chipta;

-        Homiyning shaxsini tasdiqlovchi hujjati, xalqaro pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi;

-        Sariq isitma virusi va ichterlama kasalliklariga qarshi emlanganlik haqida hujjat.

Mehnat vizasi

Filippinda bir qator mehnat vizalari mavjud:

-        Xalqaro shartnoma savdogari/Investor;

-        Maxsus noimmigratsion viza (E.O. 226);

-        Xorijlik fuqaroning ishga kirish ruxsatnomasi (AEP);

-        9 (g) yoki oldindan kelishilgan mehnat vizasi;

-        Vaqtinchalik ishlash uchun ruxsatnoma;

-        Ishlash uchun maxsus ruxsatnoma.

9 (g) yoki oldindan kelishilgan mehnat vizasi – bu Filippinda ishlaydigan chet el fuqarolari orasida eng keng tarqalgan viza turi. Bu viza bilan sayohatchi mamlakatga bir necha bor kirishi mumkin. To‘liq jarayonga 2-3 oy ketadi (AEP – xorijlik fuqaroning ishga kirish ruxsatnomasini olish bilan birga). 9 (g) ni olish uchun avval xorijlik fuqaroning ishga kirish ruxsatnomasini olish kerak. Uning o‘ziga 2-3 hafta ketadi.

Mazkur viza ish vaqti davomiyligiga qarab 1 yildan 3 yilgacha beriladi. Keyin yana uzaytirish mumkin. Agar xodim viza olish jarayoni yakunlanmasdan turib ishlashni boshlashi kerak bo‘lsa, unga Immigratsiya byurosi tomonidan vaqtincha ishlash uchun ruxsatnoma beriladi.

Filippinga kirishdan oldin standart migratsion kartani va bojxona shaklini to‘ldirish kerak. Bojxona shakli deklaratsiya ehtiyojidan qat'i nazar barcha shaxslar tomonidan to‘ldiriladi. Oddiy karta va shakl samolyot bortida beriladi, agar berilmasa, unda pasport nazoratidan o‘tishdan avval olishingiz mumkin. Ularni to‘ldiriboq pasport tekshiruvidan o‘tasiz. Shtamp yoki ma'lumotlarni yangilaganlik uchun hech qanday to‘lov yo‘q. Filippin xalqaro aeroportlarida pasport tekshiruvida navbat kattaligi tufayli uzoq vaqt, odatda bir soatga yaqin qolib ketish mumkin. Shuning uchun avval blankalarni olib, pasport nazoratidan navbat egallab, navbatda turgan holda to‘ldirgan ma'qul. 

Pasport nazoratidan o‘tayotganda pasport, samolyotdan tushish taloni, to‘ldirilgan migratsion shaklni taqdim etish kerak. U yerda ko‘rsatkich barmoqlaringizni skanerdan o‘tkazishadi. Shundan so‘ng yuklaringizni olib, yashil yoki qizil bojxona yo‘lagidan o‘tasiz.

To‘lovlar

Vizasiz rejimdan tashqari Filippinda yana qolishni istasangiz, safar muddati yana 29 kunga uzaytirib beriladi. Buning uchun 3030 peso (taxminan 1 623 550 so‘m) to‘lash zarur. Vizani yirik shaharlar va kurortlardagi istalgan migratsion ofisda, shuningdek aeroportda uzaytirish mumkin. Uzaytirish uchun viza muddati tugashidan 7 kun oldin yoki vizasiz shtampning tugashidan 14 kun oldin murojaat qilish kerak. Aks holda jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Vizani ikkinchi va undan keyingi marta ketma-ket uzaytirish uchun 4800 peso (taxminan 2 571 960 so‘m) to‘lanadi. Agar mamlakatda 59 kundan ko‘proq muddatga o‘zgartirsangiz, 500 pesoga (taxminan 268 000 so‘m) ID-card rasmiylashtirishingiz kerak.

Shuningdek, mamlakatda qolish muddatini birdaniga yarim yilga uzaytirish ham mumkin. Bu LSVVE (LONG-STAY VISITOR VISA EXTENSION) deb ataladi. Bunday uzaytirishning to‘lovi 10500 pesoga (taxminan 5 627 000 so‘m) yetadi. Bu amaliyot faqatgina Maniladagi bosh ofisda amalga oshiriladi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Filippinda 1 yildan ortiq vaqt yashasangiz, mamlakatdan chiqib ketayotganda xuddi mahalliy fuqarolar kabi aeroportda maxsus chiqish solig‘ini to‘lashingiz kerak. U ekonom klassdagilar uchun 1620 pesoni (taxminan 868 000 so‘m), birinchi klassda uchuvchilar uchun 2700 pesoni (taxminan 1 447 000 so‘m) tashkil qiladi.

Ziyodaxon G‘ulomova,

UzbekLife kolumnisti

Mavzuga oid