“O‘zbekiston konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo tayyor bo‘lgan ishonchli sherikdir” - prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqa mamlakatlari qarshisida Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, butun Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirish vazifasi turganini qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro munosabatlarini mustahkamlash jarayonlarida O‘zbekistonning tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi.
«Bizning bugungi anjumanimiz yangi O‘zbekistonning shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liq muhim tarixiy davrda bo‘lib o‘tmoqda.
Biz jamiyatimizning barcha sohalarida tizimli va tub demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqdamiz.
Bu o‘zgarishlar keng ko‘lamli va ortga qaytmaydigan muqarrar tus oldi. Bu – xalqimizning prinsipial tanlovidir.
Markaziy Osiyo mintaqasida – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yutug‘idir.
Umumiy sa'y-harakatlarimiz natijasida mintaqamizda o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhiga asoslangan mutlaqo yangi muhit shakllandi.
Biz rivojlanish drayverlari hamda «yangi o‘sish nuqtalari»ni birgalikda aniqlash va muntazam muloqotlar uchun samarali maydon yaratdik. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini avgust oyi boshida Turkmanistonda o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Shuni alohida ta'kidlab aytmoqchiman: O‘zbekiston konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo tayyor bo‘lgan ishonchli va barqaror, qat'iy pozitsiyaga ega sherikdir», dedi prezident.
Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtarakligi, xalqlar va mamlakatlarning umumiy manfaatlari birgalikda farovon kelajakni bunyod etish uchun mustahkam zamin yaratishi ta'kidlab o‘tilgan.
«O‘zaro aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamasdan turib, bugungi kunda mamlakatlarimiz duch kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengib bo‘lmasligini chuqur anglash vaqti keldi.
Biz farovonlik va taraqqiyotga erishish yo‘lida birgalikda rivojlanish istiqbollari bo‘yicha yaxlit yondashuvlarni ishlab chiqishimiz lozim.
Bizning oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, butun Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirish vazifasi turibdi», degan prezident.
Mavzuga oid
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024
Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi
15:25 / 06.12.2024