Jahon | 16:11 / 26.07.2021
7995
2 daqiqa o‘qiladi

Tunisda armiya hukumat binosini qurshab oldi

25 iyul kuni Tunis prezidenti bosh vazir Hisham Mashishini iste'foga chiqargan, parlament ishini 30 kunga to‘xtatib qo‘ygan va deputatlarni daxlsizlikdan mahrum qilgandi.

Tunis milliy armiyasi bo‘linmalari hukumat binosiga kirishni to‘sib qo‘ydi. Bu haqda Mosaïque FM radiosi xabar berdi.

Xabar qilinishicha, harbiylar binoni qurshab olgan va ichkariga hech kimni kiritmayapti.

Tunis ichki ishlar vazirligi faoliyati mamlakat prezidenti xavfsizlik xizmati boshlig‘i Xolid al Yahyoviy tomonidan nazorat qilinishi aytilmoqda. Shorouk gazetasining xabariga ko‘ra, mamlakat prezidenti Kais Said ana shunday farmon chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, 25 iyul kuni Kais Said bosh vazir Hisham Mashishini iste'foga chiqarganini e'lon qildi. Prezident bunday qarorni hukumatga va 2011 yildan beri hokimiyatni egallab kelayotgan “An-Nahda” partiyasiga qarshi o‘tgan namoyishlardan keyin qabul qildi.

Tunis rahbari, shuningdek, parlament ishini 30 kunga to‘xtatib qo‘yishga qaror qildi va deputatlarni daxlsizlikdan mahrum qildi. U konstitutsiyaga ko‘ra, prezident parlamentni tarqatish huquqiga ega emasligini, biroq “muqarrar xavf” holatida uning faoliyatini to‘xtata olishini ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid