Markaziy va Janubiy Osiyo aloqalarini qayta tiklash muhim zaruratga aylandi - Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahrida 16 iyul kuni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, jami 44ta mamlakat va 30ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, uni bugungi kunda o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida mustahkamlashning ahamiyati haqida nutq so‘zladi.
Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan bir-birining madaniyatini boyitgan. Buyuk ipak yo‘li hamda Hind-gang yo‘li orqali mahsulotlar, bilim, hunar va qadriyatlar tarqalgan. Ko‘pincha bu mintaqalar yaxlit davlat tarkibida ham bo‘lgan. Baqtriya va Kushon imperiyasi, Turk xoqonligi, G‘aznaviylar, Temuriylar va Boburiylar davlati bunga yaqqol misoldir.
Prezident tarixiy vaziyat taqozosi bilan o‘n to‘qqizinchi asrda ikki qo‘shni mintaqaning aloqalari uzilib qolganini ta'kidladi.
«O‘zaro ziddiyatlar kuchayib, keskin mojarolarga aylanishi tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida to‘siqlar paydo bo‘lib, chegaralar yopildi. Hamkorlik va bir-birini anglash davri tugab, uning o‘rnini qarama-qarshilik hamda ishonchsizlik muhiti egalladi.
Buning salbiy oqibatlarini biz hozirgi vaqtda samarali transchegaraviy yo‘llar mavjud emasligi, savdo-iqtisodiy aloqalar yaxshi rivojlanmagani hamda madaniy-gumanitar munosabatlar salohiyati to‘liq ishga solinmagani misolida ham sezib, his etib turibmiz», dedi prezident.
Shuningdek, prezident yangi global geosiyosiy o‘zgarishlar davrida qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zaruratga aylanganini ta'kidladi.
«O‘ylaymanki, xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-ma'rifiy merosi hamda iqtisodiyotlarimizning o‘zaro bir-birini to‘ldirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mavjud intellektual salohiyatni, birgalikdagi sa'y-harakatlarimizni o‘zaro muvofiqlashtirish vaqti keldi.
Bugun dunyo ham tahdidlar, ham yangi imkoniyatlarni o‘zida tutgan global geosiyosiy transformatsiyalar davriga qadam bosdi. Bunday sharoitda 2 milliarddan ziyod odam yashayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi yanada muhim va obektiv jarayonga aylanib bormoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident nutqida shu maqsadlarga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor ekani ta'kidlanib, bu sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, kooperatsiya va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish uchun har yili mintaqalararo forum o‘tkazish taklifi bildirildi.
Davlat rahbari Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyoni samarali va xavfsiz bog‘laydigan transport-logistika infratuzilmasini barpo etish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. «Termiz - Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘lining qurilishi bu arxitekturada muhim bo‘g‘in bo‘ladi. U ikki mintaqaning tranzit salohiyatini to‘la yuzaga chiqarib, yuk tashish masofasi va vaqtini ancha qisqartiradi. Shu boisdan ham, bu loyiha ishtirokchi davlatlar va xalqaro moliya institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Savdo, tranzit va bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, bu borada qo‘shma harakatlar strategiyasini qabul qilish zarurligi qayd etildi.
Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi ham dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois, prezident BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti shafeligida mintaqa mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazib, qo‘shma dastur ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ekologiyani asrash, «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish dolzarbligi qayd etildi.
Markaziy va Janubiy Osiyoning turizm salohiyatidan keng foydalanish maqsadida turoperatorlarning yagona platformasini shakllantirish, Jahon sayyohlik tashkiloti ishtirokida mintaqada turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Ilmiy va madaniy-gumanitar almashinuvlarni ko‘paytirish do‘stlik va ishonchni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi ta'kidlandi. Shu yo‘nalishda YuNeSKO shafeligida Termiz shahrida Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish taklif etildi.
Davlat rahbari ilm-fan, texnologiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikka ham alohida ahamiyat qaratdi. Qo‘shma tadqiqot va tajriba almashish dasturlarini rag‘batlantirish, olim va tadqiqotchilar uchun yengillashtirilgan viza tartibini joriy qilish muhimligini ta'kidladi.
Konferensiya arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochildi. Prezident mazkur tahlil markazi negizida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ekspertlar guruhi tuzishni taklif etdi.
«Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy-madaniy mushtarakligi, mamlakat va xalqlarimizning bir-biriga mos keluvchi manfaatlari umumiy farovon kelajakni barpo etishimiz uchun asos bo‘ladigan mustahkam poydevordir. Birgalikda barqaror rivojlanish istiqbollari bo‘yicha aniq yondashuvga ega bo‘lishimiz lozim. Oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyoni, butun Yevroosiyo qit'amizni birgalashib barqaror, iqtisodiy taraqqiy etgan va farovon makonga aylantirish maqsadi turibdi», – dedi u.
Shundan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaati namoyish etildi.
Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozef Borrel mintaqada hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, bunda mazkur forumning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bayon etdi.
Konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda.
Forumning yalpi va sho‘'ba majlislarida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan imkoniyat va tashabbuslar muhokama qilinadi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha maxsus rezolyutsiya loyihasi tayyorlanib, ko‘rib chiqish uchun BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etiladigan bo‘ldi.
Mavzuga oid
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024
Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi
15:25 / 06.12.2024