Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari TIV rahbarlari bilan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi xalqaro konferensiya tadbirlarida ishtirok etayotgan Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdini qabul qildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi davlatimiz rahbariga Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va o‘zaro manfaatli hamkorlik dasturlarini ilgari surishga alohida e'tibor qaratildi.
Afg‘onistondagi vaziyatdan kelib chiqib mintaqa kun tartibidagi masalalar hamda avgust oyining boshida Turkmanistonda o‘tkaziladigan navbatdagi Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik masalasi ko‘rib chiqildi.
Prezident Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani alohida ta'kidlandi.
Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. O‘zbekiston yetakchisining Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari yuksak baholandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qo‘shma hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Joriy yilning 6 avgust kuni “Avaza” milliy turizm zonasida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning borishi muhokama qilindi.
Afg‘onistonda qaror topayotgan murakkab vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Shavkat Mirziyoyev xalqaro konferensiya dasturi doirasida Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi.
Joriy yilning 11-12 iyun kunlari Tojikistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrifning samarali natijalari yuqori baholandi, ular mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlab, aniq mazmun bilan boyitgani ta'kidlandi.
Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning birodarlik salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi ustuvor loyihalarni va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar – Afg‘onistondagi vaziyat hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitlariga tayyorgarlik ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi xalqaro konferensiyada Qirg‘iziston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Aqilbek Japarovni ham qabul qildi.
Ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Aqilbek Japarov O‘zbekiston yetakchisiga Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Joriy yil mart oyida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston sammitida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini tez fursatda amalga oshirish, qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini tashkil etish muhim ekani ta'kidlandi.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024