Jahon | 16:17 / 26.07.2021
15047
9 daqiqa o‘qiladi

Qatar vizasini olish talablari haqida bilasizmi?

UzbekLife kolumnisti bu gal Qatar mamlakati vizasini olish tartibi haqida maqola tayyorladi.

U orqali viza olish talablari, to‘lovlari va turlari haqida ma'lumot olishingiz mumkin.

Qatar viza siyosati xususiyatlari

Qatar viza siyosati boshqa Yaqin Sharq mamlakatlariga nisbatan ancha yumshoq. 80 dan ortiq mamlakat fuqarolari Qatarga vizasiz kirishlari mumkin. Qatarda vizasiz bo‘lish ba'zi davlatlar fuqarolari uchun 90 kundan 180 kungacha bo‘lgan muddatni tashkil qilsa, ayrim davlatlar uchun ushbu muddat biroz qisqaroq – 30 kunni tashkil etadi. Biroq, O‘zbekiston Respublikasi yuqoridagi ikkala tur davlatlar qatorida emasligi sabab Qatarga sayohat qilish uchun viza olishlariga to‘g‘ri keladi.

Qatar vizasi turlari

Qatarga sayohat maqsadingizga qarab Qatar vizasining bir qancha turlaridan biriga murojaat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Qatar vizasining quyidagi turlari mavjud:

1) Qatar sayyohlik vizasi;

2) Qatar biznes vizasi;

3) Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi fuqarolari uchun viza;

4) Qatar oilaviy yashash vizasi va oilaviy tashrif vizasi;

5) Qatar ta'lim vizasi;

6) Qatar tranzit vizasi va boshqa turdagi vizalar.

Qatarga bir martalik yoki ko‘p martalik kirish vizalari mamlakatlar o‘rtasidagi amaldagi viza rejimlariga muvofiq belgilanadi.

Qisqa muddatli qolish vizalari – C viza

Qisqa muddatli viza arizachining 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda mamlakatda bo‘lishi uchun taqdim etiladigan viza turi sanaladi.

Qatar biznes vizasi

Biznes vizalari Qatarda vaqtincha ish faoliyati yuritishga imkon beruvchi viza turi hisoblanadi. Qatarda 72 soat mobaynida qisqa muddatli biznes maqsadidagi sayohatlar uchun beriladigan ushbu vizani yana 72 soatgacha uzaytirish mumkin. Ushbu viza, shuningdek, chet ellik ishchilarga yoki qisqa muddatli shartnomaviy mehnat bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan kishilar uchun ham taqdim etiladi. Bu holda vizaning amal qilish muddati uch oyni tashkil qiladi. Qatar biznes vizasi Qatardagi kompaniya yoki ish bilan ta'minlovchi muassasa tomonidan tasdiqlangandan so‘ng berilishi mumkin.

Qatar tranzit vizasi

Agar siz Qatar orqali uchinchi manzilga boradigan bo‘lsangiz va bu davr oralig‘ida sizning Qatarda bo‘lish muddatingiz besh soatdan ko‘proq vaqtni tashkil etsa, u holda siz Qatar tranzit vizasini olishingiz kerak. Qatar tranzit vizasi bepul bo‘lib, siz undan Qatarga to‘rt kunga (96 soat) kirish va qolish uchun foydalanishingiz mumkin.

Ushbu viza turi uchun murojaat qilish va natijalarni bilish tartibi yuqorida ma'lumot berilgan Qatar sayyohlik vizasiniki bilan bir xil.

Qatar tranzit vizasini 4 kundan ortiq muddatga uzaytirish mumkin emas. Agar siz 4 kundan ko‘proq qolishni istasangiz, Qatar sayyohlik vizasiga murojaat qilishingiz mumkin.

Hujjat topshirish uchun siz pasportingizning skanerlangan nusxasini va boradigan uchinchi mamlakat uchun viza (agar viza talab qilinsa) va chiptani taqdim etishingiz zarur. Shuningdek, ham ichki, ham tashqi parvozlaringiz Qatar Airways orqali amalga oshirilishi kerak.

Uzoq muddatli qolish vizasi – D viza

Uzoq muddatli viza o‘z egasiga Qatarga 90 kundan ortiq muddatga tashrif buyurish huquqini beradi. Qatarda tadbirkorlik sarmoyalarini kiritishni istagan chet elliklar mehnat qilish shart-sharoitlarisiz yashash huquqiga ega. Bu kabi chet elliklar mulk huquqi to‘g‘risidagi hujjatlar, xayrixohlik guvohnomasi va malakali tibbiy ko‘rikdan so‘ng investor vizasini olishlari mumkin.

Chet eldan kelgan ishchilar o‘z oila a'zolarini muayyan sharoitlarda Qatarga olib kelishni istasalar, oilaviy yashash vizasiga murojaat qilishlari lozim. Buning uchun ular yetarlicha resurslarga ega bo‘lishlari va Qatarda kamida 6 oylik mehnat faoliyatiga ega ekanliklarini ko‘rsatishlari kerak. Oilaviy yashash vizasi chet ellik ishchilarning ish beruvchilari asosida beriladi.

