Shavkat Mirziyoyev Turkiya, Saudiya va Kuvayt delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
16 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi xalqaro konferensiya doirasida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lini qabul qildi.
Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston rahbari Turkiya bilan munosabatlarning samarali va jadal ruhini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ikki mamlakat yetakchilarining muntazam muloqoti do‘stlik va strategik sheriklik rishtalarini mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilmoqda.
Mavlud Chovusho‘g‘li O‘zbekiston prezidentiga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Ushbu mamlakatda mustahkam tinchlikka erishish va uning iqtisodiyotini tiklash borasida yaqindan hamkorlik qilish muhim ekani ta'kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev xalqaro konferensiya doirasida Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudni ham qabul qildi.
O‘zbekiston rahbari ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanayotgani - o‘zaro muloqot faollashib, ilk yirik investitsiya loyihalari, eng avvalo energetika sohasidagi loyihalar ilgari surilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Vazir Faysal bin Farxon O‘zbekiston yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrif bilan kelish taklifini yana bir bor tasdiqladi.
Saudiya tomoni O‘zbekiston prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini kuchaytirish borasidagi o‘z vaqtida ilgari surilgan muhim xalqaro tashabbuslarini, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘makni yuksak baholashi va qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlandi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlarning kun tartibini boyitish, O‘zbekiston-Saudiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish maqsadida yangi loyiha va tadbirlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ishida qatnashayotgan Kuvayt tashqi ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha davlat vaziri shayx Ahmad Nosir al-Muhammad as-Sabohni qabul qildi.
Davlat rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi an'anaviy do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash muhim ekanini ta'kidladi. Kuvayt tashqi siyosiy idorasi rahbarining ushbu tashrifi muloqot va almashinuvlarning faollashishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Kuvayt tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston yetakchisiga Kuvayt Amiri Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish borasidagi sa'y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni, eng avvalo savdo, investitsiya va innovatsiyalar, moliya, oziq-ovqat xavfsizligi, axborot texnologiyalari, ta'lim va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida qo‘shma tadbirlar dasturini tayyorlashga kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan konstruktiv ruhda fikr almashildi.
Mavzuga oid
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024
Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi
15:25 / 06.12.2024