Qatarda joylashgan ta'lim muassasasida o‘qishni istagan chet el fuqarolari o‘zlarining oliy o‘quv yurtida o‘qishini tasdiqlagan holda, ta'lim vizasini olishadi.

Qatar vizasi talablari

Qatar vizasini olish uchun siz quyidagi hujjatlarning elektron nusxalarini (rangli skanerlangan holatda) topshirishingiz kerak:

  • Pasportingizning biografik ma'lumot sahifasi;
  • Pasport o‘lchamidagi, yaqinda olingan rasmingiz;
  • Tasdiqlangan aviachiptangiz;
  • Qatarda turar joyingiz mavjudligini tasdiqlovchi hujjat, masalan mehmonxona buyurtmasi;
  • Agar siz Qatardagi qarindoshingiz yoki do‘stingiznikida qolsangiz, ulardan:

- sizning nomingizga yozilgan vakolat xati;

- Qatar ID va yashash vizasi;

- pasportining biografik ma'lumot sahifa nusxasi;

- ijara shartnomasining nusxasini olishingiz va taqdim etishingiz lozim.

  • Sizning sayohat maqsadingiz bilan bog‘liq har qanday qo‘shimcha hujjatlar, masalan, Qatar, Shengen mamlakatlari, Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya yoki Kanada tomonidan berilgan avvalgi vizalar;
  • Qatarga kamida 8000 AQSh dollari sarmoya kiritganingizni tasdiqlovchi hujjat;
  • Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • Nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma.

Arizani ko‘rib chiqish jarayoni va boshqa qo‘shimcha talablar

Qatar vizasi uchun arizangiz Qatar Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar sizning arizangizni ko‘rib chiqish uchun mas'ul bo‘lgan immigratsiya xodimlari sizga qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish zarur deb hisoblasalar, sizga bu haqda xabar berishadi.

E'tibor bering: Hujjatlaringizning barcha elektron nusxalari (rangli skanerlangan holatda) aniq va to‘liq tushunarli bo‘lishi kerak.

Qatar onlayn sayyohlik vizasiga qanday murojaat qilinadi?

Qatar hukumati tomonidan 2017 yilda taqdim etilgan Qatar eVisa – bu viza olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar dunyoning istalgan nuqtasidan onlayn ravishda olishlari mumkin bo‘lgan elektron viza turi. Hozirda 230 ga yaqin mamlakatdan kelgan fuqarolar onlayn tarzda Qatar vizasi uchun ariza topshirishlari mumkin. Bu jarayon birmuncha sodda bo‘lib, bir necha daqiqa davomida amalga oshiriladi. Qatar vizasi uchun murojaatni qatarvisaservice.com veb-sayti yoki Qatar Airways havo kompaniyasining veb-sayti orqali amalga oshirishingiz mumkin.

Onlayn murojaat jarayoni

Qatar vizasiga onlayn ravishda murojaat qilish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:

1. Onlayn ariza shaklini to‘ldiring va barcha tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qiling.

2. Viza to‘lovini debit yoki kredit karta (Visa yoki Mastercard) orqali to‘lang. Qatar onlayn vizasi uchun to‘lov 100 Qatar rialini (taxminan 27 AQSh dollari)  tashkil etadi.

3. Murojaat natijalarini elektron pochta orqali olasiz. Uni chop eting va o‘zingiz bilan birga Qatarga olib keling.

Qatar vizasini olish muddati, to‘lovlar va vizaning amal qilishi

Agar barcha hujjatlar va arizangiz bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasa, Qatar vizasi uchun arizalarni ko‘rib chiqish ko‘pi bilan 4 ish kunini o‘z ichiga oladi.

Qatar sayyohlik vizasi uchun to‘lov 100 Qatar rialini (27 AQSh dollari) tashkil etadi. Agar siz bilan birga hamrohlaringiz, masalan, oila a'zolaringiz bo‘lsa, ularning har biri uchun qo‘shimcha 50 Qatar riali (taxminan 13 AQSh dollari) miqdorida to‘lov olinadi.

Shu bilan birga, sizning viza arizangizni ko‘rib chiqayotgan kompaniya uchun qo‘shimcha xizmat haqi to‘lashingizga to‘g‘ri kelishi ham mumkin.

Qatar vizasi 30 kunlik muddatga va bir martalik kirish uchun beriladi. Viza muddatini Qatar ichkarisidan Ichki ishlar vazirligi orqali uzaytirish mumkin. Buning uchun vazirlik rasmiy veb-saytiga onlayn murojaat qilasiz. Keyingi bosqichlar quyidagicha amalga oshiriladi:

1) Xizmatga kirish uchun tegishli joylarga viza raqamingizni, pasport raqamingizni va ko‘rsatilgan xavfsizlik kodini kiriting.

2) Vizani qancha muddatga uzaytirishni tanlang.

3) Tegishli to‘lovni to‘lang.

Vizani 30 kunga uzaytirish uchun to‘lov 200 Qatar rialini tashkil qiladi.

Davlatbek Asadov,

UzbekLife kolumnisti

Mavzuga oid